UMUMXALQ XAYRIYa HAShARI UYuShQOQLIK BILAN OʻTKAZILDI
Bayramlar, qutlugʻ kunlar oldidan hovlisi chor-atrofini tozalash, tartibga keltirish, xonadonini sarishta qilib qoʻyishdek xalqimizning azaliy qadriyatlari davlatimiz siyosatida ham aks etadi.
Har yili Navroʻz va Mustaqillik bayramlari arafasida umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish, hududlarda keng koʻlamli obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkillashtirish, kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga moddiy koʻmak berish, keksalar, nogironligi boʻlgan fuqarolar yashash xonadonlarini taʼmirlab, orasta va saranjom qilishga koʻmaklashishdek savobli ishlarni amalga oshirish hayotbaxsh anʼanaga aylanib bormoqda.
Hukumatimiz farmoyishiga binoan, Navroʻz umumxalq bayramiga munosib tayyorgarliklar koʻrish, hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish maqsadida joriy yilning 13-martida “Obod va koʻrkam mahallam” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish belgilangan edi.
Ushbu tadbir tumanimizda ham uyushqoqlik bilan oʻtkazildi. Bahorning 13-kuni boʻlsa-da, qish zahri ketmagan sovuq ob-havo sharoitida tumanimizning koʻngilli boʻlib hasharga chiqqan aholisi hududlarni keng miqyosida koʻkalamzorlash, obodonlashtirishga erishib, har yilgi anʼanani davom ettirdilar. Ularning saʼy-harakatlari bilan koʻchalar, yoʻl boʻylari, ariqlar tozalanib, sanitariya holati yaxshilandi. Koʻp qavatli binolar, hovlilar atrofi tartibga keltirildi. “Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam” shiori ostida yoʻllar boʻylari, yashil hududlarga gullar, mevali, manzarali daraxtlar koʻchatlari oʻtqazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yakka-yolgʻiz yashovchi shaxslarning, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmak berildi. Obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va tozalash ishlarini amalga oshirish jarayonida toʻplanib qolgan chiqindilar maxsus belgilangan hududlarga chiqarib tashlandi.
Shu kuni ushbu harakatlarda jami 26 mingdan ziyod fuqarolar qatnashdilar. Ularning saʼy-harakatlari tufayli 57 gektardan ziyod maydonlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. 58 tonnadan ziyod maishiy chiqindilar chiqarib tashlandi. 75 ta qabriston obodonlashtirildi. 877 ming tubdan ziyod manzarali daraxat koʻchatlari, 273 tubdan ziyod mevali koʻchatlari, 204 tubdan ziyod gul koʻchatlari oʻtqazildi. 16 mingdan ziyod daraxtlarga shakl berildi va oqlandi.
Amalga oshirilgan ishlarga 48 ta texnikalar jalb etildi.
Shuningdek, 36 ta uy-joylar taʼmirlandi, 106 ta ehtiyojmand oilalarga moddiy yordamlar berildi. Shu jumladan 13 nafari yolgʻiz qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslardir.
Ozodalik, saranjomlik tobora goʻzallashib, obod boʻlib borayotgan yurtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshadi. “Obod va koʻrkam mahallam” shiori ostida boʻlib oʻtgan umumxalq xayriya hashari davomida hududimiz qiyofasi oʻzgaribgina qolmay, mehrga, eʼtiborga, koʻmakka muhtoj koʻngillarga ham shodlik ulashildi. Axir donolarimiz bejizga “koʻngil-koʻngildan suv ichadi”, deyishmaganda.
Hashar-saranjom-sarishtalik, ahillik va hamjihatlik ramzi ekanligi yana bir bor namoyon boʻldi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶