Karantin qoidalariga rioya qilmaganlik uchun qanday javobgarlik va jazo choralari belgilangan?
Ayrim fuqarolar tomonidan epidemiyaga qarshi kurash qoidalarining buzilishi, jumladan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida karantin talablariga rioya etmaslik holatlari koʻp uchramoqda. Bu nafaqat shaxsning oʻz hayoti va sogʻligʻiga, balki koronavirus infektsiyasi asosan yaqin masofada aksirganda, yoʻtalganda havodan burun va nafas yoʻllari orqali, shuningdek, qoʻl berib koʻrishganda yuqishi mumkinligi uchun boshqa shaxslarning hayoti va sogʻligʻi uchun ham xavf tugʻdiradi.
Shu bois, 2020-yil 26-mart kuni "Oʻzbekiston Pespublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Pespublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi Qonun qabul qilindi.
Xususan, Jinoyat kodeksi "Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish", deb nomlangan 244(5)-modda bilan toʻldirildi. Mazkur moddaning 1-qismiga koʻra, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Mazkur moddaning 2-qismida uning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek, internet axborot tarmogʻi orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qoʻyildi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 257(1)-moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, mazkur moddaning l-qismida sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarganligi yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Ushbu jinoiy harakatlar bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mustahkamlandi.
Oʻsha qilmish odamning oʻlimiga sabab boʻlsa, jazo yanada ogʻirroq boʻladi. Yaʼni, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha (moddaning eski tahririda uch yildan besh yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Yuqorida qayd qilingan qilmish odamlarning oʻlimiga sabab boʻlsa, yetti yildan oʻn yilgacha (moddaning eski tahririda besh yildan sakkiz yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning "Maʼmuriy jazo", deb nomlangan 3-bobi yangi tahrirda "Maʼmuriy jazo va majburlov chorasi", deb nomlandi. Kodeks yangi "Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash" nomli 292-modda bilan toʻldirildi.
Ushbu moddaga asosan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilishi mumkinligi qayd etildi.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi oʻttiz sutkagacha boʻlgan muddatda maʼmuriy jazo tayinlash bilan birga qoʻllanilishi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etilishi hamda tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari tomonidan taʼminlanishi nazarda tutildi.
J.M.Urazbayev, Jinoyat ishlari boʻyicha Taxtakoʻpir tuman sudi raisi.
S.PDavletmurodov, Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶