YaNGIOBOD MAHALLASIDA 30 KIShILIK TOʻY OʻTKAZILDI
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, koronavirus pandemiyasi tufayli bir qator faoliyat turlari, toʻylar, oilaviy tantanalar, ommaviy bayramlar oʻtkazish, aholining bir joyda yigʻilishi taʼqiqlab qoʻyilgan edi. 1-iyundan boshlab “yashil” hududlarda ayrim faoliyat turlariga, shuningdek, oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishga ruxsat berildi. Faqat bunday tadbirlar fuqarolarning oʻz yashash hovli va uy-joyida, 30 kishidan koʻp boʻlmagan holda oʻtkazilishi majburiyligi belgilandi. Oilaviy tantana va toʻy-maʼraka, marosimlarni oʻtkazishda sanitariya va gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi. Belgilangan talablarga rioya qilmaslik esa oʻrnatilgan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
Necha yillardan beri toʻylarimiz haqida, toʻylarni kamchiqim, isrofgarchiliksiz, tartibli oʻtkazish haqida aytib kelinardi, bu borada maxsus tavsiyanomalar ishlab chiqildi, hatto qarorlar qabul qilindi. Biroq aksariyat yurtdoshlarimiz kim oʻzarga, “men sendan kam emasman”, degandek, birov-birovdan oshirib toʻy qildi, ikki yoshning bir oila boʻlib birlashadigan qutlugʻ kuni dabdababozlik va isrofgarchilik marosimlariga aylandi.
Har ishda bir hikmat boʻladi, deganlariday koronavirus pandemiyasi tufayli oʻrnatilgan karantin qoidalari bizga bu befoyda odatlardan tiyilib, oʻz hayotimiz haqida chuqurroq mulohaza qilishga, qaysi amallarimiz xayrli-yu, qaysisi insoniylikka toʻgʻri kelmasligi haqida teranroq oʻylab koʻrishga, oʻz-oʻzimizni isloh qilishga imkon yaratdi.
Mamlakatimizning “yashil” toifadagi hududlarida 30 kishidan oshmagan holda oʻtkazilayotgan toʻylar avval bu borada qanchalik nooʻrin holatlarga yoʻl qoʻyib kelganligimizni koʻrsatmoqda. Axir har qancha dabdabali toʻy, seplar ikki yoshning baxtiga kafolat berolmasligi barchaga birdek ayon edi. Aksincha, toʻyga sarflangan xarajatlarning qarzini uzolmay, qiyin holatga tushib qolgan oilalar koʻp uchrar edi.
29-iyun kuni Yangiobod mahallasi, Yangiobod koʻchasida istiqomat qiluvchi Bahrom Rajabov va Guljon hoji ona Yangiboyevalar xonadonida ham bugungi kun talablariga muvofiq toʻy boʻlib oʻtdi. Oilaning kenja oʻgʻli uylandi. Toʻy-maslahat, kengash, qoʻniqlarsiz, bir kunda oʻz xonadonida boʻlib oʻtdi va unda eng yaqin qarindoshlar, kelin-kuyovning eng yaqin doʻstlari va qoʻshnilar ishtirok etdilar.
Avvalgi toʻylardagidek turnaqator mashinalarda “gulyanka”, toʻyxonada yoshlar bazmiga chek qoʻyilib, bazm ham xonadon egalarining hovlisida nishonlandi. Tadbirkor yigit va hamshiralik mutaxassisligiga ega qizning taqdir rishtalari bogʻlangan, ularni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan ota-onalarining orzu-armonlari ushalgan kun tantanasi - toʻy oqshomi juda fayzli oʻtdi.
Ayniqsa, qaynona Guljon hoji ona Yangiboyeva kenjatoy oʻgʻliga isrofgarchiliklarsiz, ixcham va juda mazmunli toʻy qilishganidan juda quvondi, hatto tashrif buyuruvchilarga toʻyonasiz kelishlarini, oʻgʻil oʻylantirish ota-ona burchi ekanligini uqtirishga harakat qildi, barchani pandemiya bartaraf etilganidan soʻng ham toʻy-tantanalardagi ushbu tartibni saqlab qolishga chaqirdi.
Tantanada ishtirok etgan nuroniylar yoshlarga mustahkam sogʻlik, baxt, uzoq umr tilab duolar qildilar va toʻy-tantanalarni ixcham hamda isrofgarchiliklardan xoli holda oʻtkazish lozimligini taʼkidlab oʻtdilar.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶