Bir guruh mahalla faollari va jamoatchilik vakillari taqdirlandi
2020-yil 30-dekabr kuni Amudaryo tumani Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimida Yangi yil bayrami munosabati bilan yil yakunlariga bagʻishlab tadbir oʻtkazildi. Tadbirda tumandagi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari rahbarlari, masʼul xodimlari, koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilishga ulkan hissa qoʻshgan tadbirkorlar, jamiyat rivojiga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshayotgan nuroniylar hamda “Obod va xavfsiz mahalla” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari ishtirok etdilar.
Tadbirni tuman hokimi oʻrinbsoari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldoshev ochdi va olib bordi. U barchani kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qizgʻin qutlab, 2020-yil tumanimiz tarixida oʻchmas xotiralarga boy ulkan bunyodkorliklar, rivojlanishlar, yangilanishlar yili boʻlganligini, koronavirus pandemiyasi, tabiiy ofatlarni xalqimiz mustahkam hamjihatlikda yengib oʻtganligini faxr bilan qayd etdi. Boʻlim tomonidan yil davomida aholining kam taʼminlangan qismini ijtimoiy himoya qilish, aholini, ayniqsa, yoshlarni yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlash, munosib turmush sharoitlari yaratish borasida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtaldi.
Tadbirda Yangi yil bayrami munosabati bilan 77 nafar yordamga muhtoj kam taʼminlangan oilalarga 11 turdagi maishiy texnika vositalari sovgʻa qilindi. Shuningdek, 130 ta kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 272 million soʻm pul ajratilib, oila aʼzolarining plastik kartalariga oʻtkazib berildi.
Mahalla mehr-oqibat va hamjihatlik markazi sanaladi. Yordamga muhtoj oilalarga koʻmak koʻrsatish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash xalqimizning azaliy udumlariga aylangan. Pandemiya davrida ham nochor ahvolga tushib qolgan ehtiyojmand aholiga tadbirkorlar va mahalla faollari begʻaraz moddiy koʻmak koʻrsatdilar. Tadbirda bu kabi xayrli ishlarga hissa qoʻshgan, shuningdek, koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan 11 nafar tadbirkorlarga tuman hokimining tashakkurnomasi topshirildi.
Yosh avlodni vatanpavarlik ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qoʻshgan Nuroniylar jamoatchilik kengashining 3 nafar aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tashakkurnomasi, 4 nafar nuroniyga tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla” koʻrik-tanlovining tuman bosqichida 23 ta nominatsiyasi boʻyicha aniqlangan gʻoliblar munosib taqdirlandilar.
Bayram oldidan koʻrsatilgan eʼtibor va ragʻbatdan barcha xursand boʻldi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶