Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi
Akademik Saidov Muxtor Safarbayevich
Fizik kimyo va yarimoʻtkazgichlar fizikasi sohasidagi taniqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Saidov Muxtor Safarbayevich shu yil 20-mart kuni 89 yoshida vafot etdi.
M.Saidov 1930-yil 21-noyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Mangʻit shahrida tugʻildi. 1951-yilda Xorazm davlat pedagogika institutini tugatib, 1951-1954-yillarda Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil oldi. 1954-yilda nomzodlik, 1970-yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 1984-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
M.Saidov oʻz mehnat faoliyatini 1954-yili Xorazm davlat pedagogika institutida katta oʻqituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida kafedra mudiri lavozimida ishladi. Mehnat faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor oʻrinbosari, Elektronika institutining direktori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumi Fizika-matematika boʻlimining akademik-kotibi, “Oʻzgeliotexnika” markazi rahbari kabi masʼul vazifalarda samarali xizmat qildi.
Zahmatkash olimning yarimoʻtkazgichlar texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan koʻplab maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligiga yaxshi maʼlum. Uning bir qator ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlarida muvaffaqiyatli qoʻllanib kelmoqda.
Jonkuyar ustoz, mohir pedagogning bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik M.Saidovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Muxtor Saidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, M.Yerniyazov, B.Yoʻldoshev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶