SOGʻLOM YaShAShNING ODDIY VA FOYDALI QOIDALARI
Inson xizmat vazifasi yoki uy ishlarini bajara oladigan boʻlsa, sogʻligʻini yaxshi deb hisoblaydi, salomatligida biron muammolar paydo boʻlib, ahvoli ogʻirlashgandagina yomon deb baholaydi. Aslida sogʻliq uchun oddiy koʻrsatkichlar ham muhimligini hamma ham bilavermaydi.
Agarda kishi organizmida barcha hayotiy jarayonlar meʼyorida kechsa, yaʼni ishchanlik, chiniqish, yaxshi ishtaha, sogʻlom uyqu, yaxshi kayfiyat kabilar oʻz oʻrnida boʻlsa, sogʻlom odam odatdagi ish yuklamalarini bemalol bajaradi. Ishchanlikni taʼminlashning eng samarali usuli bajaradigan ishni maʼlum bir tartibga buysundirish, yaʼni ish va dam olish oraliqlarini toʻgʻri belgilashdir. Odatda kishi koʻp ishlaganidan emas, balki, tartibsiz ishlaganidan charchaydi.
Chiniqishdan koʻzda tutiladigan maqsad organizmning issiq va sovuq harorat sharoitlariga moslasha olish imkoniyatlarini taʼminlash sanaladi. Ertalabki quyosh nurlarida bir muddat boʻlish, muntazam ravishda ertalabki badantarbiya, kun davomida jismoniy mashqlar bajarish, sportning biror turi bilan shugʻullanish, toza havoda sayr qilish, piyoda yurish – bularning barchasi tanani chiniqtirishga yordam beradi.
Yaxshi ishtaha deganda ovqatxoʻrlikni tushunmaslik kerak. Ovqatlanishdagi asosiy talab ochlik va toʻqlik oʻrtasidagi meʼyorni topish va shu holatni saqlab borish kerak. Sogʻlom odamning uyqusi tinch va uzluksiz boʻladi. Tartibga keltirilgan ish va kun tartibida sogʻlom odam 3-4 minut ichida uxlab qoladi va ertalab yaxshi kayfiyatda uygʻonadi. Agarda kishi uzoq vaqt uxlay olmasa, uyqusida tez-tez uygʻonsa, uyqudan keyin oʻzini lanj va kayfiyatsiz sezsa, bunday uyqu salomatlikning, ayniqsa, asablar tizimining yaxshi emasligidan dalolat beradi. Uyqu vaqtida asablar tinchligi hisobiga ichki aʼzolarning ishi yaxshilanadi.
Kimdaki, xotira yaxshi boʻlsa, uning axborotlarni esda saqlash imkoniyati koʻp boʻladi va bu hol uning bilimdonlik darajasini belgilaydi.
Yaxshi kayfiyat salomatlikning asosiy koʻrsatkichi boʻlib, uni yaxshilashning imkoniyatlari koʻp. Imon-eʼtiqodli, sogʻlom odam gʻazab, qoʻrquv va iztiroblardan xoli boʻlib, har qanday sharoitda ham bosiq, oʻyli, mulohazali va yaxshi kayfiyatda boʻladi. Buning uchun hayotdagi har bir narsadan goʻzallik, mazmun, hayotiy xulosa topishga harakat qilish kerak.
J.Yavqashev,
TTB ASTTQQ va JFO boʻlimi shifokori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶