ADLIYa BOʻLIMI FUQAROLARGA BOLA PARVARIShI NAFAQA PULLARINI UNDIRIShDA KOʻMAKLAShDI
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hukumatimiz tomonidan oxirgi yillarda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf qilish, korruptsiyaviy omillarni yoʻqotish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash yuzasidan koʻplab islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, joylarda mutasaddi xodimlarning eʼtiborsizligi va oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashi oqibatida mazkur ijtimoiy yordam va nafaqalarning vaqtida, toʻligʻicha, oʻz manzillariga yetib bormayotgan holatlari ham uchrab turibdi.
Tuman Adliya boʻlimiga shu yilning may oyiga qadar ana shunday holatlar yuzasidan turli mazmundagi ariza va shikoyatlar kelib tushdi. Murojaatlarni oʻrganish davomida fuqarolarning 2 yoki 3 oylik bola parvarish pullari oʻzlariga nomaʼlum sabablarga koʻra toʻlanmasdan qolgani, bu boʻyicha tegishli idoralarga qilgan murojaatlari hal qilinmasdan kelinayotgani aniqlandi.
Maʼlumki, Fuqarolik Kodeksining 15-moddasiga muvofiq, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan zararlarni qoplash sudning qarori bilan shu mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin.
Mazkur murojaatlarni oʻrganishda aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan tuman Adliya boʻlimi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudiga daʼvo arizalari kiritildi. Sudda tuman Adliya boʻlimining fuqarolar L.Sh, Sh.A va I.R.lar manfaatida javobgarlar, yaʼni Oʻrta qalʼa, Xolimbeg ovullari va Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻiniga nisbatan, toʻlanmasdan qolgan bola parvarishi pullarini undirish haqidagi daʼvo talablari qisman qanoatlantirildi. Ushbu fuqarolarga toʻlab berilishi lozim boʻlgan jami 3 mln. 38 ming soʻm nafaqa pullari sud hal qiluv qarori bilan undirib berildi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan bunday xato va kamchiliklar oʻz vaqtida, qonun yoʻli bilan joyida bartaraf qilinsa, birinchidan, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga, ularning idorama-idora, sudma-sud yurishining oldini olishga, ikkinchidan, davlat idoralarida ariza va shikoyatlarning, sudlarda ish hajmining kamayishiga yordam boʻlar edi.
M.Matyusupov,
tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶