VATANPARVAR YoShLARNI KAMOLGA YeTKAZAYoTGAN USTOZ
Yosh avlod qalbida Vatanga cheksiz mehru-muhabbat, sadoqat tuygʻularini mustahkamlash hozirgi kundagi asosiy vazifalardan biri sanaladi.
Yoshlar ongiga ushbu tuygʻularni singdirish, ularni harbiy-vatanparvarlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda umumtaʼlim maktablarida oʻtilayotgan Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani muhim oʻrin tutadi. Shuningdek, chaqiruvga qadar boshlangʻich taʼlim – yoshlarning siyosiy, maʼnaviy dunyoqarashini oʻstirish, xalqimizning boy tarixi, shonli jangovar anʼana va qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, sportning harbiy va amaliy turlarini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tumanimizdagi 46-sonli maktabda ham ushbu fandan dars mashgʻulotlari samarali tashkil etilib, oʻquvchi-yoshlar vatanparvarlik ruhida tarbiyalanmoqda. Fan boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini maktabning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha rahbari, tajribali oʻqituvchi Amin Yoʻldoshev nazariy va amaliy tarzda tashkil etib, oʻquvchilarga Vatan mudofaasi toʻgʻrisida tushuncha, chuqur bilim berib bormoqda. Oʻquvchilar darslarda Qurolli Kuchlarimiz qoʻshinlarining turlari va tuzilishi, harbiy nizomlar haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishmoqda. Shu qatorda ular saflanish, oʻqotar qurollar, harbiy texnika turlari, ulardan foydalanish qoidalarini oʻrganib, chidamlilik, kuchlilik, tezlik, chaqqonlik boʻyicha jismoniy mashqlarni bajarish koʻnikmalarini ham oʻzlashtirishmoqda.
Oʻquvchilarga dars mashgʻulotlari doimiy ravishda maxsus jihozlangan sinfxonada oʻtkaziladi. Hozirda maktabdagi ushbu sinfxona zamonaviy oʻquv qurollari, harbiy aslahalar koʻrinishidagi koʻrgazmali jihozlar, turli maketlar, harbiy liboslar va boshqa buyumlar bilan toʻliq taʼminlangan. Ular yordamida oʻquvchilarga fanni oʻqitish jarayoni yanada oson boʻlmoqda. Chunki, qurol yoki harbiy aslahani koʻrgan oʻquvchining nazariy darslarda olgan bilimlari yanada mustahkamlanib, amaliy koʻnikmalari oshib boradi.
Dastlabki harbiy bilim va koʻnikmalarni berish, armiyaga yoshlarni tayyorlash – chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilaridan chuqur bilim va boy hayotiy tajribani, milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar va yangiliklardan boxabar boʻlishni, dastlabki harbiy koʻnikmalarga ega boʻlishni talab etadi. Shu bois fan oʻqituvchisi A.Yoʻldoshev muntazam ravishda oʻz ustida ishlab, tinimsiz ravishda izlanadi.
Ayni paytda oʻz darslarini samarali tashkil etib, oʻquvchi-yoshlarga Milliy armiyamiz davlat mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va tinch-osoyishta hayotining kafolati ekanligini tushuntirib kelayotgan tajribali ustoz harbiy unvonga ega, zahiradagi katta leytenant. Oliy oʻquv yurtini boshlangʻich harbiy tayyorgarlik va jismoniy tarbiya yoʻnalishi boʻyicha tugallagan A.Yoʻldoshev oʻzi tahsil olgan 46-sonli maktabda boshlangʻich harbiy tayyorgarlik fani oʻqituvchisi boʻlib ish boshlagan edi. Soha boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlgan mutaxassis 1996-2001-yillarda tuman Mudofaa ishlari boʻlimida Boshlangʻich harbiy tayyorgarlik boʻlinmasi boshligʻi lavozimida ishladi.
Maktablarda Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanini oʻqitishda mutaxassis kadrlarga boʻlgan ehtiyoj tufayli u 2001-yilda yana 46-sonli maktabga qaytib, oʻqituvchilik faoliyatini davom ettirdi. Oʻtgan yillar davomida ishga boʻlgan talabchanligi, masʼuliyatliligi, fidoyiligi sababli jismoniy tarbiya oʻqituvchisi, maktab direktori kabi vazifalarda ham mehnat qildi.
Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilishga qodir, tezkor, jangovar qobiliyati yuksak kadrlar tayyorlash davr talabidir. Yosh avlodni ana shu talabga koʻra vatanparvar, yurtga munosib farzandlar qilib kamolga yetkazayotgan ustoz A.Yoʻldoshev buni oʻzining Vatan oldidagi burchi deb biladi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶