EKOLOGIYaGA ZARAR YeTKAZMASDAN, ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISh HAR BIRIMIZNING BURChIMIZ
Xalqaro Atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonlash doirasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun jahon miqyosida dolzarb boʻlgan ekologik muammolar toʻgʻrisida xalqaro jamoatchilikni xabardor etib, shu muammolarni yechishga dunyo xalqlarini chorlaydi. Yillar osha mazkur kun 100 dan ortiq mamlakatda nishonlanib kelib, hozirda ekologik muammolarni yechishga yordam beruvchi muhim bir zamin boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu kunda barcha xalqlar birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona-yerimizni asrab qolishga oʻzining shaxsiy hissasini qoʻshish imkoniga ega boʻladilar.
Insoniyat farovonligi, atrof-muhit sogʻlomligi, iqtisodiyot samaradorligi yerimizda mavjud boʻlgan tabiiy resurslarni oqilona boshqarishimiz, ulardan tejamkorona foydalana olishimizga bogʻliqdir. Mazkur sanani nishonlashda butun dunyo boʻylab, 70 ta mamlakatda millionlab odamlar ishtirokida keng koʻlamli tadbirlar oʻtkaziladi. Har yili keksa va yosh faollar turli koʻrgazmalar, atrof-muhitni tozalash ishlari, hasharlar, kontsertlar, OAV ishtirokidagi bir qator tadbirlar, turli tanlov va musobaqalar tashkillashtirishda qatnashadilar.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish borasida Amudaryo tumanida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tumanda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza inspektsiyasi tomonidan maxsus reja-jadval ishlab chiqilib, barcha ishlar qatʼiy nazorat ostiga olingan atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq ishlarni tashkil etishga 8 nafar xodim jalb qilingan va barcha nazorat, aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlari yuqoridagi reja-jadval asosida olib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2017-yil 21-apreldagi “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2916-sonli Qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktyabrdagi “Davlat korxonalari toʻgʻrisida”gi 2015-sonli Qaroriga muvofiq tumanda “Toza hudud” DUK (davlat unitar korxonasi) oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tuman hududida noqonuniy chiqindilar koʻpayishining oldini olishga erishilayotgani quvonarli. Noqonuniy chiqindi tashlab, atrof-muhitni ifloslantirayotgan, hayvonot va oʻsimlik dunyosini payhon qilayotgan, suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizom talablariga rioya qilmasdan, ichimlik va oqava suvlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻyayotgan, yigʻilib qolgan chiqindilar va oʻsimlik qoldiqlari hamda xazonlarni yoqib, atmosfera havosining ifloslanishiga tuproq tarkibining buzilishiga yoʻl qoʻyayotgan fuqarolar bilan alohida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ularga oʻz vaqtida ogohlantirishlar berilib, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining belgilangan moddalariga asosan jarima jazolari qoʻllanilmoqda. Joriy yilda 56 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 77mln.367 ming 620 soʻm miqdorida jarima jazolari qoʻllanildi va davlat hisobiga undirildi.
Bu boradagi ishlarni yil davomida yanada samarali olib borish maqsadida mahallalar, ovullarda reydlar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. 5-iyun – Xalqaro Atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan Mangʻit shahri hududidagi Farovon mahallasida reyd oʻtkazildi va hududdan oqib oʻtuvchi kollektor boʻyida noqonuniy ravishda tashlab ketilgan har xil chiqindilar “Toza hudud” DUK ishchilari tomonidan tozalanib, obodonlashtirish ishlari olib borildi hamda ekologik vaziyat yaxshilanib, muammolar joyida bartaraf qilindi. Shu bilan birga Oʻrta qalʼa ovuli hududidagi fermer xoʻjaliklari raislari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, gʻalla oʻrimidan keyin boʻshab qolgan yer maydonlarida somon poyalarini yoqib yuborib, atmosfera havosiga zarar yetkazilishining oldini olish boʻyicha keng miqyosli tushuntirish ishlari olib borildi. Shu kunning oʻzida “Toza hudud” DUK ishchi-xodimlari tomonidan dalalardagi bugʻdoy oʻrimidan keyingi somon poyalari daladan tashqariga olib chiqilib, chorva mollari uchun ozuqa sifatida jamgʻarib qoʻyildi.
Tabiat – onamiz. Uning toʻkis va goʻzalligi, musaffo havosi, ajib bioxilma-xilligi koʻngillarimizga zavq-shavq, hayotimizga koʻrkamlik, umrimizga bardavomlik va demakki, jismi-u jonimizga sogʻlomlik, xush kayfiyat bagʻishlaydi. Atrof-muhitni madaniyatli tarzda muhofaza etish, goʻzalligiga goʻzallik qoʻshish, har bir qarich yerni obod etish tabiat farzandlari sifatida bizning zimmamizdagi eng masʼuliyatli burchdir. Eshigimiz oldida shovullab oʻsayotgan yam-yashil dov-daraxtlar, sharqirab oqayotgan soylar, tarovatli bogʻlar, sarbaland togʻlar, har zarrasi oltinga teng tuproq – barcha-barchasi insoniyatning barkamol, baxtli, sogʻlom hayot kechirishi uchun oʻta muhim ekanligini unutishga aslo haqqimiz yoʻq.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶