Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat yuzasidan Amudaryo tumani hokimi S.Yoʻldashevning tuman aholisiga MUPOJAATI
Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Sir emaski, keyingi kunlarda koronavirus infektsiyasi aholi orasida keng tarqalib, kasallanishlar soni sezilarli darajada koʻpaymoqda. Afsuski, koʻpchilik hollarda kasallik simptomsiz, hech qanday dastlabki tashqi belgilarsiz namoyon boʻlmoqda. Natijada kasallikka chalingan shaxslar bozor va koʻchalarda, jamoat joylarida yurib, oʻzlari bilmagan holda uni koʻpchilikka yuqtirmoqda. Statistikaga koʻra, koronavirus infektsiyasini yuqtirib olgan bir bemor 5 kecha-kunduzda oʻrtacha 2-3 kishiga virus yuqtiradi. Bir oy ichida bir bemordan virus yuqtirganlar soni 400 nafarga yetishi mumkin. Shularni hisobga olgan holda koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Amudaryo tuman shtabi bir qator cheklov choralarini kiritishga qaror qildi.
Jumladan, joriy yil 18-19-iyul hamda 25-26-iyul shanba va yakshanba kunlari respublika miqyosida amal qiladigan qatʼiy karantin choralari Amudaryo tumanida 20-24-iyul kunlari ham toʻliq amalda boʻladi.
Yaʼni, 20-iyuldan boshlab 26-iyulgacha hafta davomida Amudaryo tumani hududida aholining va avtotransport vositalarining harakati toʻliq toʻxtatiladi. Bu vaqt mobaynida aholiga “oʻzini oʻzi yakkalash” hayot tarziga qatʼiy rioya etgan holda oʻz uylarida qolish tavsiya qilinadi. Tashkilotlarga esa xodimlarni imkoni boricha ishga jalb etmaslik, yoki masofadan ishlashi uchun sharoit yaratish topshiriladi.
Aziz yurtdoshlar!
Hozirgi sharoitda kasallikni jilovlashning birdan bir yoʻli – karantindir. Bunday qatʼiy choralar qoʻllamasak, tibbiyot tizimi koʻtara olmaydigan darajada yuklama yuzaga kelishi mumkin. Natijada koʻpchiligimiz yaqinlarimizdan, ota-onamiz, bobo va buvilarimizdan bevaqt ayrilib qolishimiz mumkin. Kasallikning tarqalish zanjirini uzish maqsadida koʻrilayotgan kuchaytirilgan karantin qoidalarini toʻgʻri qabul qilib, unga amal qilish har birimiz uchun faqat va faqat foydali boʻlishini unutmaylik!
Shu oʻrinda shifoxonalarda yotgan, kasallikning yengil shakliga chalinib, uyida davolanayotgan yurtdoshlarimizning tezroq tuzalib ketishiga tilakdoshmiz.
Yana bir marta Sizdan shuni iltimos qilmoqchimanki, zaruratsiz koʻchaga chiqmang! Niqob taqishni, qoʻlingizni tez-tez sovunlab yuvishni va karantin qoidalariga amal qilishni unutmang!
Ogohlik va xushyorlikni unutmang, lekin ortiqcha vahimaga ham berilmang! Birgalashib harakat qilsak, bu kasallikni albatta yengamiz!

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶