DOʻSTLIK MAHALLASIDA SUMALAK SAYILLARI BOShLANDI, BU - NAVROʻZDAN DARAK
Bahor faslining ajib tarovati, koʻngillarni yashnatib, qalblarga huzur-halovat baxsh etuvchi biri-biridan goʻzal bayramlari bor. Kuni-kecha 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan boshlangan shukuhli bayram tadbirlari bahorning xush taomi - sumalak sayillariga ulanib ketdi.
Darvoqe, sumalak! Bu taomning inson jismiga kuch-quvvat baxsh etuvchi xushboʻy taʼmidan ham muhimroq, azizroq jihati borki, bu – sumalakka shaylangan momolarimizning, yeng shimarib, tonggacha dahsar qozonlarga olov qalagan shijoatli yigitlarimizning, biri-biridan xushtabiat, pazanda kelin-u qizlarimizning ahil-u inoqligida, bir-biriga mehr-u oqibatida aks etgan va el-yurtni birlashtirguvchi qudratida namoyondir.
Uzun qish tunlarida bahorni orziqib kutgan momolarimiz allaqachon Navroʻz ayyomiga taraddudni boshlab yuborganlari-chi! Bugun tumanimizning qaysi goʻshasiga bormang, albatta, sumalak sayillariga oshno boʻlasiz. Qiz-u kelinchaklarni yonlariga olib, bobomeros qadriyatlarimizdan soʻz ochayotgan mana bu momolarimizning gʻayrat-u shijoatlariga tahsin aytmay ilojingiz yoʻq.
Mangʻit shahrining Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻini raisi Elmiraxon Ismoilova mahallaning har bir koʻchasida doshqozonlar qurib, sumalak saylini obod qilayotgan mahalladoshlaridan mamnun. Mahallaning “Chamanzor” koʻchasi ahlini birlashtirib, sumalak uchun bugʻdoy undirgan Habibaxon momo Yoʻldoshevaning himmatidan qoʻni-qoʻshnilarning kayfiyatlari baland. Bir tekis unib chiqqan bugʻdoy maysalari katta-katta togʻoralarga solinib, Ozodboy ogʻa Yangiboyevning xonadonida doshqozon oʻrnatildi. Rafiqasi Dilfuzaxon aya Eshimbetova qoʻni-qoʻshnilari, dugonalari va Qurbonoy momo Kamolova, Tursunoy opa Bobojonova hamda Rozajon ayalarni, mahallaning pazanda kelinlarini sumalakka chorladi. Hamjihatlik, oʻzaro mehr-oqibat, dillardagi samimiyat choʻgʻi barchaning qalbiga iliqlik, xushnudlik baxsh etdi. Momolar boshlagan ishga kelin-u qizlar kamarbasta boʻldilar. Biri olib, biri qoʻyib, lapar-u aytishuvlarga joʻr boʻlgan kelinlarga yigitlar yaqin koʻmakdosh boʻlishdi. Bugʻdoy maysalarini kelida tuyish, suv yetkazib berish, oʻtin yorish yumushlari ham juda yengil koʻchganidan barcha mamnun, sumalak tayyorlashga kirishdilar. Biri-biridan chaqqon kelinlar Shirinoy, Sharofatxon, Malohatxon, Zaynabxon, Gulnozaxon hammadan asal tilli Sharofatxon, Dilbarxon-u mahallaning yana bir sharofatli kelini Sharofatxonlar barcha yumushni badastir ado etishdi.
Ozodboy ogʻa boshchiligidagi epchil va chaqqon yigitlar Bahrom, Mansur, Ixtiyor, Eldorbek va Kenjaboylar oʻtin yorish bahsida biri-biridan qolishmadilar.
Sumalak qaynab, rangi tiniqlashgan sari goʻyo koʻngillar ham tozardi, onaxonlar va kelin-u qizlar qalbida kuy-qoʻshiqqa moyillik uygʻondi. Buni qarangki, sozanda-yu goʻyanda ham oʻzlaridan chiqdi. Murodjon ogʻa Eshmonov rubob chaldi, nevarasi Valijon bobosiga joʻr boʻldi. Kuy-qoʻshiq sehriga hamohang qaynayotgan sumalak hidi olamga taraldi. Hamma xursand, hamma tungi bedorlikni, charchoqni unutdi. Doʻstlik mahallasi fuqarolar yigʻini raisi Elmiraxon Ismoilova mahalla ahlining mehr-oqibatidan mamnun boʻlib, keksa onaxon Qurbonoy momoning boshiga roʻmol tashladi. Momo esa qoʻllarini duoga ochib, mahalla yoshlariga barkamollik, el-yurtga ogʻizbirchilik hamda omonlik, Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik tiladi.
Mehr va samimiyat choʻgʻida ollanib pishgan sumalak dasturxonlarga tortilganida butun Doʻstlik mahallasiga sumalakning xushboʻy ifori taraldi.
Shu kuni mahallaning Nizomiy nomli koʻchasi aholisi ham Navroʻz bayrami arafasida tonggi dasturxonlariga qaynoqqina sumalak tortdilar. Mahallaning Doʻstlik koʻchasidagi yosh kelinlar va yigit-qizlar, nuroniy otaxon va onaxonlar boshchiligida doshqozon oʻrnatib, sumalak saylini boshlab yubordilar.
Bugun Doʻstlik mahallasining qay bir koʻchasiga bormang, aholining birdamligiga, xursandlik bilan sumalak saylini boshlayotganiga guvoh boʻlasiz. Zero, amudaryoliklar qalbini bir maqsad yoʻlida birlashtirib, yangi dehqonchilik yili boshlanadigan qutlugʻ kun – Navroʻzi olam tantanalari, avvalo keksalar duosi bilan ana shunday samimiyat qulf urgan sumadak sayillaridan boshlanadi. Bu – kelayotgan yangi dehqonchilik yili – Navroʻzi olamning elga baxsh etguvchi barakasi, ulugʻ nasibasidan darak. Xushboʻy, shirin sumalaklar pishirgan momolarimizning duolari ijobat boʻlmogʻiga ishora.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶