OʻZBEKISTONDA YoShLARGA OID DAVLAT SIYoSATINI 2025-YILGAChA RIVOJLANTIRISh KONTsEPTsIYaSI TASDIQLANDI
2021-yil 18-yanvarda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi” Prezident Farmonlari va Qarorlari, Hukumat Qarorlari, Yoshlar manfaatlari boʻyicha butunjahon Harakatlar dasturi, 2020-yil dekabr oyida tashkil etilgan “Oʻzbekiston yoshlari” forumida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilgan.
Aytish mumkinki, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida alohida tizim yaratildi. Bularning zamirida ularni barkamol qilib voyaga yetkazish, sifatli taʼlim olishini taʼminlash orqali bugungi globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan murakkab davrda har qanday tahdidlarga, mafkuraviy xurujlarga qarshi tura oladigan, Vatanimizning ertangi kunini oʻz qoʻllariga olishga, raqobatga qodir boʻlgan yetuk kadrlarni tayyorlashdek ezgu maqsadlar mujassam.
Kontseptsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Yoshlar parlamentlari, Yoshlar komissiyasi, yoshlar tashkilotlari, yoshlar siyosati boʻyicha xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, faol yoshlar muhokamalari, taklif, tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan. Endilikda ushbu hujjat barcha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlarning yaqin hamkorligida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar manfaatlarini himoya qiladigan 830 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoat birlashmalari faoliyat olib borayapti. Har bir mahalla, tuman, viloyat kesimida ijtimoiy-huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji, ishtiyoqi bor yoshlar uchun “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi va unga qamrab olingan yoshlar bilan muntazam ish olib borilayapti.
Yoshlarning orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoit yaratish maqsadida turli loyihalar oʻtkazilmoqda, davlat mukofoti taʼsis etildi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, baʼzi yoshlarning tibbiy madaniyati past, baʼzilari oʻz sogʻligi uchun masʼuliyatni chuqur his qilmaydi, yoshlar ishtirokida qonun buzilishi, jinoyatlar sodir etilishi hamon sodir boʻlmoqda.
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasining amalga oshirilishi natijasida bu kamchiliklarga barham berilib, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda raqobatbardosh, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yosh avlod shakllantirilishi maqsad qilingan.
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, vazifalar aniq belgilab berilgan.
Sevara ISMOILOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶