BOGʻ MAHALLASIDA SAYYoR QABUL OʻTKAZILDI
Bugungi kunda insonlar bilan muloqot qilish, aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganish, ularni bartaraf qilishda, ijobiy hal qilishda amaliy yordam berish maqsadida mutasaddi rahbarlarning joylarda tashkil qilayotgan sayyor qabullari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa oʻz navbatida, mutasaddi rahbarlarning, ayniqsa, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan sektorlar rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
17-oktyabr kuni tuman prokurori rahbarlik qilayotgan 2-sektor hududidagi Bogʻ mahallasida aholi muammolarini oʻrganish, ularga tegishli tashkilotlar bilan hamjihatlikda yechim topish, fuqarolarga munosib hayot sharoitlarini yaratib, rozi qilish maqsadida sayyor qabul oʻtkazildi. Sayyor qabulda tuman prokurori yordamchisi Ulugʻbek Allabergenov, tumandagi korxona-tashkilotlar, fuqarolar yigʻini masʼullari hamda aholi vakillari, mahalla faollari ishtirok etdilar.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadda hududlarni sektorlarga boʻlib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yoʻlga qoʻyilishiga imkon yaratdi.
Aytish joizki, murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha hamkorlik qilish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tizimi xalq bilan muloqot qilishda oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, ushbu tizim hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obʼektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini koʻrish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanimizdagi 2-sektor hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi xalq qabulxonasi hamkorligida Bogʻ mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda fuqarolar tomonidan turli masalalarga oid murojaatlar kelib tushdi. Xususan, yurtdoshlarimiz hududdan oqib oʻtuvchi Bogʻ kanalidan tomorqa yerlarini sugʻorish maqsadida mazkur kanaldan suv olishda foydalanilib kelinayotgan trubani 1 metr pastga tushirishda, mahalla hududida yashovchi aholini hamda 13-sonli umumtaʼlim maktabi binosini elektr energiyasi bilan taʼminlab turgan transformatorlarni yangi transformatorga almashtirishda, shuningdek, yuqori kuchlanishdagi elektr simlari oʻtgan simyogʻochlarni yangisiga almashtirishda amaliy yordam berishlarini soʻrab murojaat qildilar.
Qolaversa, qabul jarayonida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun kredit mablagʻi olishda, oʻz bandligini taʼminlashda, mahalla hududidan oʻtuvchi yoʻllarni taʼmirlashda, hududda dorixona qurilishi uchun yer maydoni ajratilishida amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha murojaatlar ham kelib tushdi.
Aholi tomonidan berilgan ushbu murojaatlar oʻrganilib, tegishli masʼul tashkilotlarlar bilan hamkorlikda hal qilinadigan boʻldi. Qabul jarayonida yurtdoshlarimiz tomonidan berilgan savollarga toʻliq, hayotiy misollar bilan javob berildi.
Aytish kerakki, xalq dardi, muammolarini oʻrganishga eʼtibor qaratish, ularning hal etilishiga yordam koʻrsatish fuqarolarning jamiyatga ishonchi ortishiga, hayot darajasi, yashash tarzi yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶