Maktabgacha taʼlim tashkilotida sumalak sayli oʻtkazildi
Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham bahorning ilk bayrami Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlandi. Barcha ovul, mahallalarda, mehnat jamoalarida bayram munosabati bilan tadbirlar oʻtkazilib, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Aslida navbahor ila qadam baqadam kirib keluvchi ushbu ayyom yurtimizda bayramlar faslini ham boshlab beradi. Azaldan ham koʻklamga yetishgan xalq oʻz xursandchiligini turli udumlar bilan uygʻunlashib ketgan tadbirlar orqali ifoda etib keladi. Ayniqsa, Navroʻzni rizq va barakadan, yangilanish va yosharishdan nishona deb katta tantana bilan kutib olib, xursandchilik qilishadi.
Ha, mehribon va munis, farzandi baxti-kamoli yoʻlida har qancha zahmatlar cheksa-da, zarracha ogʻrinmaydigan fidoyi va sabotli muhtarama ayol-qizlar bayrami tantanalari hali davom etayotgan bir vaqtda xalqimizning asrlar osha yashab, bizgacha yetib kelgan milliy bayrami – Navroʻzi olamni munosib nishonlash uchun tadoriklar boshlanib ketdi.
Mangʻit shahrida faoliyat koʻrsatayotgan 40-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti mehnat jamoasi bayram oldidan Navroʻzning shoh taomi - sumalak saylini tashkil etishdi.
Tadbir yakshanba kuni tashkillashtirildi va unga tashkilotning butun mehnat jamoasidan tashqari uzoq yillar shu yerda mehnat qilib, yoshga doir pensiyaga chiqqan, oilasi bagʻrida dam olayotgan mehnat faxriylari ham taklif qilindi.
Bugungi kunda ushbu tashkilotda 150 nafar bolajonlar taʼlim-tarbiya olishmoqda. Shuningdek, 4 ta qisqa muddatli maktabga tayyorlov guruhi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning yaxshi taʼlim-tarbiya olib, maktab taʼlimiga sifatli tayyorlanishi uchun 16 nafar pedagog xodimlar sidqidildan harakat qilishmoqda. Maktabgacha taʼlim tizimiga joriy etilayotgan yangiliklar, faol metodlarni targʻib etishga bagʻishlangan turli seminar-treninglar, malaka oshirishga bagʻishlangan namunaviy ochiq darslar koʻpincha shu tashkilotda oʻtkazilishi ham bejiz emas. Chunki kasbiy koʻrik-tanlovlarda mazkur tashkilot tarbiyachilari muvaffaqiyatli qatnashib kelishmoqda, bolajonlar tumanda oʻtkaziladigan umumxalq bayramlarida doimo musiqiy dasturi bilan ishtirok etishib, eʼtibor qozonishmoqda.
Taʼlim-tarbiya bilan uzviy ravishda olib borilayotgan turli sport, musiqa, ingliz tili toʻgaraklari bolajonlarning iqtidori tobora yuksalishini taʼminlayapti.
Tashkilotdagi sumalak sayli xodimlar, mehmonlar uchun oʻziga xos madaniy hordiq chiqarish kuni boʻldi, desak xato boʻlmas. Bir maromda qaynayotgan sumalak doshqozoni atrofida oʻyin-kulgular, hatto qaynoq mehnat jarayoni ham koʻngillarda ezgu hislarni uygʻotdi. Faxriylar bilan suhbat asnosida, ularning maslahatlariga koʻra, sumalak qaynatish jarayoni, toʻkin dasturxon atrofidagi oʻyin-kulgular koʻngillarda oʻchmas taassurotlar qoldirdi. Oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini yana ham mustahkamladi.
Ertasiga ertalab maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga birin-ketin sumalak ulashishganida bolajonlarning quvonchini hech narsaga qiyoslab boʻlmasdi.
Ha, 40-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida totli taom – sumalak sayli ana shunday oʻchmas taassurotlarga boy boʻldi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶