SAYYoR UChRAShUVLARDA SUD-HUQUQ TIZIM MASʼULLARI AYoLLAR VA YoShLARGA HUQUQIY YoRDAM KOʻRSATIShDI
Yurtimizda xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismini tashkil qiladi. Shu bois ijtimoiy muammolarning koʻpchiligi ular bilan bogʻliq. Ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, moddiy koʻmak berish maqsadida har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantirildi. Ushbu daftarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritildi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ishlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga manzilli huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha Amudaryo tumanida ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari, quyi sudlar, tuman hokimligi, boshqa idora va tashkilotlar hamkorligida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
23-yanvar kuni tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi binosida, Gulzor mahalla fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosida, Choykoʻl ovulidagi 42-sonli maktabda, Qipchoq ovuli va Qipchoq shaharchasining maʼmuriy binosida “Ayollar daftari”ni yuritish orkali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tadbir oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jinoyat ishlari boʻyicha sudi raisi, maʼmuriy va fuqarolik ishlari boʻyicha sudyalar va sud xodimlari ishtirok etdilar. Masʼullar ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan koʻmakka muhtoj xotin-qizlarning muammolarini hal etish choralarini oʻrganib chiqdilar.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisi Gulnora Bozorboyeva, Maʼmuriy ishlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi Poʻlat Doshmuradov, Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Qayrulla Atamuradov, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Sultonmurod Davletmurodovlar hamda tuman hokimligi, prokuratura, IIB, majburiy ijro byurosi, Adliya boʻlimi, “Madad” NNT va boshqa tashkilotlar xodimlaridan iborat masʼullari “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda sud-huquq sohasiga oid masalalar yuzasidan huquqiy yordamga muhtoj boʻlgan jami 79 nafar xotin-qizlar bilan sayyor uchrashuvlar hamda uyma-uy yurib oʻrganish tadbirlari oʻtkazishdi.
Sayyor uchrashuvlar davomida xotin-qizlardan qabul qilingan murojaatlarning 8 tasi sud-huquq masalalariga, 17 tasi majburiy ijro byurosiga, 20 tasi bandlik masalalariga, 7 tasi tibbiyot masalalariga, 2 tasi Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boʻlimiga, 4 tasi bank sohasiga, 7 tasi pensiya jamgʻarmasi masalasiga oid boʻlib, 14 tasi ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalarga oid boʻldi. Shundan, 75 ta murojaat ogʻzaki va 1 tasi yozma ravishda qabul qilindi.
Sud-huquq masalalariga oid jami 8 ta murojaatlar yuzasidan murojaat etuvchilarga amaliy yordam koʻrsatildi. Ayrimlariga “Madad” NNT tomonidan arizasi yozib berildi. Murojaatlardan 1 tasining ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, 4 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berilib, ularni qonunda belgilangan tartibda hal qilishga qaratilgan mexanizmlar toʻgʻrisidagi takliflar bildirdilar.
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, muammolarini bartaraf etishda yaqindan koʻmak berish maqsadida oʻtkazilgan sayyor uchrashuvlarda sud-huquq tizimi masʼullari tomonidan murojaatlari tinglanib, eʼtiborga olinganidan ayol-qizlar va yoshlar nihoyatda mamnun boʻldilar.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶