YoShLAR BILAN UChRAShUV OʻTKAZILDI
Har bir mamlakatning salohiyati, kuch-qudrati yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik bilan oʻlchanadi.
Shu maʼnoda olib qaraydigan boʻlsak, bugungi kunda mamlakatimizda navqiron avlodni ona Vatanimizga sodiq boʻlishdek ezgu gʻoya va maqsadlar atrofiga birlashtirish, ularni umumbashariy qadriyatlarga hurmat, shu muqaddas ona Vatanimizga muhabbat ruhida tarbiyalash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar eʼtiborga molikdir. Yoshlar bandligini taʼminlash, muammo va takliflarini oʻrganish, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda munosib shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida oʻtkazilayotgan “Yoshlar uchrashuvlari” ham shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu yilning 12-dekabrida Oʻrta qalʼa ovul fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan “Yoshlar uchrashuvi”da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi boshligʻi Jasur Davletov va tumandagi korxona, tashkilotlar rahbarlari, ovulning faol 48 nafar yoshlari ishtirok etdilar.
Yigʻilishni tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov ochdi va yigʻilganlarni kun tartibidagi masala bilan tanishtirdi. Maʼruzachi oʻz soʻzida shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda mamlakatimizda yoshlarning oʻqib, ilm olishlari, oʻz qobiliyatlarini namoyon etishlari va ishlashlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirdi. Xususan, ishsiz yoshlar oʻz qiziqishlariga koʻra, oʻz-oʻzini mehnat bilan band qilishi yo biron tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni istasa, qanday yoʻl tutishi, qayerga, kimga murojaat qilishi lozimligi, kreditlar olishda qanday yengilliklar nazarda tutilganligi haqida batafsil tushuntirish berdi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi, tuman hokimligi tashabbuskor, yurtim ravnaqiga hissa qoʻshaman, deb intiladigan yoshlarni doim qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Tumanimizdagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov soʻzga chiqib, yoshlik – oʻqish, oʻrganish, ishlab, yuksak marralarni egallash uchun muhim davr ekanligini taʼkidlab, yoshlarni bundan unumli foydalanishga daʼvat etdi.
Shundan soʻng, navbat uchrashuv ishtirokchilariga berildi. Ovul yoshlari Zohid Chorshamov, Sarvar Jumaboyevlar oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashishda yordam soʻrab, Javohir Saidkamolov, Shahzoda Rahimova, Jaloliddin Yoʻldoshevlar oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berishlarini soʻrab murojaat qildilar.
Ovul hududidagi Arna boʻyi mahallasida istiqomat qiluvchi Shinar Bozorboyeva Mangʻit – Kuyuk koʻpir magistral yoʻli boʻyiga, 27-maktab atrofiga oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash uchun piyodalar yoʻlakchasi qurish hamda yoʻlga kesib oʻtish belgisini oʻrnatish boʻyicha, Bogʻ mahallasida yashovchi Azizbek Xudanov, Shavkat Saparovlar mobil aloqani yaxshilashda, Oʻrta qalʼa ovulida yashovchi Shohruh Qoʻchqorov moddiy yordam olishda, Bogʻ mahallasida yashovchi Xolida Nurboyeva taʼlim krediti olishda amaliy yordam soʻrab, murojaat qildilar.
Yoshlar murojaatlarini ijobiy hal qilish yuzasidan choralar koʻrish uchun tegishli maʼsullarga topshiriqlar berildi va ijrosini nazorat qilish belgilab olindi.
Yigʻilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶