EL DAPDI BILAN YaShASh BAXTI
Tiriklik insonga xayrli ishlar qilish uchun berilgan imkon, deyishgan mashoyixlar. Chindan ham, hayotda shunday insonlar borki, ularning yashash tarzi, faoliyati, amalga oshirayotgan ezgu amallaridan koʻpchilik ibrat olsa arzigulik. Toʻlqin ovulida oʻqituvchilar oilasida kamolga yetgan Shuhrat Matkarimov ana shundaylarning biri. U 2009-yilda “Toʻlqinli Ismoil chorvador” fermer xoʻjaligini tashkil etdi. Bu tumanimizdagi naslli qoramollar parvarishlanadigan, jarayonlar yangi texnologiyalar asosida tashkil etilgan ilk chorvachilik kompleksi edi.
Yosh tadbirkor barcha ishni oqilona hisob-kitob asosida olib borib, chorvadan moʻl daromad olishga intildi, yil sayin faoliyatini kengaytirdi. Bugungi kunda mazkur xoʻjalikda
Oʻtgan yilning oʻzida xoʻjalikdagi barcha sohalar boʻyicha 600 milliondan ziyod sof foyda olindi, xoʻjalikda ishlovchilarning ham moddiy manfaatdorligi ortdi. Olingan daromadlar hisobidan ovul hayotini yaxshilash, aholi turmushi sifatini oshirish maqsadida ham foydalanilayotganligi tufayli Shuhrat Matkarimovga elning ixlosi ortdi.
Ovul hududini kesib oʻtgan ulkan aylanma yoʻldan 32-maktabga boriladigan yoʻldan aholi, ayniqsa, oʻquvchilar qishda loydan, yozda chang-tuproqdan yurishga majbur boʻlishar edi. Ahvolni yaxshilashga harakat qilgan fermer yigit ushbu yoʻlni maktab hududidan ham oʻtib, Qipchoq arna koʻprigiga yetguncha boʻlgan yarim kilometrcha qismini asfalt qildi va el olqishini oldi. Oʻtgan yili ovul hududidan oqib oʻtuvchi Qipchoq kanali koʻprigini ham taʼmirlab, aholi uchun kanaldan oʻtishda qulaylik yaratdi.
Toʻlqinliklar oʻtgan yilning 22-dekabrida boʻlib oʻtgan saylovlarda Shuhrat Matkarimovni Toʻlqin saylov okrugidan uni Xalq deputatlari tuman Kengashiga deputat qilib sayladilar.
Deputatlik odamdan katta intellektual salohiyat, tinimsiz mehnat, izlanish va masʼuliyat talab qildi. U avvalo xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarini hal qilish uchun intilishi, oʻzining yurish-turishi madaniyati, yashash tarzi bilan boshqalarga ibrat boʻlmogʻi lozim.
Endi Shuhrat Matkarimovning faoliyat koʻlami kengaydi. U Toʻlqin ovul fuqarolar yigʻini raisi Pashid Abdugʻaliyev bilan hududni aylanib, aholi turmush tarzi bilan tanishadi, muammolarini tinglaydi, hal qilishga intiladi. Deputat aholi murojaatlariga koʻra, ovul hududidagi 3 ta maktabga optik tolali aloqa tarmogʻi tortilishiga bosh-qosh boʻlayotir. Xoʻjalik texnikalari yordamida bu ish poyoniga yetay deb turibdi. Natijada uchta maktabda va aholi xonadonlarida internet tezligi oshadi, oʻquvchilarning, talabalarning masofadan turib oʻqishlariga qulay sharoit yaratiladi.
Bugungi kunda pandemiya sharoitida aholining kam taʼminlangan, ehtiyojmand qismini qoʻllab-quvvatlash, ularning munosib sharoitlarda yashashiga koʻmaklashish ham Shuhrat Matkarimovning faoliyatida muhim oʻrin tutadi. Yaqinda u hamqishlogʻi, ayoli betob boʻlib, iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan Muhiddin Xudoyberganov oilasiga 11 bosh echkilarni hadya etdi, uyini taʼmirlab berdi. U bunday savobli ishlarni birovlarga koʻz-koʻz qilish uchun emas, balki Alloh rizoligiga erishish yoʻlida qiladi, ovuldoshlariga suyanchiq boʻlishni oʻzining burchi, deb hisoblaydi.
Mana bu 35 gektarlik bugʻdoyzor oʻrni avvallari bir nechta kartaga boʻlingan edi. Tajribali fermer ularni tekislab yaxlit bir dala holiga keltirdi. Hozir ushbu daladan kamida 80 tsentnerdan hosil olish rejalashtirilmoqda.
Darvoqe, Shuhrat Matkarimov shu yil boshida “Toʻlqinli Ismoil chorvador” fermer xoʻjaligi taʼsischiligida tumanimizda gʻallachilik klasteri tashkil etdi va unga tumanimizdagi gʻallachilik tarmogʻi mavjud fermer xoʻjaliklarining yarmi qamrab olindi.
Shuningdek, Turkiya davlatidan zamonaviy un tegirmoni xarid qilinib, ular topshirgan gʻallani un holida aholiga sotishni rejalashtirgan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli bu reja ham orqaga surildi va tumanimizda yetishtirilgan gʻalla bu yil ham “Taxiatoshdon” aktsiyadorlik jamiyatiga topshiriladigan boʻldi. Biroq fermer, deputat Shuhrat Matkarimov tumanimizda un kombinati qurilishi, texnologiyalar keltirish va ishga tushirish tashvishidan bir zum ham chalgʻigani yoʻq. Bu ish amalga oshsa, gʻallachilik yana ham daromadli soha boʻladi, deydi u.
El dardi bilan yashayotgan intiluvchan va salohiyatli Shuhrat Matkarimovning ishlariga biz ham omadlar tilab qolamiz.
Oygul PAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶