MAJBURIY MEHNATGA JALB QILISh JAVOBGARLIKKA TORTIShGA SABAB BOʻLADI
Bugungi kunda “majburiy mehnat” mavzusini keng targʻibot qilish zaruriyati yanada dolzarb boʻlib bormoqda. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda majburiy mehnat holatlari turlicha talqin qilinib, masalaning ildiziga yetishda bu boradagi qonun hujjatlaridan toʻla xabardor emaslik oqibatida vaziyatni chigallashtirib yuborish hollari uchramoqda. Fuqarolar, huquqiy shaxs maqomidagi subʼektlar, ish beruvchilar va ishlovchilarning mehnat qonunchiligi boʻyicha amaliy va nazariy bilimlarini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz zarur deb uylayman.
Xoʻsh, majburiy mehnat nima va u qanday koʻrinishlarga ega? Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga muvofiq, “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.”
Bu kabi meʼyorlarni Mehnat kodeksining 7-moddasida ham kuzatishimiz mumkin: “Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi” deb belgilab qoʻyilgan. Quyidagi ishlar, yaʼni harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Hech kim shaxsni ishdan boʻshatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va boshqa tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas. Demak, xodimni zoʻrlash yoki qoʻrqitish, jazo qoʻllash, mehnat faoliyati va ragʻbatlantirishni cheklash kabi usullar orqali bevosita mansab vazifasiga kirmaydigan har qanday ishga jalb qilish majburiy mehnat deb topiladi. Xodimlarni ularning ixtiyorisiz obodonlashtirish, mavsumiy qishloq hoʻjaligi va qurilish ishlariga, shuningdek, turli tadbirlarga jalb qilish kabilar ham majburiy mehnatning koʻrinishlari deb baholanadi.
Majburiy mehnat elementlari quyidagi majburiy mehnat indikatorlari orqali oʻz ifodasini topadi yoki baholanadi: Aldash, harakatlanishni cheklash, izolyatsiya qilish, jismoniy va jinsiy zoʻravonlik, doʻq-poʻpisa va qoʻrqitishlar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni olib qoʻyish, maoshni toʻlamaslik, zaiflikdan foydalanish, qarzga botirish, mehnat va yashashning tubdan sharoitlari, oʻta koʻp soat davomida ishlatish, huquqlar, ustunliklar, imtiyozlardan mahrum etish. Shulardan, doʻq-poʻpisa va qoʻrqitishlar hamda oʻta koʻp soat davomida ishlatish kabi indikatorlar bizda koʻproq uchraydi.
Majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi MJTKning 51-moddasiga koʻra, mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
N.Jumaniyozova, tuman “Madad” huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶