Shaxs ishdan boʻshatilganida pensiya yoshiga toʻlmasdan ham imtiyozli pensiyaga chiqish mumkin
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasida har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunining 14-moddasiga muvofiq texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni, shtati yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi, korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga muddatidan oldin pensiya tayinlanishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Bunda ayrim shartlar yaʼni, erkaklar 58 yoshdan kichik boʻlmasligi va kamida 25-yil ish stajiga ega boʻlishi kerak, ayollar – 53 yoshda va 20-yil ish stajiga ega boʻlishi lozim.
Bundan tashqari, ishsiz deb eʼtirof etilishi uchun, “Alohida asoslarga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 6-bandiga koʻra ishdan ozod etilgan shaxslar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan soʻng, oʻn kun ichida oʻzlarining yashash joyidagi Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga ish qidiruvchi shaxs sifatida murojaat qilsalar, Markaz xodimlari bunday shaxslarga uch oy muddat ichida, agarda ular oʻn kalendar kundan keyin murojaat qilsalar, oʻn kun muddat ichida maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari kerak. Agar ish qidiruvchi shaxsga ikki marta maqbul keladigan ish taklif qila olmasa, ish qidiruvchi shaxs sifatida roʻyxatga olingan kundan boshlab ishsiz deb eʼtirof etiladilar.
Aholi bandligiga koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi ishsiz deb eʼtirof etilgan hamda muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga taqdimnoma tayyorlaydi va 5 kun muddat ichida tegishli Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman yoki shahar boʻlimiga topshiradi. Aynan ushbu taqdimnoma byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman boʻlimi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga asos boʻlib hisoblanadi.
Pensiya toʻlovlari esa Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilib, amalga oshiriladi.
J.Bekimbetov, tuman Adliya boʻlimi bosh maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶