Har dilda istiqlol shukuhi
Yurtimizda bayramlar, qutlugʻ sanalar koʻp. Biroq xalqimizning asriy orzularini roʻyobga chiqargan, oʻz erki, dini, oʻzligini qaytarib bergan istiqlol bayramining mazmun-mohiyati juda teran.
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, barcha jabhalarda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, farovonlik, obodlik zamirida istiqlolimiz bergan imkoniyatlar mujassam ekanligi barchamizga ayon.
Shu boisdan ham butun mamlakatimizda mustaqillikka erishilgan kun eng ulugʻ, eng aziz bayram sifatida keng nishonlanadi.
Mazkur sana munosabati bilan tumanimizning barcha ovul va mahallalarida, mehnat jamoalarida istiqlolni ulugʻlovchi tadbirlar boʻlib oʻtdi. 29-avgust kuni Mangʻit shahridagi Bolalar sport majmuasida butun tumanimiz mehnatkashlarining "Yagonasan, muqaddas vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, goʻzal Oʻzbekistonim!” deb nomlangan teatrlashtirilgan bayram tomoshasi boʻlib oʻtdi.
Tadbir oldidan tumanimiz fermer xoʻjaliklarida yetishtirilgan poliz ekinlari, sabzavotlarning, mevalarning, tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Bayram tomoshasiga tashrif buyurgan mehmonlar avval koʻrgazma bilan tanishib chiqdilar. Usta hunarmandlarimiz, tadbirkorlarimiz yasagan uy-roʻzgʻor buyumlari, jihozlari ham tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Mehmonlar tomoshagohda karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Maydon uzra hilpirayotgan mustaqil davlat bayroqlari, milliy musiqamiz koʻngillarga istiqlol shukuhini teranroq joyladi, faxr-iftixor joʻsh urdi.
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari ijrosidan soʻng, tuman hokimi R.Yoʻldoshev minbarga chiqib, yigʻilganlarni, butun tumanimiz ahlini mamlakatimiz mustaqilligining 23-yilligi bilan tabrikladi. Tumanimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlariga yuksak baho berib, mehnatkashlarni yanada gʻayrat-shijoat bilan ishlab, tinchligimizni, farovonligimizni koʻz qorachigʻiday asrashga chaqirdi.

Shundan soʻng tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan bayram dasturi namoyish etildi, xalqimizning milliy tomoshalariga keng oʻrin berildi.

Bayram tantanasi barcha ishtirokchilarda chuqur taassurotlar qoldirdi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶