Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasiga 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1132 ta murojaatlar kelib tushdi
Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning hayotiy muammolarini tezkorlik bilan hal etishga keng imkoniyat yaratmoqda. Fuqarolarning ariza va shikoyatlari belgilangan tartibda, xolislik tamoyillari asosida koʻrib chiqilib, ijobiy hal etilmoqda. Bu, albatta, mamlakatimizda inson huquq va manfaatlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotganining yana bir yorqin ifodasidir. Navbatdagi lavhamiz Prezidentning Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi faoliyati haqida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasiga 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1132 ta murojaatlar kelib tushdi. Shundan 633 tasi yozma, 493 tasi ogʻzaki hamda 6 tasi elektron shakldagi murojaatlar boʻlib, 634 tasi hududdagi tashkilotlarga, 32 tasi yuqori tashkilotga yuborildi. Qolgan 466 tasi Xalq qabulxonasida koʻrib chiqish uchun qoldirildi. Ushbu murojaatlarning 1036 tasi, yaʼni 93,5 foizi qanoatlantirildi. Shundan 681 tasi ijobiy hal qilinib, 347 tasiga huquqiy maslahat va maʼlumotlar berildi.
Xalq qabulxonasi binosida tumandagi 4 ta sektor hamda boshqa idoralar rahbarlari tomonidan jami 104 marotaba shaxsiy qabullar oʻtkazildi. Ularda 143 nafar fuqarolar tomonidan 143 murojaatlar kelib tushdi. Shuningdek, 4 ta sektor rahbarlari tomonidan jami 130 marotaba sayyor qabullar oʻtkazilgan boʻlib, ushbu oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabullarda 789 nafar fuqaro tomonidan 793 ta murojaat kelib tushdi.
Qabulxona tomonidan tuman Xalq taʼlimi boʻlimi, Tibbiyot birlashmasi, Majburiy ijro byurosi hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarning murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazildi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman Tibbiyot birlashmasi hamda Xalq taʼlimi boʻlimiga taqdimnomalar kiritildi.
Karantin davrida tuman Xalq qabulxonasiga, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, moddiy yordamga muhtoj va shu kabi karantin bilan bogʻliq boʻlgan jami 15 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, barcha fuqarolarning murojaatlari tegishli idoralar bilan hamkorlikda ijobiy hal qilindi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning holidan xabar olinib, 89 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tumandagi 4 ta sektor hududida 49 ta fuqarolar yigʻinlarida 2020-yil 1-fevral sanasidan boshlab, aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali oʻrganish jarayonida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Pandemiyaga qadar jami 33 ming 174 ta xonadondan 4673 ta xonadon oʻrganilib, shundan 490 ta muammolar aniqlandi va ular ijobiy hal qilindi.
Tumandagi Xalq qabulxonasiga 2020-yilning 25-iyunida Beshtom aholi punkti fuqarolari va shu hududdagi fermerlar tomonidan xoʻjalikka tegishli va xonadonlarning tomorqa yerlarini sugʻorish uchun foydalanib kelinayotgan ariqlarni qayta qazib berishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi va ushbu muammo tez fursatda oʻz yechimini topdi. Oʻtgan yili Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan tuman hokimligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boʻlimi tomonidan Qilichboy ovulidagi Toza yop mahallasida yashovchi ehtiyojmand oilaga yashab turgan uyi qaytadan qurib berildi.
Taʼkidlash joizki, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlaridan Oybek Begimov Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻygan boʻlib, murojaatlarning ijobiy hal qilinishida vakolati doirasida koʻmak berib kelmoqda. Deputat Durunki mahallasi fuqarolarning murojaatiga koʻra Ahmad Yassaviy koʻchasiga transformator, sim hamda sim ustunlarni oʻrnatilishida amaliy yordam koʻrsatdi. Shuningdek, Boyovul mahallasidagi Behbudiy qoʻchasidan Oʻzbekiston koʻchasigacha boʻlgan yoʻlning tekislanishida amaliy yordam berib, qator ijobiy ishlar amalga oshirilishida ishtirok etdi.
Yangiobod mahallasida yashovchi Bahrixon Yoʻldosheva ham oʻtgan yili ish taʼminlashda yordam soʻrab murojaat qilgan edi. Fuqaroning ushbu murojaati ham atroflicha oʻrganildi va tegishli tashkilotlar hamkorligida unga amaliy yordam berilib, ish bilan taʼminlandi.
Tumanimizning chekka hududida joylashgan Jumurtov shaharchasi hududidagi “Doʻstlik-1” aholi punkti fuqarolaridan kelib tushgan murojaatga koʻra past kuchlanishda ishlayotgan transformator 100 kVt kuchlanishga ega boʻlgan transformatorga almashtirib berildi. Shuningdek, shaharcha hududidagi “Doʻstlik-2” va “Jumurtov” aholi punktlari fuqarolarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida mahalliy byudjet hisobidan suv tozalash inshootlari qurib berilishiga koʻmaklashildi. Ayni paytda ushbu yaratilgan qulayliklardan foydalanayotgan aholi turmush tarzi avvalgisiga koʻra yaxshilanganidan nihoyatda mamnun.
Qabulxona tomonidan mazkur yilda ham aholi murojaatlarini tinglash, belgilangan tartibda koʻrib chiqib ijobiy hal etish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” shioriga asoslangan holda yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
E.Rajabov, Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶