ODIL SUDLOVNI AMALGA OShIRIShDA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINING ROLI
Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan sud-huquq sohasidagi islohotlar tom maʼnoda yuksak darajaga koʻtarildi. Uning huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Konstitutsiyamizga sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash bilan bogʻliq qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi. «Sudlar toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining bir qator moddalari yangi normalar bilan boyitildi. 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar sud tizimini tubdan takomillashtirish, fuqarolarning sud himoyasiga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqini taʼminlashning yangi bosqichini boshlab berdi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va ochiqligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida»gi 4-sonli qarori fikrimizning yaqqol dalilidir. Qaror 31-banddan iborat boʻlib, uning maqsadi sud muhokamasi oshkoraligini, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi amalga oshirilishini, shuningdek sudlar tomonidan mazkur masalaga oid qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlashdir.
«Sudlar toʻgʻrisida»gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq hamma sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq majlisda koʻrib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Mazkur Qonun talabiga binoan, yuqorida qayd qilingan Plenum qarorida sud muhokamasining oshkoraligi, sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikka oʻz vaqtida va obʼektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi.
Ushbu Qarorda sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi taʼkidlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi», deb koʻrsatilgan.
Konstitutsiyaning mazkur talabiga binoan sud muhokamasining oshkoraligi, sudlar faoliyatiga doir axborotni olish fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim.
Qarorda tushuntirilishicha, ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda taʼsir etishga (bosim oʻtkazishga) haqli emas.
Sudya sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish boʻyicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.
Sud muhokamasining oshkoraligi protsess ishtirokchisi boʻlmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan taʼminlanadi.
Ochiq sud majlislarini protsess ishtirokchisi boʻlmagan shaxslar qatnashishini istisno etadigan binolarda oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ochiq sud majlisida protsess ishtirokchisi boʻlmagan voyaga yetmaganlar hozir boʻlishiga faqat tegishli protsessual qonun talabini inobatga olgan holda yoʻl qoʻyiladi.
Ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish boʻyicha maʼlumotlar olish maqsadida qatnashishi maʼlumot olishning qonuniy yoʻli ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga koʻra, sud majlisi zaliga kirishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Protsess ishtirokchisi deganda, jinoyat-protsessual qonunchiligiga binoan muhokama qilish uchun tayinlangan ishda ishtirok etuvchi prokuror, himoyachi, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, shuningdek sudlanuvchi, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari tushuniladi.
Shuningdek, Qarorda ish muhokamasini yopiq sud majlisida oʻtkazish toʻgʻrisida sud asoslantirilgan ajrim chiqarib, unda protsess ishtirokchilari boʻlmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga toʻsqinlik qiladigan aniq holatlar koʻrsatilishi kerakligi, ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi toʻgʻrisidagi maʼlumot hamma uchun ochiq boʻlishi lozimligi, ish muhokamasi yopiq sud majlisida oʻtkazilishi haqida sud majlisi bayonnomasida va ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida ham koʻrsatiladi, deb tushuntirish berilgan.
Ish muhokamasi yopiq sud majlisida oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi ajrim eʼlon qilingunga qadar protsess ishtirokchilari boʻlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilishi mumkin emas. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi qaror ishni sud muhokamasiga tayinlash chogʻida qabul qilingan hollarda, protsess ishtirokchilari boʻlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga kiritilmaydi.
Agar sud tomonidan jinoyat ishining muayyan qismi yopiq sud majlisida muhokama qilinishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, protsess ishtirokchisi boʻlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisining shu qismiga kiritilmaydi.
Qarorning 14-bandida qonunga koʻra, ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga fuqarolik ishini koʻrish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
jinoyat, maʼmuriy, iqtisodiy ishni va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan yoʻl qoʻyilishi, 16-bandining ikkinchi xatboshisida chet davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga ular Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida hujjat taqdim etgan taqdirda kiritilishi haqida tushuntirish berilgan.
Protsess ishtirokchisi boʻlmagan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida qatnashishini cheklovchi yoki ularga monelik qiluvchi sharoit yaratilishi man etiladi va bunday holat protsessual qonun buzilishi deb hisoblanadi va qonunda belgilangan javobgarlik kelib chiqishiga sabab boʻladi.
Mazkur qarorda tushuntirilishicha, sudlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborot umumfoydalanish uchun ochiq hisoblanadi, axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan hollar bundan mustasno.
Foydalanishi cheklab qoʻyilgan axborotga, jumladan, quyidagilar kiradi:
foydalanishi cheklab qoʻyilgan axborotga davlat sirlariga doir (Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida»gi Qonuni 3, 5-moddalari);
qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga doir (masalan, farzandlikka olish siri) (Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 153-moddasi);
shifokorlik siriga doir (Oʻzbekiston Respublikasining «Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida»gi Qonuni 25-moddasi beshinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasining «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida»gi Qonuni 19-moddasi);
qonunga asosan foydalanishi cheklangan boshqa axborotlar kiradi.
Sud axborotning muayyan qismi foydalanish uchun cheklanganligini sabab qilib, talab etilgan axborotni berishini rad qilishga haqli emas. Bunday holatda axborotning foydalanish uchun ochiq qismi taqdim etiladi.
Qarorda berilgan tushuntirishga binoan sudlar faoliyatiga doir maʼlumotlar foydalanuvchilarga ularning soʻroviga asosan, yaʼni ogʻzaki yoki yozma shaklda, shu jumladan, elektron hujjat koʻrinishidagi murojaatiga asosan taqdim etilishi mumkin.
Bundan tashqari, sudlar faoliyatiga doir axborot ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali tarqatiladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari matni sudning rasmiy veb-saytida egasizlashtirilgan holda yoki protsess ishtirokchilari roziligi bilan toʻliq eʼlon qilinishi mumkin.
Sudlarda ularning faoliyati toʻgʻrisida axborot olishni taʼminlovchi qonunga zid boʻlmagan va sudyalar mustaqilligi printsipini buzmaydigan boshqa usullardan ham foydalanish mumkin (xususan, fuqarolarni, jamoatchilik vakillarini qabul qilish, brifing, intervyu, matbuot konferentsiyalarini oʻtkazish, ommaviy axborot vositalari va aholi oldida chiqishlar qilish, press-relizlar tarqatish va h. k.).
Jamoatchilik bilan doimiy aloqada boʻlishni taʼminlash maqsadida sudlarning rasmiy vakillari ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi.
oyida kamida bir marta sudyalarning joylarda aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etishlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Umuman olganda, mazkur qaror sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, fuqarolarning va yuridik shaxslarning huquqlarini sud orqali himoya qilinayotganligini, ishlarni ochiq va oshkora koʻrilishida qonunda nazarda tutilgan istisno etuvchi holatlardan tashqari jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan erkin hamkorlik oʻrnatishni kafolati boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
A.Abdikarimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari buyicha sudining sudyasi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶