Tumanimizda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali oʻtkazilmoqda
Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yildan beri mamlakatimizda 30-iyun – yoshlar kuni sifatida keng nishonlanadi.
Mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi nishonlanadigan mazkur yilda ham ushbu sanani yuqori saviyada, koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish maqsadida yurtimizning barcha hududlarida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” tashkil etilib, ayni kunlarda oylik doirasida turli mavzulardagi madaniy-maʼrifiy, koʻngilochar tadbirlar, marafonlar, sport musobaqalari, amaliy intellektual tanlovlar, uchrashuv va davra suhbatlari, seminar-treninglar, taniqli ijrochilar ishtirokidagi gala kontsertlar, millatlararo doʻstlik festivallari, turli aktsiyalar tashkil etilmoqda.
“Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – birlashaylik!” shiori ostida bugun – 8-iyun kuni tumanimizda ham yoshlar festivali tashkil etildi.
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, tuman Ichki ishlar boʻlimi, tumanimiz hududidagi 92-02 chegara qoʻshinlari harbiy qismi, tuman Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, Yoshlar ishlari Agentligi tuman boʻlimi hamda OʻzYoI tuman Kengashi tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan rejaviy-jadvalga koʻra, Mangʻit shahrining Yangiobod mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Mangʻit – Gurlan shoh koʻchasi boʻylab yugurish boʻyicha marafon tashkil etildi. Ertalabki soat 8:00da boshlangan mazkur marafon qariyb bir soat davom etdi va unda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 400 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etishdi.
Taʼlim muassasalari bitiruvchilari, mahallalardagi uyushmagan va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar ishtirok etgan ushbu marafonni oʻtkazishdan maqsad yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga koʻmaklashish, bandligini taʼminlash, ularni yangi orzular sari ilhomlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Doʻstlik, bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik gʻoyalari asosida oʻtkazilgan festivalning ilk musobaqasi boʻlgan yugurish boʻyicha marafonda oʻzlarining chaqqonliklari, kuch va salohiyatlarini amalda namoyon etgan yoshlar gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar.
Xususan, oʻgʻil-bolalar oʻrtasidagi qizgʻin bahslarda 1-oʻrin Shuhratjon Jumaboyevga, ikkinchi oʻrin Rashidbek Iskandarovga va uchinchi oʻrin Otabek Sultonmurodovlarga nasib etdi.
Yugurish boʻyicha marafonning qizlar oʻrtasidagi bahslari yanada qiziqarli taassurotlarga boy boʻldi. Oʻzaro doʻstlik va samimiyat ruhida oʻtgan musobaqalarda Gulbonu Oʻrinboyeva 1-oʻrinni egalladi. 2-oʻrin Tillo Shomurodovaga, 3-oʻrin esa Dinora Ozodovaga nasib etdi.
Musobaqa gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
“Yoshlar oyligi” doirasida boshlangan yoshlar festivali shu kuni Olmazor mahallasi hududida yanada jipslik va koʻtarinki kayfiyatda davom etdi. Taʼlim muassasalari oʻquvchilari va mahallalardagi 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 150 nafardan ziyod yoshlar ishtirokida tumanimizda yangidan tashkil etilgan tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyiga sayohat uyushtirildi. Sayohat davomida “Harbiylar va yoshlar” uchrashuvi ham oʻtkazildi. “Harbiylar va yoshlar” uchrashuvida harbiy zobitlar tomonidan zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-aslahalar koʻrgazmasi namoyish etilib, mazkur koʻrgazma boʻyicha yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Oʻz navbatida harbiy zobitlar tomonidan yoshlarning savollariga batafsil javoblar berilib, koʻrgazmaga qoʻyilgan harbiy texnika va qurol-aslahalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot va tushunchalar taqdim etildi.
Tumanimizda “Yoshlar oyligi” doirasidagi bu kabi tadbirlar koʻngilochar madaniy dam olish tadbirlariga ulanib, yoshlar hayotiga yanada koʻrkamlik va fayz bagʻishlamoqda.
Oylik doirasidagi mazkur festivalning adabiy-badiiy qismi 8-iyun kuni kechqurun Mangʻit istirohat bogʻida yanada joʻshqinlik bilan davom etadi. Festival ishtirokchilari uchun tashkillashtirilgan gala kontsert dasturi davomida yugurish boʻyicha marafon gʻoliblariga tuman hokimligi tomonidan qimmatbaho sovgʻalar va faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshiriladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶