MAKTABDA HARBIY-VATANPARVARLIK MAVZUSIDA TADBIR OʻTKAZILDI
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya olayotgan oʻquvchilarni milliy gʻoya va Vatanimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbiga Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligini chuqur singdirish, qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib boʻlish tuygʻusini shakllantirish dolzarb vazifadir. Shu tariqa ularda milliy armiyamizning kuch-qudrati va salohiyatiga boʻlgan ishonchi mustahkamlanadi va hurmat-ehtiromi uygʻotiladi, milliy armiyamizga jismonan baquvvat, maʼnan yetuk, yuksak salohiyatli yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir yigitning sharafli vazifasi ekanligi singdirib boriladi.
Mamlakatimiz umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yoshlarni chaqiriqqa tayyorlash fani oʻqituvchilari zimmasiga bu borada ulkan vazifalar yuklangan. Ular oʻquvchi-yoshlarda yon-atrofimizda va jahonda roʻy berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondoshish koʻnikmalarini, yot gʻoyalarga qarshi immunitetni shakllantirishga harakat qilishmoqda. Bu vazifalarni ado etishda tumanimiz taʼlim muassasalari tuman Mudofaa boʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatgan.
Shu yilning 30-yanvarida Milliy gvardiya, Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, Mudofaa boʻlimi, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi hamkorligida 22-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida harbiy vatanparvarlik mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirga maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilaridan tashqari tumandagi barcha maktablarning yoshlarni chaqiriqqa tayyorlash fani oʻqituvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi Gʻulomjon Qurbonboyev ochdi va mazkur tadbir maqsadi haqida batafsil maʼlumotlar berdi.
Tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasining katta leytenant Abdurahmon Abdullayev ragʻbarligida kelgan bir guruh harbiy xizmatchilari qatnashdi. Abdurahmon Abdullayev Milliy armiyamizning kuch-qudrati va salohiyati tobora yuksalib borayotganini, sohaga zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi chegaralarimiz daxlsizligini ishonchli qoʻriqlashga xizmat qilayotganini tushuntirdi. Shuningdek, oʻquvchilarga zamonaviy qurol-aslahalar hamda zirhlangan texnikalar, ularning ishlatilishi haqida maʼlumotlar berildi va ular bilan oʻquvchilar tanishtirildi. Oʻquvchilar ushbu texnikalarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Tadbirda bugungi oʻquvchi-yoshlar Vatanimiz kelajagi ekanligi, yurtimiz tinch-osoyishtaligini asrash kelgusida ularning sharafli burchi ekanligi keng targʻib etildi.
Oʻquvchilar harbiy xizmatchilarga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berib, atroflicha javob oldilar.
Tadbir barcha oʻquvchilarda harbiy sohaga havas va qiziqish uygʻotdi, koʻngillariga shu aziz va muqaddas Vatanimiz sarhadlarini sobit turib qoʻriqlash, ona yurtimizga fidoyi xizmat qilishdek ezgu orzularni joyladi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶