HAP LAHZASI BIP YILGA APZIGULIK DAM BUGUN!
(Publitsistika)
Xotira – insoniyatning bebaho maʼnaviy davlatidir. Shu bilan birga xotira – xalqlarning salomatligi, ilm-maʼrifati, madaniyat tarzi, taraqqiyoti va kelajagini ham belgilovchi betimsol qadriyat ham. Chunki sogʻlom tafakkur egalarigina xalq va millat kechmishini davrdan-davrga olib oʻtadilar, ilm nuri ila ziynatlab, avlodlarga armugʻon etadilar. Shuning uchun ham xotira – muqaddas tuygʻu. Ana shu tuygʻu bizga oʻzlikni anglashni oʻrgatadi, oʻz oʻzanimizda mustahkam yashamoq ruhini singdiradi qalblarimizga.
Oʻz oʻzanimizda mustahkam yashamoq! Bu shunchaki, oddiy soʻzlar emas, balki millat va xalq qadr-qimmatini baland tutguvchi ulugʻ tushunchadir. Uning zamirida xalq zakosi ila bunyod boʻlgan tengsiz, bebaho maʼnaviyat sarchashmalari bor. Navroʻz – ana shunday serjilva, bebaho sarchashma! Uning yoshi qancha? Xalq hayotiga ajib tarovat baxsh etgan lahzalari qay kundan boshlangan? Betakror jilvalari, bahoriy anʼanalari, ellarni, xalqlarni birlashtirguvchi qudrati qay mezonlardan kuch olgan? Bu haqda olim-u ulamolar, fazli buyuklar necha asrki, fikr aytib oʻtdilar va hamon aytmoqdalar.
Olim-u fuzalolar aytadilar:
– Navroʻzning yoshi ikki ming yildan ziyod...
Ahli fazllar, ulamo-yu karomlar deydilar:
– Navroʻzning yoshi Hazrati Odam ila tengdir...
Balki shundaydir. XXI asrga kelib, Navroʻzning yoshini ehtimoliy bashorat qildilar:
– Navroʻz – 5000 yillik tarixga ega!
Ana, koʻrdingizmi? Agar ushbu fikrlar tarixiy dalil boʻlsa, Navroʻz – Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, bizning xalqimiz uchun oʻta bebaho maʼnaviy davlat! Shuning uchun ham xalqimiz xotirasidagi bu buyuk maʼnaviy davlatni necha marta oʻchirmoqqa urinishlar besamar ketdi.
Tazyiqlar, taqiqlar – barchasi bekor,
Xotirada qoldi Navroʻz abadiy.
Har bahor kelganda takror-u takror,
Gullarga burkandi dala-dasht, vodiy.
Navroʻz bilan bogʻliq anʼana-yu urf-odatlarga necha bor “oʻt ochildi” – bu maʼnaviy yodgorliklar oʻlmadi. Bir hovuch mutaassiblar (oʻtgan asrning 1985-90-yillarida) Navroʻzni diniy bayram deb mahv etdilar, hatto uning nomini oʻzgartirishga urindilar – Navroʻz koʻngillardan-koʻngillarga, xotiralardan-xotiralarga buyuk, bebaho davlat boʻlib koʻchaverdi. Zulmatlar bagʻrini yoritgan nur kabi eng chekka, koʻrimsiz kulbalarga ham sizib kiraverdi. Navroʻz kirib borgan kulbalar dunyoday keng boʻldi, koʻngillar yashnab, yaratish ishqiga toʻldi. Navroʻz haqida soʻz aytishdan tillar mahrum etilganda xalqning qoʻlidagi sozlar soʻzladi. Bir sozki, uning ohangi ellardan-ellarga oqib boraverdi. Bu ohanglarga joʻr boʻlib, yanada joʻshqin kuylar jarangi samolarni quchdi – Mustaqillik!
Moziylardan sado keldi: togʻlar bizga padardur,
Momo Havo yangligʻ aziz bogʻlar bizga modardur.
Quchoqlari gulzor Vatan – Zamin bizga poydordur,
Tohirlari jon saqlagan ul daryo-yu soylardur,
Istiqlolga payvand-u band, mangu navqiron Navroʻz!
Ana shunda Navroʻzona soʻzlardan tiyilib turgan tillar soʻzladi.
– Ehe-hey! Navroʻz keldi!
Navroʻz – mustaqillik bilan yana qayta tugʻildi. Xuddi olovga tashlangan afsonaviy Qaqnus kabi! 5000 yillik bebaho maʼnaviy davlat istiqlol yurtiga ziynat bagʻishladi. Uni xalqdan, xalqni Navroʻzdan ayirish mumkinmi? Aslo!
Xotiramda bolalikning ajib lahzalari boʻy tiklaydi: bolorlari mustahkam hovli, shoxlari samo bilan boʻylashgan gujum, gujum shoxasiga osilgan halinchak. Sal narida yeroʻchoq tepasiga kigiz toʻshab, biqirlab qaynayotgan sumalakni kovlayotgan momolar – Karima enam, Oʻtabika, Guljon ammalar, Shukur momo, Pariza, Pabigʻa, Xoljon momolar, keli tuygan kelinlarga koʻmakdosh navqiron yigitlar, oppoq soqolli bobolar bolalarga parvona, “hay-yu”lab halinchaklarni tebratadilar. Momolar oʻlan aytadi, kelinlar joʻr boʻladi. Tongda ahli ovul jam boʻlishib sumalakning ustini ochadilar. Eng avval oilasiga musibat yetganlar yoʻqlanadi, bemor insonlarga sumalaklar tortiq qilinadi...
Oradan yillar oʻtib ketdi. Kelinlar nuroniy momo, alp yigitlar bobo boʻldilar. Halinchakda uchgan bolalarning ham koʻpi nevara koʻrdilar. Insonlarning qad-kelbati, turmush tarzi oʻzgardi, lekin Navroʻzona bebaho qadriyatlar hamon oʻshaoʻsha. Hamon ahli ovul jam boʻlib, bir-birini sumalakka chorlaydilar, yoshi ulugʻlar mehr bilan bugʻdoy ivitib, nish urgach, kelinlar, alp yigitlar keli tuymoqqa shaylanadilar. Oʻlanlar aytiladi, rivoyatlar, Navroʻzona xotiralar tilga kiradi. Hamma quvongan, hammaning chehrasi gulgun. Oʻrtada oqibat, samimiyat qulf uradi.
Yurtimizda Navroʻz har gal shunday sohir anʼanalari, quvonchlari bilan fayz-u barokat faslini – mehnat bayramini boshlab kelaveradi. Yilning boshqa fasllarida oʻzgarishlarni kuzatish oʻziga xos zavqli. Lekin Navroʻzning tashrifi tamoman oʻzgacha: dehqonning qalbi dalasini qoʻmsaydi. Bepoyon tutzorlar oralayotgan pillakorning koʻzlarida kamalak ranglari jilvalanadi.
Voajab! Bogʻlarda boshlangan sabolar bazmiga koʻngillarning ne bogʻliqligi bor? Judayam borda! Gullar atridan mast koʻngilni diydor ishqi mahv etadi bu damlar. Arazli qalblarda mehr uygʻonadi, ellar, elatlar, millatlar bir-birlariga gul tutadilar Navroʻzda!
Necha kunki, azim Qilichboydan Nazarxon-u Jumurtovgacha, Qangli-yu Qipchoqdan Boʻzyop ovullarigacha bepoyon dalalar bagʻrida, uygʻonayotgan bogʻ-u rogʻlarda ajib tarovat hokim. Mehnat ayyomi boshlanayotir Amudaryoda! Axir Navroʻz keldi, ahli ashʼor oʻz soʻzini aytdi:
Har lahzasi bir yilga arzigulik dam bugun,
Doʻstlar, na xush ayyom bu, Navroʻzi olam bugun!
Azim Qilichboyning Toshqalʼa mahallasidan Mangʻitga enib kelgan Fotimajon enaning shijoatini koʻring:
– Toshqalʼada sumalak pishdi, tatib koʻrchi, qaynoqqina!
Onaxonning qalbiday qaynoq sumalakning hididan dilim tozardi, tatib koʻrdim, jismim quvvat oldi goʻyo.
– Tomorqada ish qizigan, bolalarga boshchi kerak, ketayin, – onaxon shiringina, yoqimligina duo qiladilar. – Kelgusi yil Navroʻziga ham omon yetaylik, el-yurt tinch boʻlsin!
Eʼzozdagi keksalari qalbiga shijoat solgan bebaho davlatim – Navroʻzim-yey! Bunchalar sevimli boʻlmasang, navqiron ayyom!
U inson qalbida gupirgan tugʻyon,
Ona Yer koʻksiga sochilgan rizq, roʻz.
Yurak va Zaminni aylagan oshyon –
Xotira koʻshkida navqiron Navroʻz!
Yillar, zamonlar aylanaveradi. Avlodlar yangi, dunyoqarashlar yangi boʻlaveradi. Lekin qadim va hamisha navqiron Navroʻz – yoshlik, shijoat, nasiba va rizq-roʻz, buyuk evrilishlar sari boshlovchi Yangi Kun boʻlib qolaveradi. Har gal Quyosh Hamal burjiga kirgan lahzalarda olam Navroʻzi Vatanga yashil sepini yoyib, gul-u rayhonlar atrini taratib kelaveradi. Har gal yanada yashargan olam Navroʻzi ziyobaxsh nurlari ila qalblarga quvonch ulashaveradi. Zotan, Navroʻz – xalqimiz, Yangi Oʻzbekiston uchun hamisha Yangi kun – yanada ulugʻ rizq-roʻz, nasiba tomon ochilgan yoʻldir. Yangi kun muborak, azizlar!
Pobiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶