“YeRMULKKADASTR” AMUDARYo TUMAN FILIALI AHOLIGA SIFATLI XIZMAT KOʻRSATMOQDA
Koʻchmas mulk sohasidagi davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, ularning tezkorligi va foydalanish imkoniyatlarini oshirish, davlat organlari faoliyatining shaffofligiga erishish va xizmatlardan foydalanuvchilarga axborot xizmati koʻrsatishni yaxshilash eng ustuvor vazifalardan sanaladi.
Soʻnggi yillarda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koʻchmas mulk obʼekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish borasida muhim dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda.
“Yermulkkadastr” Amudaryo tuman filiali sohada olib borilayotgan islohotlar ijrosini taʼminlash, yer hisobi va davlat kadastrlarini toʻliq shakllantirish, koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish yuzasidan samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Koʻp yillardan buyon soha taraqqiyotiga xizmat qilib kelayotgan filialda bugungi kunda jami 27 nafar xodimlar ish olib bormoqda. Filial boshligʻi Shokirjon Davlatov rahbarligidagi jamoa aʼzolarining har biri oʻz mutaxassisligi boʻyicha tegishli vazifalarga biriktirilgan. Xususan, boʻlimda turar joy boʻyicha 12 nafar texnik mutaxassislar, noturar joy boʻyicha 2 nafar mutaxassislar, geodeziya sohasida 4 nafar, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha 2 nafar mutaxassislar, shuningdek, bosh muhandis, texnik operator, roʻyxatga oluvchi kabi mutaxassislar xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Korxonaga joriy yilning shu davriga qadar davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun 3193 ta arizalar kelib tushgan boʻlib, shundan 3054 tasi qanoatlantirilgan, 52 tasi rad etilgan hamda 73 tasining toʻlov qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, kadastr pasporti uchun kelgan arizalar soni 3761 ta boʻlib, shundan 3602 tasi qanoatlantirilgan, 1080 tasining toʻlovi kutilmoqda. 2-sentyabr holatiga koʻra jami 36331 ta turar joylar hamda 2746 ta noturar joylar xatlovdan oʻtkazilgan.
Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab, mazkur filial zamonaviy koʻrinishga ega boʻlgan yangi binoda oʻz ishini davom ettirmoqda. Yangi binoda xodimlar uchun zaruriy boʻlgan barcha qulayliklar yaratilgan. Xonalar kompyuter hamda kerakli jihozlar bilan taʼminlangan.
Korxona xodimlari aholi orasida tushuntirish-targʻibot ishlarini ham olib bormoqdalar. Jumladan, ular oʻzlariga tegishli boʻlgan yakka tartibdagi hovli va turar-joylari yon atrofida yangi imoratlarni qurmaslikka, oʻzboshimchalik va noqonuniy egallangan yer maydonlari, yaʼni qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan suvli yer maydonlar, fermer va dehqon xoʻjaligiga taalluqli boʻlgan yerlar, yuqori kuchlanishli kommunikatsiya tarmoqlarining muhofaza maydonlariga kiradigan yerlar hamda yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallanmagan yer maydonlarida bino va inshootlarni qurmaslikka chaqirilmoqda.
Bugungi kunda ushbu sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish, tegishli tizimlarni davlat organlarining elektron maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonini soddalashtirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari sanaladi. Shu bois sohani yanada rivojlantirish maqsadida filialda ham raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida urgʻu berilmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶