Bahoroy va Dehqonboboning tashrifiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi
“Yashil Oʻzbekiston – yashil mahallam!” shiori ostida 11-sonli maktabning Beshtom mahallasidagi joylashgan filialidan boshlangan tadbir maktabning asosiy binosida ham oʻtkazildi.
14-mart kuni maktabning Qipchoq shaharchasidagi asosiy binosida yanada joʻshqinlik bilan davom etdi. Shu kuni maktab hovlisi bayramona bezatildi. Yoshlar hayotini davr bilan hamohang tarzda oʻzgartirib, ezguliklar baxsh etgan 5 ta muhim tashabbus doirasida maktab oʻquvchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni oʻzida aks ettirgan koʻrgazma tashkil etildi. Koʻrgazmadan oʻquvchilarning sportda, sanʼat va axborot texnologiyalari kitobxonlik hamda kasb-hunar egallash yoʻnalishlarida erishgan yutuqlari joy oldi.
Tadbirni Navroʻzni sogʻingan xalqimizga quvonch va shodlik baxsh etuvchi jarchining chorlovi boshlab berdi. Hayajonga toʻla daqiqalarda jarchining chorlovi bilan davraga kirib kelgan Bahoroy va Dehqonboboning tashrifidan barcha xursand boʻlib, ona Vatanimizga kirib kelayotgan yashnash va yasharish, gullash fasli Navroʻz – yangi kun bilan bir-birlarini muborakbod etdilar.
Bayram tadbirida Qipchoq shaharchasi fuqarolar yigʻini raisi Nuraddin Xolboyev, maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Munavvar Joʻldasova, rus tili va adabiyoti boʻyicha fanlar olimpiadasining tuman gʻolibi Sevinch Oqmonovalar soʻzga chiqishib, barchani bayram bilan qizgʻin tabrikladilar.
Navroʻz – rizq-roʻz, nasiba, ozod mehnat, yaratish ayyomi ekanligini ifodalovchi kuy-qoʻshiqlar yangrab, davraga 2-sinf oʻquvchilari “Non yopganda mening oyim” ashulasi bilan kirib kelishganida goʻyo bayram ishtirokchilari ona zaminda yetilgan aziz neʼmat – bugʻdoy uni va xushboʻy issiq non hidini his etdilar.
Shundan soʻng, 11-sinf oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan beshik toʻyi marosimi namoyish etildi. Beshik toʻyiga 7-sinf oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan “Qamchi bos!” qoʻshigʻi, “Binafsha” raqsi, 8-sinf oʻquvchi-qizlari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan “Navroʻz” ashulasi ulanib, bayramga ajib ruh bagʻishladi.
Bayram tadbiri biri-biridan dilkash ashula va raqslar, sahna koʻrinishlari bilan davom etdi. Ayniqsa, 10-sinf qizlari talqinidagi “Lazgi afsonasi” kompozitsiyasi barchada Xorazm raqs sanʼatiga nisbatan mehr-muhabbat tuygʻularini uygʻotdi.
Bayram tadbirida oʻquvchilar tomonidan ijro etilgan barcha kuy va qoʻshiqlar, sahna koʻrinishlari, Navroʻz tarixi haqidagi sheʼriy kompozitsiya oʻzining qalblarga yaqinligi, bobomeros udumlar, maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlarni toʻla aks ettirgani bilan davraga yanada fayz bagʻishladi.
Tadbir davomida maktab kutubxonachisi Mehribon Yoʻldosheva rahbarligida zukko kitobxonlar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishi ham namoyish etilib, yoshlarni kitobxonlikka davʼat etuvchi sheʼrlar, buyuk yozuvchilarning asarlaridan iqtiboslar jarangladi.
Shu kuni bu yerda ham birgalikda bayram dasturxoniga “Navroʻz goʻja” tayyorlanib, barchaga tortiq qilindi. Hamjihatlikda maktab atrofi obodonlashtirildi, gul va daraxt koʻchatlari, mahalliy daraxtlardan qalamchalar ekildi.
“Yashil Oʻzbekiston – yashil mahallam!” shiori ostida olib borilgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida oʻquvchi-yoshlar va ularning ota-onalari ham faol ishtirok etdilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶