GʻALLA MAYDONLARIDA MOʻL HOSIL YeTILMOQDA
Pandemiya davridagi karantin sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat taqchilligining oldini olish maqsadida tumanimizda gʻalla parvarishiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hosil moʻl boʻlishini taʼminlash maqsadida barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida bajarilmoqda.
Tumanimiz hududidagi dalalarni kezgan kishi boshoqlari boʻliq, durkun rivojlanayotgan bugʻdoyzorlarni koʻrib, koʻngli yuksaladi. Boisi, ana shu yetishtirilayotgan hosil yaqin kunlar ichida el dasturxoniga totli non boʻlib keladi. Ha, bu yil rizqimiz moʻl boʻlishi kutilmoqda. Dalalardagi bugʻdoyzorlar shundan darak bermoqda.
Qangli ovulidagi “Begzod Gʻanisher” fermer xoʻjaligida oʻtgan yil kuzda 2020-yil hosili uchun 13 gektar yerga bugʻdoy ekilgan edi. Bir tekis unib chiqqan nihollar agrotexnika qoidalariga muvofiq parvarish qilindi. Shu kungacha bugʻdoy maysalari toʻrt marta oziqlantirildi va zararli hasharotlarga qarshi ishlov berildi. Ayniqsa, Hamro Nurullayev tarbiyalayotgan bugʻdoyzorlarda ekin rivoji juda yaxshi. Boshoqlari boʻliq, poyalari tekis, yashnab turgan bugʻdoyzor ertangi rizqimiz moʻl-koʻl boʻlishidan dalolat bermoqda.
Xoʻjalikda ayni kunlarda bugʻdoy parvarishiga alohida ehtibor qaratilayotir. 13 gektarlik bugʻdoyzorlardan qirmizi bugʻdoy donlari xirmonga toʻkiladigan kunlar esa juda yaqin.
Shu sababli xoʻjalik ishchilari yaqinlashib kelayotgan bugʻdoy oʻrim-yigʻimi mavsumiga hozirdanoq puxta hozirlik koʻrishmoqda. Oʻtgan yili 13 gektar bugʻdoyzordan 35 tsentnerdan hosil yigʻishtirib olingan edi. Bu yilgi koʻzlanayotgan marra esa undan ancha yuqori.
Fermer xoʻjaligida 58 gektar paxta maydoni ham mavjud boʻlib, 30 ijarachiga shartnoma asosida boʻlib berilgan. Ularning kuchi bilan barcha ekinlardan koʻzlanganiday hosil olinayotgani uchun xoʻjalik moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, dehqonchilik ishlarida ishlatiladigan zarur texnikalarni sotib olishdi.
Qilichboy ovulida istiqomat qiluvchi Erkaboy Avazmatovlar oilasi ham el dasturxoni toʻkin-sochinligi uchun munosib hissa qoʻshayotganlardan. Ularning 34 sotixlik tomorqasining yarmi bogʻ – olma, anor, nok, oʻrik, uzum, anjir kabi mevali daraxtlarning ham ertapishar, ham kuzgi navlaridan bor. Oiladagilar may oyi oxiridan to bahorgacha oʻzlari yetishtirgan xushtaʼm mevalar, poliz ekinlari, sabzavotlar bilan oʻz-oʻzini toʻla taʼminlabgina qolmay, ortganini bozorga olib chiqib sotib, ehtiyojlariga ishlatadilar. Bogʻda mevali daraxtlar tagiga ekilgan beda har yili 6-marta oʻrib olinib, chorva uchun qishga zahiraga olib qoʻyiladi.
Hozirgi kunda ularning tomorqasidan piyoz bozorga chiqarilayapti, bodring, pomidor, bulgʻor qalampiri, kartoshka bir tekis gulga kirdi. Qovoq, qovun-tarvuzlar rivoji ham yaxshi. Erkaboy Avazmatov va ayoli – taʼlim faxriysi Dilbar Otajonova hamda ularning oʻgʻillari, kelinlari karantin davrini tomorqasida oʻtkazib, ekinlaridan moʻl hosil olishga harakat qilishmoqda, tomorqa – koni foyda ekanligini oʻz mehnatlari orqali isbotlashmoqda.
Oygul Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶