Aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obʼektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi oʻrganildi
Kommunal tarmoqlarning barqaror faoliyati aholi turmush sifatini taʼminlaydigan eng muhim omillardan sanaladi. Shu bois davlat tomonidan bu masalaga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash, Amudaryo tumani aholisini va ijtimoiy soha obʼektlari va koʻp qavatli uy-joylarning kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazishlariga zamin yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi Sherzod Ibragimov boshchiligidagi ishchi guruh 24-noyabrda tumanimizda boʻldi. Bu borada tumandagi mutasaddi tashkilot rahbarlari va mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻrganishlar olib borildi.
Aytish kerakki, Prezidentimiz tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda bu yil qish sovuq kelishi, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past boʻlishi kutilayotganligi tufayli respublikadagi 3 mingdan ziyod taʼmirga muhtoj koʻp qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha obʼektini mukammal va 3 mingtasini joriy taʼmirlash, tibbiyot va taʼlim muassasalarining tayyorgarlik holatini yaxshilash vazifalari belgilab berildi. Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna koʻmir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni gʻamlash va yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. Koʻmir narxining asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan zaruriy koʻrsatmalar berildi. “Hududgaztaʼminot” aktsiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida tumanimizda boʻlgan ishchi guruh dastlab Bogʻ mahallasidagi xonadonlarga uyma uy kirib, ularning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini oʻrgandi. Oʻrganishlar jarayonidan mahalladagi transformator eskiligi sabab xonadonlarda elektr yetishmovchiligi muammosi mavjudligi aniqlanib, hududdagi quvvati 160 kilovolt boʻlgan transformator kuchlanishi 250 kilovoltli yangi transformatorga almashtirilib, muammo joyida bartaraf qilindi. Mahallada yashovchi kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga mavsumni betalofat oʻtkazishlari uchun amaliy yordam berish maqsadida 3 ta oilaning har biriga 250 kilogrammdan koʻmir berildi. Qolaversa, mazkur xonadonlarning dudboʻronlari tozalab berildi. Shuningdek, fuqaro Bozorboy Mendigʻaliyevning kam taʼminlanganligi va yashash xonadoni taʼmirtalab holatga kelib qolganligi sababli qurib berilayotgan, joriy yil noyabr oyi oxirida foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilayotgan yangi imorati hamda shu kunga qadar yashab kelayotgan xonadoni koʻzdan kechirildi. Bozorboy Mendigʻaliyev bilan suhbat chogʻida koʻmirga ehtiyoji borligi aniqlanib, fuqaroning oilasiga yarim tonna koʻmir berildi.
Shundan soʻng ishchi guruh aʼzolari oʻrganish ishlarini Xizr eli mahallasida davom ettirdilar. Masʼullar hududdagi xonadanlarni oʻrganish davomida 105 yoshni qarshilagan onaxon Parda Bekniyazova xonadonida boʻldilar. Mehmonlar onaxon bilan samimiy suhbat qurib, xonadonning mavsumga tayyorgarlik holati koʻzdan kechirildi hamda xonadonga suyultirilgan gaz balloni topshirildi.
Mutasaddilar Qilichboy ovulida yashovchi Hamida Polvonovaning xonadonini koʻzdan kechirish jarayonida mazkur xonadonning ham koʻmirga ehtiyoji borligi, oila sohibasining salomatligida muammolar borligi, qizi Nilufar Yangiboyevaning bandligini taʼminlashda amaliy yordam kerakligi kabi muammolar aniqlandi. Ushbu muammolar yuzasidan tumandagi tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi hamda oilaga yarim tonna koʻmir mahsuloti berildi.
Shu bilan birga ovuldagi tibbiyot, taʼlim-tarbiya muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham masʼullar eʼtiboridan chetda qolmadi. Ovuldagi 15-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 27-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 7-sonli qishloq oilaviy poliklinikasining mavsumga tayyorgarligi oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida 15-sonli umumiy oʻrtataʼlim maktabining mavsumga tayyorgarlik holati yaxshi emasligi, isitish qozonxonasi nosozligi aniqlandi va obʼektning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati boʻyicha masʼul xodimlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶