OChIQ SUD MAJLISIDA YOʻL-TRANSPORT HODISASIGA DOIR ISh KOʻRILDI
Yoʻl-transport hodisalari koʻpincha haydovchilarning harakat qoidalariga eʼtiborsizligi, beparvo munosabatda boʻlib, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyishi oqibatida kelib chiqadi. Qoidabuzarliklar esa koʻpincha ogʻir oqibatlarga olib keladi va inson hayotini xavf ostida qoldiradi.
19-avgust kuni Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan ham ochiq sud majlisida avtotransport vositasida yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan tumanimiz fuqarosiga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Sudda sud raisi S.Davletmurodov, sudya yordamchisi E.Jumaniyozov, tuman prokurorining katta yordamchisi S.Yormuhammedov, tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi surishtiruvchi M.Rahimovlar ishtirok etishdi.
Dastlabki tergov organi tomonidan voqea boʻyicha aybdor deb topilgan javobgar fuqaro shu yil 9-iyul kuni yarim tunga yaqin, oʻziga tegishli davlat raqam belgisi boʻlmagan “Minsk” rusumli mototsiklni hech qanday hujjatlarsiz, spirtli ichimlik ichib, mast holatida “Qipchoq-Mangʻit-Turkmaniston” chegarasigacha asfalt yoʻlining 19 kilometrida boshqarib borayotib, yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan. U oʻzining bu harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabr kungi 370-son qarori bilan tasdiqlanib, 2016-yil 1-mart kunidan amalga kiritilgan “Yoʻl harakati qoidalari”ning 12-bandi 1-kichik bandi va 12-bandi 2-kichik bandini qoʻpol ravishda buzgan holda boshqaruvini yoʻqotib, asfalt yoʻldan chiqib ketgan. Natijada mototsiklda yoʻlovchi boʻlgan yana bir fuqaro tan jarohatini olib, tuman Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ushbu hodisada jabrlangan fuqaroga tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga koʻra, “oʻrtacha ogʻir” darajadagi tan jarohatini yetkazilgan. Shu sababli yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan qoidabuzar Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilingan.
Sud jarayonida gumon qilinuvchi va jabrlanuvchining soʻzlari, prokurorning fikrini tinglandi. Ularning koʻrsatmalari ish materiallari bilan taqqoslab koʻrildi, tekshirib chiqildi. Sud xulosasiga koʻra gumon qilinuvchiga oid jinoyat ishi tegishli modda asosida har ikkala tomonning yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatildi.
S.Davletmurodov, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶