INSONNING QANDAYLIGI EL BOShIGA TAShVISh TUShGANIDA BILINADI
Inson Alloh tomonidan shunday goʻzal xilqat qilib yaratilganki, uning taʼrifini keltirmoqqa til ojizlik qiladi. Insonning imkoniyatlari, aql-zakovati, mehr-shafoati va oqibati naqadar tahsinga munosib. Lekin bu fazilatlar hamma insonlarga ham xosmi? Gap mana shunda, azizlar.
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni qamrab ola boshlagach, uning sharpasi Oʻzbekistonimizga ham kirib keldi. Kimdir vahimaga tushdi, kimdir oʻziga, xalqiga gʻamxoʻrlik qilayotgan Prezidentimizga ishondi, imonda sobit boʻlib, shukrona qildi, kun-u tun Allohdan najot soʻradi. Lekin ayrim toifa insonlar insof, imon, diyonatni unutib, biri olib sotarlik qilsa, yana biri firibgarlik yoʻliga oʻtdi. Shuni aytsalar kerak-da,el boshiga ish tushsa, elim, deganlar saylanadi, deb.
Haqiqatan ham elim, degan mardlar bugun maydonda. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga ana shunday mard-u maydon saxovatpesha insonlar tomonidan bir kunda 5 mlrd. soʻm mablagʻ yigʻilganini eshitib, xalqimizning bu insoniy xislatidan koʻzlarimga yosh keldi.
18-martdan boshlab, barcha talaba-yoshlarga taʼtil berildi. OTMlar, maktablar, hatto masjidlar yopildi. Qachon yurtimizda oʻquv dargohlari yopilgan? Qachon masjidlar yopilgan? Bugun uyimiz – darsxona, uyimiz – masjid, onalarimiz, pir-u badavlatlarimiz joynamozga koʻzda yosh bilan bosh qoʻymoqdalar. Nima uchun? Allohdan elga, xalqqa najot soʻrab!
Qizlarim Toshkent shahrida, oliygohda oʻqishadi. Men ham ular uchun duoda boʻldim. Toshkentdan eson-omon bagʻrimizga qaytishini tiladim. Ming shukr, ular hozir oilam bagʻrida sogʻ-salomat. Lekin talabalarga taʼtil berilgan kunlari ularning Mangʻit shahriga qaytishlari qanchalik qiyin kechganini eslasam, yuragim ogʻriydi. Har kuni televizor orqali Xorazm va Qoraqalpogʻistondan tashqari barcha viloyatlardan Toshkentga kelib taʼlim olayotgan talabalarni yurtdosh-hamqishloqlari, hatto viloyatlar mutasaddilari tashabbus koʻrsatishib, uylariga bepul yetkazib qoʻyishdi. Qiyin vaziyatda buyam bir mardlik, jasorat. Lekin bizning mangʻitlik kirakashlardan biron bir insoflisi chiqib:
- Hay, birodarlar, kelinglar, yoʻl haqini koʻtarmaylik, avvalgiday 150 ming soʻmdan olaveraylik, - deyishmadi.
Aksincha, bir kunda 150 ming soʻmlik yoʻl haqini 450 ming soʻmga, keyinchalik 800 ming soʻmga koʻtarishdi. Ikki-uch emas, 5 baravardan ham oshirib yuborishdi “uchar” kirakashlar. Bunday holatni Mangʻit-Nukus, Mangʻit-Urganch yoʻnalishlarida ham kuzatdik. Ayrim talabalar bir qadam joydagi Nukus shahridan 50-60 ming soʻm bilan qaytishdi oʻsha kunlari. Sal insof ham kerak-da, kelib-kelib talabaning choʻntagiga koʻz tikasanmi, nomard, deging keladi.
Bu kunlar bir sinov, azizlar. Baʼzan oʻylab qolaman: pulni quvib kim oʻzini bozorga urdi, kecha-kunduz tinmay uzoq shaharlarga mol uchun qatnadi, oilani, bola-chaqasini yaqinlariga tashlab, faqat pul topishning izmida boʻlgan insonlar son-sanoqsiz. Alloh sinov yuborib, odamlarni oilasi bagʻriga qaytardimikan?
Ancha yillar oldin 2-sinf oʻquvchilariga rus tilidan dars oʻtdim. “Moya semya” (“Mening oilam”) mavzusida bayon yozishni uyga vazifa qilib topshirdim. Shunda jajji bolajonlar oilasi haqida tanishtirish asnosida “dadam, onam Qozogʻistonda yoki Rossiyada ishlashadi” deb yozishgandi. Ular buvi, bobo yoki amma-xolalarinikida qolishgandi. Bu juda achinardi holat. Bolalar mehrga zor oʻsishayotgandi. Oʻsha oʻquvchilarimning koʻpchiligi ota-onasiga mehrsiz ekanligini eslasam, Alloh biz kattalarni jazolayotgani yoʻqmikan, deb oʻylayman.
Bugun hammamiz uydamiz. Bir dasturxon atrofida, ota bolaning, bola ota-onasining koʻziga, yuziga boqib, biri-birining mehr taftini his etib, sabr qilib kunlarni oʻtkazayapmiz. Insof bilan aytganda, Allohning imtihonidan oʻtayotirmiz. Bu sinovli kunlar hali ortda qoladi, yana bir-birimizga quchoq ochib bayramlar, toʻy-tomoshalarga jamlashib chiqamiz. Mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga oʻz hissamizni qoʻshamiz.
Istagim shuki, ayni ogʻir vaziyatlarda bir-birimizga yelkadosh boʻlib, har qachongidan ham mehrliroq, imonli, diyonatli boʻlaylik. Hukumatimiz tomonidan qoʻyilayotgan taʼqiqlarga eʼtiborli boʻlib, karantin qoidalariga amal qilaylik, azizlar. Uyda qolib, biz uchun, aziz farzandlarimiz kelajagi uchun tun-u kun fidoyilik qilayotgan, ayni paytda ishda boʻlgan shifokorlar, baʼzi soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlaylik!
Nasiba AHMEDOVA, 36-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶