ShIShADA ChOʻKAYoTGAN UMR
“Toʻxtatishim kerak”, “Bugun toʻxtataman”, “Endi toʻxtatolmayman!..” Baʼzan mana shunday siltovlar bilan ichkilikka zoye boʻlayotgan umrlarni kuzata turib, oʻsha narsani yaratgan olim nima uchun oʻzini oʻldirganiga javob topganday boʻlaman.
Sogʻlom turmush tarziga rahna solayotgan, millionlab oilalarni buzib, ayrim gumrohlarning hayotiga zomin boʻlayotgan spirtli ichimlik afsuski, hayotimizdan tobora koʻproq oʻrin olayapti. Biz sogʻlom turmush tarzini qanday yaratish kerakligi va uning ahamiyati haqida ozmi-koʻpmi bilamiz. Bu yoʻnalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ham xabardormiz. Biroq ichkilikka ruju qoʻyish muammoning ildizi ekanligi haqida oʻylab koʻrmaymiz.
Bir narsa aniqki, hech bir inson onasining qornidan piyonista boʻlib tugʻilmaydi. Kimlardir toʻqlikdan, kimlardir yoʻqlikdan, ayrimlar esa, qandaydir dard yoki tashvishni unutib, kayf ummoniga gʻarq boʻlish uchun qadah koʻtaradi. Va alal-oqibat qadahlar shishalarga ulanib, qadah tutuvchi oʻsha “ummon”ga choʻkib gʻarq boʻladi. Agar ichkilik insonni gʻam-alamdan forigʻ etib, muammolarini hal etganida edi, bu dunyoda baxtsiz inson boʻlmagan boʻlardi. Alkogolizm kasalligining kelib chiqish sabablariga toʻxtalar ekanmiz, uning oqibatlari, soʻnggi manzili qayergacha borishini ham aytib oʻtish zarur.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dunyo miqyosdagi alkogol statistikasi boʻyicha har besh yilda bir marta ushbu muammoni keng tadqiq qiladi. Bu mavzu boʻyicha soʻnggi tahliliy hisobot 2014-yilda nashr etilgan. Statistika shunday deydi: alkogolizm umumiy qabul qilingan fikrlarga koʻra, maqomi, maʼlumoti va daromadi past boʻlgan ijtimoiy guruhlarga xosdir. Har yili dunyoda oʻrtacha hisobda oʻlimning 4 foizi spirtli ichimliklarni haddan tashqari koʻp isteʼmol qilish natijasida sodir boʻladi. Bu 2,5 mln. kishiga toʻgʻri keladi.
Baxtsiz hodisalar-29,6 foiz, onkologik kasalliklar-21,6 foiz, jigar tsirrozi-16,6 foiz, yurak qon-tomir kasalliklari-14 foiz, boshqa sabablar-18,2 foiz.
Alkogolli ichimliklar taʼsirida turli xil jinoyatlar sodir etiladi. Spirtli ichimliklarga qaram boʻlgan ota-onalardan koʻpincha nosogʻlom nasllar tugʻiladi. Ota-onalar ichkilikbozligining tarbiyaviy taʼsiri bolalar uchun juda salbiy va oilaning moddiy taʼminoti uchun ham zarardir. Ayniqsa, bu illat jamiyatning ravnaqiga salbiy taʼsir qiladi. Shukurki, biz ichkilikka mukkasidan ketgan xalq emasmiz. Bu, albatta, bizning milliy mentalitetimiz va insonparvarlik deb nomlangan ezgu fazilatlarimiz mevasi. Qadriyatlarimizda halol va harom degan tushunchalar chegarasi aniq belgilangan. Biroq afsuski, guruch kurmaksiz boʻlmagani kabi, oramizda Xudoga iltijo qabilidagi duosifat soʻzlardan foydalanib, qadah soʻzlari aytguvchilar, davralarda qadah tutgancha “Alloh uzoq umr bersin”, “sogʻliging uchun olamiz” deya tilak bildirguvchilar ham yoʻq emas. Naqadar maʼnaviyatsizlik: Spirtli ichimlikni isteʼmol qilib turib, mustahkam salomatlik tilash...
Ming shukronalar boʻlsinki, JSSTning alkogol ichimliklar isteʼmoli borasidagi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston eng oxirgi oʻrinlarning birini egallaydi. Biroq bu muammoga toʻlaligicha barham berildi, degani emas. Zero, yon-atrofimizdagi spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan doʻstimizni, yaqinimizni toʻgʻri yoʻlga, toʻgʻri hayotga qaytishiga koʻmaklashmas ekanmiz, jinoyatchilik, turli pastkashliklar bolalayveradi. Tibbiyot dalolat berishicha, spirtli ichimliklardan voz kechish mumkin. Buning asosiy sharti – shifokor tavsiyalaridan foydalanib, boʻsh vaqtning aniq jadvalini tuzish, spirtli ichimlik dozasini kamaytirish va asta-sekin nolga olib kelish zarur. Eng muhimi, ogʻir psixologik vaziyatlarda tushkunlikka tushmaslik lozim.
Ha, niyating – yoʻldoshing, deydi xalqimiz. Agar insonda eng avvalo sogʻlom, elda obroʻ-eʼtiborli boʻlib yashash, yaxshi ishlar qilish niyati boʻlsa, u hech qachon yoʻlidan adashmaydi, shishaga gʻarq boʻlmaydi.
Aziza MADRAHIMOVA,
QDU talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶