SOFLOM BOLA
Tong otdi. Vatanda ajib tarovat:
togʻlarning bagʻrida ollandi lola.
Hayot goʻzalligin etib qiroat,
Dunyoni uygʻotib uygʻondi Bola!
Belanchak tebranar. Bagʻrida Quyosh
asta bosh koʻtarib chiqayotganday..
Quyosh nurin ichgan yurakdan otash
muz qotgan dillarga oʻtayotganday...
Belanchak tebranar. Tegrasi mayin
iforga, xotirjam onlarga toʻla.
Voajab! Lahzalar oʻtgani sayin,
Dunyoga intilib ulgʻaydi Bola.
Pildirab chiqdi u hovli yuziga,
Yer-u osmonlarga yozdi qulochin.
Hayratlardan porlab yongan koʻzida,
Kamalak rangida tovlandi Ochun!
On-a-a! Onajon, deb tilga kirdi u,
Oila qoʻrgʻoni guldirab ketdi.
Soʻng katta yoʻl tomon shodon yurdi u,
Yoʻllar qadamidan gurkirab ketdi!
Suvdan Quyosh aksin oldi hovuchlab
Va sochib yubordi uni boshidan.
Mitti orzularin dilda opichlab,
Dunyoni tanidi goʻdak yoshidan!
Robiya YOʻLDOShEVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶