OROMGOHLARDA BOLALARNING FAVQULODDA VAZIYaTLARDA HARAKAT QILISh KOʻNIKMALARI OShIRILMOQDA
Mamlakatimizda yozgi bolalar oromgohlarida bolalarning miriqib hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratib berilgan. Shu bilan birga bu yerdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga koʻra, Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari mutaxassislari tomonidan yoz mavsumida bolalar vaqtini sermazmun oʻtkazish hamda favqulodda vaziyatlarga oid bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida joylarda bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Hususan, joriy yilning 10-iyun kuni tumanimizdagi “Qaldirgʻoch” nomli bolalar yozgi dam olish oromgohida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish mavzusida amaliy maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi. Ushbu amaliy mashgʻulotni oʻtkazishdan asosiy maqsad favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda ularning oqibatlarini bartaraf etishda shaxsiy tarkibning bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashdan iborat.
Oʻquv mashgʻulot tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tashabbusi bilan oromgoh rahbariyati va tarbiyachilar hamkorligida tashkil etildi. Har yilgidek oromgohlarga Favqulodda vaziyatlar boʻyicha masʼul xodimlar biriktirildi. Ushbu masʼullar ushbu obʼektlarda xavfsizlik, oromgohlarda ishchi-xizmatchilar tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etishlarini, bunday vaziyatlar sodir boʻlganida toʻgʻri harakat qilish tartiblarini bilishlarini, oromgoh hududi va xonalarida yongʻinga qarshi rejim saqlayotganligini tushuntirish hamda mustahkam qoʻriqlanishini taʼminlash maqsadidagi turli tadbirlarni amalga oshirishmoqda.
Bu ishlarning samarasini yanada oshirish maqsadida oromgohlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan koʻrgazmali targʻibot materiallari hamda maxsus texnikalar yordamida bolalar bilan turli uchrashuvlar, tushuntirish ishlari, davra suhbatlari oʻtkazilib kelinmoqda. Bu esa oʻz navbatida yosh avlodni yongʻin-qutqaruv sohasiga qiziqtirish, ularni favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga oʻrgatish, yongʻin xavfsizligi qoidalarini oʻzlashtirishlariga, maxsus texnikalarning taktik imkoniyatlari, jihozlarning vazifalari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishlariga zamin yaratmoqda.
Mashgʻulot davomida dastlab oromgohda dam olayotgan bolalarga yongʻin oʻchirish asbob-anjomlari bilan koʻrgazmali uchrashuv tashkil etildi. Soʻngra bolalar yotoqxonasida shartli ravishda yongʻin sodir qilinib, oromgohdagi ishchi-xizmatchilar va yongʻin qutqaruv xizmati xodimlarining bolalarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilishlari hamda yongʻinni bartaraf etishlari amalda koʻrsatilib berildi. Mashgʻulot yakunida ishchi-xizmatchilar va yongʻin qutqaruv xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatilib, kelgusida bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik borasida tushunchalar berildi.
Mashgʻulotdan keyin Mangʻit shahri Ahmad Yassaviy hamda Islomobod koʻchalarida joylashgan yongʻinga qarshi suv olgich gidrantlarining texnik holatlari tuman Suv tarmoqlari korxonasi hodimlari bilan birgalikda amalda oʻrganilib, mavjud nosozliklar joyida bartaraf etildi.
Sevara Ismoilova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶