OILA QOʻRGʻONINING POYDEVORI TARBIYaDIR
Oila deya atalguvchi muqaddas qoʻrgʻonning tinch-osoyishtaligi, ahilligi, bir-biriga doʻst, oqibatliligi ushbu imoratning asosiy ustuni hisoblanmish ota-ona harakatiga bogʻliq. Bu akang, bu opang, ukang, ular sening tugʻishganlaring, hayotdagi suyanchiqlaring boʻlishadi, suyanchigʻing koʻp, mustahkam boʻlsa, sen baquvvat inson boʻlasan. Shuning uchun ularni avayla, qadrla, bobong, buving hammamizning maslahatgoʻyimiz, ularning koʻngliga qara, deya tarbiya berilgan bola koʻnglida yaqinlariga mehr ulgʻaygani sari kuchayib boradi. Bu borada avvalo ota-onaning oʻzi farzandlariga ibrat boʻlmogʻi lozim. Chunki kichkintoylar eshitganidan emas, koʻproq hayotda koʻrganlaridan namuna oladi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, oʻz hayotining davomchilari yaxshi insonlar boʻlib yetishishlari uchun ota-ona unga kichkinaligidan mukammal tarbiya berishga intilmogʻi lozim.
Erta bahor kunlari edi. Xizmatchilik yuzasidan bir oiladagi notinchlikni oʻrganish, kerakli huquqiy maslahatlar berish va hayoti izga tushib ketishiga koʻmaklashish uchun oʻsha oila istiqomat qiladigan mahalla oqsoqoli, faollari bilan birga bordik. Surishtirib bilsak, janjal kelinning soʻnggi rusumdagi mavsumiy kiyimi yoʻqligidan kelib chiqibdi, aytishicha, u kiyimlari koʻp boʻlsada, urfdan qolgani uchun kiyishga uyalib, uyidan chiqa olmay oʻtirgan ekan. Kelinning zarda bilan qaynab, toʻkib tashlagan alamli soʻzlaridan kulishni ham, kuyishni ham bilmaysan, odam. Koʻpchilik boʻlib kelinni raʼyidan qaytarishga, kiyim, zeb-ziynat oiladagi totuvlikdan afzal emasligini tushuntirishga harakat qildik. Imkoni boʻlganida kiyim olinaveradi, biroq shularni deb oʻz hurmatingni yoʻqotma, kiyim uchun janjal qilma, dedik. Afsuski, kelin soʻzlarimizni oʻylab, fikr qilish tugul eshitishni ham istamadi.
Shunda mahalla faoli boʻlgan keksa otaxon:
– Oʻgʻilmi, qizmi – yoshligidan oilasida ota-onasi tarbiyalamasa, suyagi qotganidan soʻng oʻzgartirish qiyin, Yaratganning oʻzi insof bersin, – dedi bizga tasalli berib.
Otaxon aytgan xulosaning isbotiga hayotda hammamiz guvoh boʻlib yuribmiz. Demak, kimki farzandlari baxtiyor, tinch-totuv yashashini istasa, tugʻilganidanoq shunga tayyorlashi lozim. Shu oʻrinda bir rivoyat esimga tushdi.
Bir ulugʻ allomaga taʼlim-tarbiya berish uchun farzandini olib kelgan otadan alloma: “Bolangiz necha kunlik?” deb soʻrabdi.
– 40 kunlik, – javob beribdi ota.
– Unda farzandingizning tarbiyasida 40 kun kechikibsiz, – degan ekan alloma...
M.Primbetova, Amudaryo tumani FHDYo boʻlimi ish yurituvchisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶