FAVQULODDA VAZIYaTLARDA QANDAY HARAKAT QILISh ZARURLIGI XUSUSIDA KOʻRGAZMALI SEMINAR OʻTKAZILDI
Har yili kuz-qish mavsumi boshlanishi oldidan mavsumni talofatsiz oʻtkazish maqsadida, aholining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan rejali tadbirlar amalga oshiriladi. Ayniqsa, aholi yashash joylariga oʻrnatilgan isitish tizimlarining sozligini nazorat qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilib, tabiiy gaz, elektr energiyasidan samarali foydalanish boʻyicha aholiga zarur tushunchalar berilib, tabiiy gaz tarmoqlaridan olisda joylashgan aholi xonadonlaridagi koʻmir va boshqa yoqilgʻi mahsulotlari bilan isitiladigan pechlarning moʻri hamda dudburonlarini tozalash yuzasidan zarur tavsiyalar beriladi.
Bu borada tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, elektr tarmoqlari korxonasi, Gaz taʼminoti xizmati xodimlari hamda tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, shuningdek, Yongʻinga qarshi kurashish jamiyati mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktyabr sanasidagi 605-sonli Qarori talablarini bajarish maqsadida joriy yilning 3-noyabr kuni tuman hokimligi binosi oldida tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi, Yongʻinga qarshi kurashish jamiyati, elektr tarmoqlari korxonasi, gaz taʼminoti xizmati xodimlari, tuman Tibbiyot birlashmasi hamda tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan tumanimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini koʻzdan kechirish, kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda eng birinchi galda koʻriladigan chora-tadbirlar, yongʻin chiqqanda, odam is gazidan, koʻmir hididan zaharlanganda koʻrsatiladigan birinchi tibbiy yordam va qutqaruv ishlarini amalga oshirish boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi.
Koʻrgazmali seminarda ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, koʻp xonadonli uylar va koʻcha boshchilariga isitish, ventilyatsiya tizimlari, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlaridan foydalanishda amal qilinishi lozim boʻlgan tartib-qoidalar, odam koʻmir yoki is gazidan zaharlanganda, tok urganda, yongʻin chiqqanda qanday harakat qilishi lozimligi xususida tushuntirishlar olib borildi hamda ularga koʻrgazmali plakatlar va tavsiyanomalar berildi.
Koʻrgazmali seminardan soʻng, Mangʻit shahrining Farovon mahallasida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati koʻzdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi. Xususan, kam taʼminlangan oilalarning elektr, gaz uskunalarida nosozliklar aniqlanib, mutaxassislar tomonidan aniqlangan kamchiliklar boʻyicha tiklash-taʼmirlash ishlari olib borildi. Isitish pechlarining dudburonlari va moʻrilarida tozalash ishlari bajarildi. Fuqarolarga ich gazidan zaharlanish, favqulodda hodisalar va yongʻin kelib chiqishining oldini olish boʻyicha tushuntirishlar berilib, koʻrgazmali eslatma varaqalari tarqatildi.
Bu kabi koʻrilayotgan chora-tadbirlarning barchasi xalqimizning tinch, xotirjam va osoyishta yashashini taʼminlash, insonning hayot faoliyati bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan. Zero, xalqimizning xotirjam va osoyishta hayoti mamlakatimiz taraqqiyotining asosidir.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶