DINIY BILIMSIZLIK HAM MAʼNAVIY, HAM MODDIY ZARAR YeTKAZDI
Diniy va huquqiy bilimsizlik insonni nafaqat yoʻldan adashtiradi, balki eldoshlari orasidagi obroʻ-eʼtiboriga putur yetkazadi. Hatto iqtisodiy tanazzulga olib keladi.
Tumanimiz mahallalaridan birida yashovchi, endigina 19 yoshga toʻlgan yoshgina, Mohirbek ismli (ism oʻzgartirildi) yigit ne mashaqqat bilan oʻzi ishlab topgan puliga “Redmi 6Pro”rusumli qoʻl telefonini sotib olib, hujjatlashtirdi. Yangi qoʻl telefonini ochib, uning xotirasida 56 ta audio, 5 ta video yozuvlar borligini koʻrib, bu audio va video yozuvlar diniy ekstremizm targʻibotiga oid ekanligini tushunib yetmay, ular bilan tanishishda davom etdi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari boʻyicha qoʻmitasining (04.03.2021-yilgi) №26-sonli xulosasida bu kabi “Diniy ekstremistik mazmundagi video va audio yozuvli maʼruzalarni Oʻzbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taʼqiqlanadi”, deb koʻrsatilgan.
Mohirbek huquqiy va diniy savodsizligi oqibatida oʻz hatti-harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 184-3-moddasida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.
Yaqinda Mohirbek tomonidan sodir etilgan ushbu maʼmuriy ish uning oʻzi istiqomat qiladigan mahallada, jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudining koʻchma ochiq sud majisida huquqbuzarning yaqinlari, mahalladoshlari ishtirokida muhokama etildi.
Ochiq sud majlisida Mohirbekning diniy savodsizligi, qolaversa, mahalla oqsoqoli hamda mahalladoshlarining u haqdagi ijobiy fikrlari, huquqbuzarning oilaviy ahvoli, ishsizligi, uning qattiq pushaymonligi inobatga olindi va unga Oʻzbekiston Respublikasi MjTKning tegishli moddalariga koʻra, BHMning ikki baravari miqdorida jarima jazosi qoʻllanilib, huquqbuzarlikni sodir etish paytida foydalangan qoʻl telefoni davlat foydasiga musodara etildi.
Bilimsizlik insonni ne koʻylarga solmaydi, deysiz. Mohirbek ham diniy va huquqiy savodsizligi bois, oʻzi sotib olgan qoʻl telefoni xotirasiga gʻarazli niyatdagi kishilar tomonidan ataylab tayyorlangan buzgʻunchi gʻoyalar targʻibotiga bagʻishlangan audio va video yozuvlarning qanday oqibatlar keltirishini bilmadi. Agar bilganida darhol oʻchirib tashlagan yoki qoʻl telefonini hujjatlashtirmasdan avval huquqni muhofaza etish organlariga olib borib, uni sotgan kimsalarga chora koʻrish haqida oʻylagan boʻlardi.
Afsuski, gʻisht qolipdan koʻchib, uning oʻzi ham maʼnaviy, ham moddiy zarar koʻrdi. Shuni aytadilar-da “bilimsizlik odamni sarson-sargardon qiladi, adashtiradi, zulmat yoʻllar tomon yetaklaydi”, deb.
S.DAVLETMURATOV, jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶