22-SONLI MAKTAB HUDUDIDA “YoShLAR BOGʻI” BARPO ETILDI
Choykoʻl ovulida “Yurtimizni bogʻ-rogʻlarga burkaymiz!” shiori ostida bahorgi koʻkalamzorlashtirish ishlari allaqachon boshlanib ketdi. Ovul hududidagi mahallalar faollari, nuroniy otaxonlar boshchiligida koʻcha boʻylari obodonlashtirilib, aholi tomorqalariga mevali daraxtlar koʻchatlari hamda ertangi sabzavotlar ekishga kirishildi. Ayniqsa, guzar yoʻllar, koʻchalar boʻylaridagi ariqlar tozalanib, mahalliy oq terak, boʻy terak, qoramon, oq tol va shoʻrga chidamli jiyda daraxti qalamchalari ekilmoqda. Bu ishlarda yoshlarning ham faol ishtirok etayotgani, ularda kelajakka daxldorlik tuygʻusini kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
Koʻklamning ilk kunlaridanoq ovul hududidagi 22-sonli umumtaʼlim maktabi yaqinida joylashgan 90 sotixlik qarovsiz yerda ham “Yoshlar bogʻi”ni barpo etishga kirishildi. Yangidan bunyod etilayotgan “Yoshlar bogʻi”ga ilk koʻchat oʻtqazish ishlarini boshlashdan oldin 22-sonli umumtaʼlim maktabining faxriy oʻqituvchilari – keksa ustoz-otaxonlar Quvvat Yusupov hamda Begmurod Shomurodovlar oq fotiha berdilar.
Shundan soʻng, bogʻ uchun moʻljallangan maydonga mevali daraxt koʻchatlari ekishga kirishildi. Koʻchat ekish ishlarida Choykoʻl ovul fuqarolar yigʻini raisi Yaxshimurod Ahmedov, 22-sonli maktabning sobiq oʻquvchisi, taniqli shifokor Muhammadjon Norboyev, ovul faollaridan Komiljon Matqurbonov, Nurulla Rahimov va fuqarolar yigʻini mutaxassisi Saylixon Murodboyevlar bosh-qosh boʻldilar.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yangi bogʻ uchun moʻljallangan yerni koʻchat ekishga tayyorlash, zarur texnika vositalari bilan taʼminlash, mevali daraxt koʻchatlarini yetkazib berish hamda barcha ishlarni risoladagiday tashkillashtirishda 22-sonli maktabning sobiq oʻquvchisi “Yoʻldoshev Anvar” fermer xoʻjaligi rahbari Anvar Yoʻldoshevning koʻrsatgan begʻaraz yordami katta boʻldi. Anvar Yoʻldoshevning saʼy-harakatlari bilan 300 tup sarhil nok koʻchatlari keltirilib, shu kunning oʻzida sifatli oʻtqazildi.
Shu kuni oʻtqazilgan koʻchatlarning tuproqqa ildiz qoʻyib, rivojlanishi va zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻladigan barcha ishlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, bogʻning yer maydoniga suv keltirish uchun zarur boʻlgan ariqlar qazildi, avvaldan mavjud boʻlgan suv yoʻllari tozalanib, atrof-muhit obodonlashtirildi.
Oldin ham 22-sonli maktabning agromaydoni sifatida parvarish qilingan ushbu bogʻda olma, oʻrik, uzum, olcha, behi kabi mevali daraxtlardan yaxshigina hosil olinardi. Har yili 1-sentyabrda mevalar terilib, oʻquvchilar uchun maktab hovlisida mevalar sayli tashkil qilinardi. Keyinchalik suvsizlik va qarovsizlikdan, qolaversa, daraxtlarga vaqtida shakl berilmaganidan bogʻ qurib qoldi. Endilikda bu yerda yanada yaxshiroq yangi bogʻ bunyod boʻlayotgani ovuldagi katta-kichikni juda quvontirdi. Bu ishga katta hissa qoʻshgan Anvar Yoʻldoshevdan ham, albatta, juda minnatdor boʻlishdi.
Haqiqatan ham, eʼtibor qilinmasa, shovullab turgan soylar suvi tortiladi, quriydi. 22-sonli maktab uchun yangidan, zamonaviy bino qurildi, eski maktab binosi oʻrni tekislab tashlandi, shu bilan maktabning agromaydoni ham qarovsiz qolgandi. Bugungi avlodlar oʻzlarining tarixiy oʻzanlariga qaytib, bobomeros qadriyatlari qadrini baland tutmoqdalar.
Bogʻ yaratish ham eng xayrli, eng qadimiy qadriyatdir. Keksalar duosi va yoshlar gʻayrat-shijoati bilan eski bogʻ maydoni oʻrnida yangi “Yoshlar bogʻi” bunyod etildi. Yoshlarning oʻzlari bunyod etgan bu mevazor bogʻ mustaqillik bogʻlaridan biri sifatida uzoq yillar gurkirab, meva beraveradi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶