TIL – MAʼNAVIYaT KOʻZGUSI, MADANIYaTIMIZ OʻZAGI
Insonning maʼnaviy qiyofasini belgilovchi omillardan eng muhimi uning tilidir. Chunki oʻzaro munosabatlarda inson bilan inson oʻrtasidagi muomala madaniyati, xalqlarning biri-birini anglashi, millat sifatida shakllanishi til orqali iroda etiladi. Demak, til – millat koʻzgusi, til – xalqning maʼnaviyat sarchashmasi, millat madaniyatining oʻzagi. Oʻz ona tilini sevgan, hurmat qilgan inson uchun til – goʻzal xulq-atvor, cheksiz hurmat, eʼzoz va ehtirom omilidir.
Hali sobiq ittifoqning zirhli davlat mashinasi barcha ittifoqdosh Respublikalar qatori Oʻzbekistonda ham maʼnaviy qadriyatlar va buyuk maʼnaviy merosimiz ustidan tinimsiz yanchib oʻtish siyosatini yurgizayotgan bir paytda, 1989-yil 21-oktyabrda Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilib, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Qariyb 100-yil davomida xoʻrlangan, kamsitilgan Oʻzbek tilining qaddi koʻtarildi. Oʻzbekiston Mustaqillikka erishgach, ketma-ket uning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi qabul qilinib, millat qoʻshigʻi ilk marta oʻz ona tilimizda jarangladi. Mana, 31-yildirki, Oʻzbek tilimizning nufuzi, xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtibori tobora oshib bormoqda. Bugungi kunda AQSh, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston va Tojikiston kabi mamlakatlarda oʻzbek tili oliy taʼlim muassasalarida oʻqitilmoqda. Birgina Turkiya davlatining 70 dan ziyod OTMlarida talabalar katta qiziqish bilan Oʻzbek tilini oʻrganishmoqda.
Qadim ajdodlarimiz, xususan, Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarida “Erdam boshi tildir”, yaʼni, barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi, deyiladi. Buyuk bobokalonimiz, oʻzbek tilining asoschisi A.Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida oʻz zamonasida sheʼriyat va badiiyat tiliga nomutanosib, kambagʻal, deb qaralgan tilimizning keng imkoniyatlari, jozibasi oʻta nazokat bilan sharh etilgan “Layli va Majnun” asarida “til aytgan bilan sovimaydigan tarona”, – deb taʼrif berganining oʻzi dilimizda faxr uygʻotadi:
Aytib sovumas taronasen sen,
Olib qurumas xizonasen sen,
Qarang, A.Navoiy bobomiz tilimizni qanchalar eʼzozlagan, hech qachon qurimaydigan, olgan bilan tugamaydigan xazinaga mengzagan ekanlar.
Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo s.a.v Abbos raziollohu anhuga: “Goʻzalligingiz meni ajablantiradi”, – dedilar. U kishi: “Insonning goʻzalligi nima, ey Alloh Rasuli?” – dedilar. Paygʻambar (s.a.v): “Uning tili”, – dedilar.
Tilimizni tom maʼnoda badiiy adabiyot tili darajasiga koʻtargan, uning boy tasviriy vosita ekanligini oʻz asarlari orqali toʻliq isbotlab bergan, oʻzbek xalqi uchun, uning madaniyati uchun, kelgusi avlodlar uchun katta, sharafli ishlarni amalga oshirgan A.Navoiy oʻz davrida tilimizni, hatto xalqaro til, diplomatiya vositasi darajasiga koʻtara oldi.
Turk tilida chu tortib men alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam
Navoiyning bu buyuk jasorati va oʻzbek millati oldidagi sharafli xizmatiga ustozi Abdurahmon Jomiy yuksak baho berdi:
Kechirsinlar forsi tilda dur terganlar,
Dari tilda nazm injusin keltirganlar.
Agar ul (Navoiy) nazmin yozsa dari tilda,
Qolmas edi soʻz aytishga kuch hech elda.
Ana shunday sharaf tojini kiygan ulugʻ tilda soʻzlashamiz biz! Dunyoda til koʻp, millatlar va elatlar koʻp. Lekin barcha tillar ham, birday yashab ketishga qodir emas. Nima uchun? Javob bitta: millat sifatida oʻz tiliga eʼtiborsizlikdan! Xuddi shunday, azizlar. Soʻz – til orqali ifoda etilarkan, demak, soʻz – insonning qiymati qadar ulugʻ va qadrli. Soʻzni tilimiz orqali ifoda etishdan avval oʻz qadr-qimmatimiz qadar eʼtibor qilishimiz, avvalo, millatga, xalqimiz maʼnaviy merosiga hurmatimizni bildiradi.
Shunday deymiz-u, Navoiy va Mirzo Boburlar zamonida oʻz jilvalari bilan ahli jahonni lol etgan, hayratlantirgan tilimizni bugunga kelib, ayrim maʼnaviy qashshoq kimsalar “oʻzbek tili kambagʻal til”, deyishgacha borgani dillarni xira qiladi. Bunday deguvchilarga salkam bir asr avval A.Qodiriy bobomiz bildirgan fikrlar ila zarba bermoqni lozim topdik: “oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻaldirlar. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar!”
Tilimizni kambagʻal degan nodonlarga javoblarimiz tayin:
Yaqinda, BMT Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz oʻzbek tilida nutq soʻzladi, ahli jahonga ona tilimizda ezgu tilaklar tiladi. Tinchlik, doʻstlik, xalqaro hamjihatlikni tarannum etuvchi taklif va istaklarini oʻzbek tilida bayon etganida katta izdihom qalqib ketmadimi?! Turli tillarda gaplashuvchi jahonning menman degan olim-u arboblari, siyosatchilari oʻzbek millatini, uning xalqparvar yetakchisini olqishlarga koʻmib tashlamadimi?! Oʻsha lahzalarda oʻzbeklarga butun jahon havas qildi. Shaxsan men oʻzbek ekanligimdan faxrlandim, koʻzlarimga yosh qalqdi! Sevinch yoshlari edi bu!
Har yili kuz fasli kelishi bilan men bir narsadan hayron qolaveraman: 21-oktyabr sanasi yaqinlashgan sari OAV, bosma va internet nashrlari zoʻr berib tilimizga eʼtibor va eʼtiborsizlik, bu boradagi yutuqlar va noqisliklar haqida soʻz yuritishni boshlashadi. Goʻyo milliy tilimiz nufuzini oshirish masalasi mavsumiy tus olgandek... 21-oktyabr sanasidan keyin bu kabi yozishmalar pasayadi, to yanagi yilgi kuz fasligacha. Axir biz ona tilimizga kundalik hayotimizda har lahzada ehtiyoj sezamiz-ku! Koʻcha-koʻydagi, doʻkonlar va idora-tashkilotlar, tadbirkorlik shoxobchalari peshtoqidagi rang-barang atamalar, peshlavhalarga birrov ahamiyat berganday boʻlamiz-u, soʻng yana unutamiz. Tanqidiy chiqishlarimizga mutasaddilar yetarli ahamiyat bermagani uchunmi?!
Aslida ona tilimizdan foydalanishdagi nuqsonlarni toʻgʻrilab qoʻyish, bu borada xatoga yoʻl qoʻyganlarga chora koʻrish masalasiga eʼtiborsizlik tufayli ona tilimizdagi buzilishlar urchib borayotgani haqiqat. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi, amunews.uz internet nashri va Amudaryo televideniyesi orqali har yili Mangʻit shahridagi ayrim tadbirkorlik subʼektlari, doʻkonlarga ilib qoʻyilgan peshlavhalardagi nuqsonlar tilga olinib, tilimizga hurmatsizlik, eʼtiborsizlik holatlari tanqid etiladi. Lekin bu tanqidiy chiqishlardan soʻng bironta tadbirkor yoki ona tilimizga fidoyi inson chiqib: “keling, shu nuqsonlarni bartaraf etaylik”, deya tashabbus koʻrsatmaydi. Bir necha yildan beri OAVning tanqidiy chiqishlaridan soʻng ham “belyashi”, “shashlik”, “Mi otkrilis”, “Remont telefonov”, “Mega salon”, “Magazin luchshaya kosmetika”, “Apteka” singari ruscha peshlavhalar bilan birga “Forus, optom baxada”, “Moxira saloni” kabi soʻzlarni buzib, xato va aralash-quralash qoʻllash holatlariga barham berilmayotir. Tumanimiz markazidagi tadbirkorlik subʼektlari peshtoqini “bezab” turgan bu kabi ona tilimizga eʼtiborsizliklar xususida bir necha oy muqaddam Amudaryo televideniyesining “Tashrif” koʻrsatuvi orqali chiqish qilinib, bu boradagi kamchiliklarga barham berish masalasini muhokama qilgan edik. Mazkur koʻrsatuvdan soʻng ham bu borada umuman biron oʻzgarish sezilmaganidan ayonki, tumanimizda faoliyat yuritayotgan tegishli tashkilotlarning davlat tiliga birrov eʼtibor qaratishga “vaqtlari yoʻq”.
Til – madaniyatimizning oʻzagi. Mohiyatan olib qaraydigan boʻlsak, milliy madaniyatimizning ravnaq topishida milliy tilimizning oʻrni juda katta. Demak, masʼullar har kuni necha bora oʻzlari duch kelayotgan til bilan bogʻliq muammolar xususida bosh qotirib koʻrsalar yomon boʻlmasdi. Targʻibot-tashviqot peshlahvalari (reklama bannerlari) tayyorlab beruvchi tadbirkorlar buyurtmachilar bilan ishlashishda tilimizning sofligiga ahamiyat qaratishlari zarur. Bu kabi peshlahalardagi xato-kamchiliklar uchun buyurtmani bajaruvchi subʼektlar javobgarlikni zimmasiga olib, bexato, sof oʻzbek tilida tayyorlasalar, hamma uchun tushunarli boʻlar edi.
XX asr oʻzbek adabiyotining dargʻalaridan biri A.Qahhor kuyunchaklik bilan: “Yoʻl qoidasini buzgan haydovchiga hushtak chalinadi, jarimaga tortiladi-yu, ona tilimiz qoidalariga amal qilmaganlarga hech qanday chora koʻrilmaydi”, degan edilar.
Haqiqatan ham, mana 31-yildirki, ona tilimizga eʼtiborsizlik masalasi hamon dolzarbligicha qolayotir. Turli xil ajnabiy atamalar, peshlavhalar, hatto farzandlarimiz egnidagi liboslargacha tilimizga begona soʻzlar bilan bejab tashlangan. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilmayotgan holatlar koʻp. Nega? Nima uchun Qonunga zid yuqoridagi kabi holatlarga barham berishga shoshilmaymiz? Bu – loqaydlik emasmi? Axir loqaydlik – maʼnaviy halokatga yetaklovchi illat-ku!
Oʻtgan kuz faslida, 21-oktyabr arafasida, qalblarimizni nurlantirgan quvonchli xabardan boshimiz koʻkka yetdi – Oʻzbekistonda 21-oktyabr ona tili bayrami etib belgilandi. Prezidentimiz kuyunchaklik bilan tilimizning nufuzini oshirish yoʻlida fidoyiliklar, tashabbuslar koʻrsatayotir. Xalqaro minbardan turib, oʻzbekcha nutq soʻzlayotir.
2019-yilning avgust oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan media-haftalikda koreyalik professor Song Yung O, Yapon musiqachisi Matsua Kavasaki, vengriyalik sharqshunos olim Benedes Perilar minbarga chiqib, sof oʻzbek tilida gapirdilar. Ozar shoiri Xalil Rizo Uluturk oʻzbek tilining iboralarga oʻta boyligi, goʻzalligini eʼtirof etib, tilimizni madh etuvchi quyidagi misralarni bitdi:
Qay bir kunda uchib kelding, samolardan oʻzbek tili,
Qanot olding eng muqaddas sadolardan oʻzbek tili.
Beshik tutgan kelinlarning allalarin tinglabmiding,
Yaralgansan shu ilohiy nidolardan oʻzbek tili!
Biz esa... Oʻzimiz oʻzbek boʻlaturib, oʻzbek tilida soʻzlay turib, muqaddas va moʻʼtabar ona tilimizga begonalarday munosabatda boʻlayotgan loqayd millatdoshlarimizni xatolardan qaytara olmayotirmiz.
Azizlar, soʻzim muxtasarida takror va takror aytaman:
– Til – bizning borligʻimiz, til – maʼnaviyat koʻzgusi madaniyat oʻzagi. Alisher Navoiy bobomiz bekorga “tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz” degan hikmatli iborani yaratmagan. Bas, shunday ekan, oʻzlikni anglashning betimsol vositasi – tilimiz qadrini oʻz qadr-qiymatimiz bilan barobar tutaylik va el qadrini, millat qadrini har nedan baland qoʻyaylikki, toki OʻZBEKning qadri, OʻZBEK tilimizning qaddi hamisha yuksak boʻlsin!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶