VATANNI QOʻRIQLASh – ShARAFLI BURCh VA VAZIFA
Yurtimiz sarhadlarini sharaf bilan himoya qilib kelayotgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil qilinganiga bu yil 29-yil toʻladi. Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, bu qutlugʻ sana mamlakatimizda vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, mardlik va jasurlik kabi ezgu qadriyatlarni, xalqimizga, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislariga xos boʻlgan yuksak fuqarolik fazilatlarini oʻzida mujassam etadigan tom maʼnodagi umumxalq bayramiga aylandi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarimiz isloh qilinib, mudofaa salohiyati yanada oshirilmoqda. Mamlakatimiz harbiy sohasini zamon talablariga mos holga keltirish bilan bogʻliq mutlaqo yangi, koʻlamdor islohotlar joriy etilmoqda. Darhaqiqat, bugun Milliy armiyamiz Vatanimiz mustaqilligi, suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi va xalqimiz tinch-osoyishta hayotining ishonchli kafolati sifatida shakllandi. Harbiy xizmat esa tom maʼnoda eʼtibordagi va mamlakat ravnaqi yoʻlidagi oʻta masʼuliyatli kasbga aylandi.
Tuman Mudofaa boʻlimi tomonidan ham Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida tuman hokimligi bilan hamkorlikda chaqiruv yoshidagi fuqarolarni harbiy xizmatga chaqiruv, tayyorlov va yoshlar ongida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, burch va masʼuliyat kabi tushunchalarni singdirib borish maqsadidagi tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʻtgan 2020-yil davomidagi chaqiruv jarayonida muddatli harbiy xizmatga 67 nafar chaqiriluvchi joʻnatildi. Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga 610 nafar chaqiriluvchi tayinlandi. Shu bilan bir qatorda harbiylik kasbiga qiziqib, oliy harbiy bilim yurtida hamda “Temurbeklar” maktabida tahsil olish maqsadida boʻlgan yoshlarga oʻz vaqtida yoʻllanmalar berildi. Natijada oliy harbiy bilim yurtiga 4 nafar, “Temurbeklar” maktabiga 12 nafar yoshlar oʻqishga qabul qilindi.
Boʻlimimiz tomonidan pandemiya davrida 2020-yil muddatli harbiy xizmatdan rezervga boʻshatilgan yigitlardan koʻngilli yoshlar guruhi tuzildi va nazorat postlariga yordamchi kuch sifatida joʻnatilib, koʻmak berildi. Shuningdek, ushbu guruh karantin davrida jamoat joylarini dezinfektsiya qilish ishlarida ham faol qatnashdilar. Paxta yigʻim-terimi mavsumida safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatiga tayinlangan yoshlardan tuzilgan koʻngilli yoshlar guruhi terimga oʻz hissalarini qoʻshdilar.
Oʻtgan yili 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi yillarida front orqasida mehnat qilgan 109 nafar faxriylar xonadoniga borib xabar olindi. Ularning har biriga “1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushidagi Gʻalabaning 75 yilligi” yubiley medali va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Ayni kunlarda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida taʼlim muassasalari va jamoat joylarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadidagi tadbirlar oʻtkazilmoqda. “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida oʻtayotgan tadbirlar yoshlar qalbidagi yurtga muhabbat va sadoqat tuygʻularini yanada mustahkamlab, koʻtarinki ruh bagʻishlamoqda.
El-yurtning ishonchli posboni, himoyachisi boʻlish, xalq farovonligi, osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilish – har bir insonning sharafli burchi. Oʻzi ulgʻaygan zaminni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash inson uchun goʻyo oʻz oilasini, shaʼnini, nomusini, imon-eʼtiqodini himoya qilish kabidir. Jonajon mustaqil yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qoʻriqlayotgan Vatan himoyachilariga, butun yurtdoshlarimizga bayram muborak boʻlsin! Diyorimiz osmoni doimo musaffo, tinchligimiz barqaror boʻlib, mustaqilligimiz abadiy yashasin!
Azizbek Januzakov, tuman Mudofaa boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶