Sektor rahbarlari ehtiyojmand oilalarga chorva mollari tarqatdi
Mamlakatimizda hozirgi pandemiya sharoitida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hududlarda vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va ehtiyoj uchun zarur boʻlgan boshqa mahsulotlar bilan taʼminlash koʻlamini yanada kengaytirish, shunday ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining yashash sharoitlari yaxshilanishiga yordam koʻrsatish borasida qator samarali ishlar qilinmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar fikrimizning dalilidir.
Butun yurtimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham ushbu xayrli tashabbus doirasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Mutasaddi rahbarlar joylardagi kam taʼminlangan, pandemiya sharoitida ishsiz qolgan, ehtiyojmand oilalarni aniqlab, ularga har tomonlama yordam qoʻlini choʻzmoqda. Xususan, shu maqsadda 7-may kuni toʻrtta sektor hududidagi yordamga muhtoj oilalar aniqlanib, ushbu oilalarga chorva mollari tarqatildi.
Jumladan, 1-sektor hududidagi Toʻlqin, Choykoʻl, Bosuv ovullarida yashovchi 3 ta ehtiyojmand oilalarga homiy tashkilotlar – “Toʻlqinli Ismoil chorvador” fermer xoʻjaligi, “Soatov Otabek” agrofirmasi hamda “Avazbek Gʻayrat” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami 11 mln. soʻmlik oʻn besh bosh echki, 2 bosh qoramol yordam tariqasida berildi.
Ana shunday saxovat va koʻmak 2-sektor hududida yashovchi 7 ta yordamga muhtoj oilalarga ham koʻrsatildi. Sektor hududidagi Oʻrta qalʼa va Amir Temur nomli ovullar, Bogʻ, Besh ovul, Yuqori qishloq, Yangiobod, Farovon mahallalaridagi kam taʼminlangan oilalar aniqlanib, ularga biriktirilgan homiy korxona-tashkilotlar oʻzlarining himmat va saxovat qoʻlini choʻzdilar. Xususan, “Oʻrtaqalʼa chorvadori”, “Qilichboy sutbuloq”, “Oʻrazimbetova Shahnoza”, “Siroj Vafayev” agrofirmalari, “Elmurot Dilshodbek Nurbek” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “Xoʻjakoʻl” fermer xoʻjaligi va “Amir Temur chorvadori” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami 31 mln. soʻmlik, 6 bosh qoramol va 1 bosh buzogʻi bilan sogʻin sigir hududlardagi 7 ta ehtiyojmand oilalarga yordam sifatida berildi.
Shuningdek, bu kabi xayrli ish 3- va 4-sektor hududlarida ham amalga oshirildi. Hududlardagi Qizilcholi, Tosh yop mahallalarida hamda Qanli ovuli va Qum yop mahallalarida istiqomat qiluvchi 4 ta kam taʼminlangan oilalarga homiylar “Gaipov Otabek” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “Artikov Farhod”, “Saparboyev Muzaffar”, “Yeshmuratov Sultonmurod” fermer xoʻjaliklari tomonidan jami 12 mln. soʻmlik 4 bosh qoramol koʻmak tariqasida berildi.
Taʼkidlash kerakki, yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida, eng avvalo, inson omili, yurtdoshlarimiz manfaati yotganining yana bir bor amaliy isboti boʻldi.
Bugungi sinovli kunlarda mushkul ahvolda qolgan oila va fuqarolarni oʻz muammolari qurshovida yolgʻiz tashlab qoʻymaslikka, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, doimo davlatimiz va jamiyatimizning eʼtiborini his qilib turishini taʼminlashga undovchi, mamlakatimizning bunga qodirligini koʻrsatuvchi, yaxshi kunlarda ham, bugungiday ogʻir kunlarda ham butun xalqimiz bir boʻlib, murakkab ahvolda qolgan vatandoshimizning yonida turishga chaqiruvchi xayrli tashabbus boʻldi desak, aslo yanglishmaymiz.
Ch. Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶