NAMUNALI TOMORQA YeR EGALARI TAJRIBASI OMMALAShTIRILMOQDA
Mamlakatimizda tomorqa xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli soʻnggi yillarda ichki bozorni sarxil meva-sabzavotlar, poliz mahsulotlari bilan taʼminlash yaxshilanib, ayni damda ilgʻor tomorqa yer egalari oʻzlari yetishtirgan mahsulotlari bilan qoʻshni viloyatlar va tumanlar bozor rastalarini ham toʻldirishmoqda. Hatto ishning koʻzini biladigan tadbirkor tomorqachilar yilning toʻrtta faslida ham turli xil sabzavotlar, tsitrus mevalar yetishtirib, el-yurt farovonligiga munosib hissalarini qoʻshmoqdalar.
Amudaryo tumanida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilib, tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi yetakchi mutaxassislari tomonidan eng chekka hududlardagi tomorqa yer egalariga nazariy va amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda. Xususan, tomorqa yer egalariga yerdan unumli foydalanishlari uchun ularni sifatli urugʻliklar, oʻgʻit va koʻchatlar bilan taʼminlash, tajribali tomorqachilar faoliyatini keng ommalashtirish, pishiqchilik mavsumida yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yigʻishtirib olib, ichki va tashqi bozorga yoʻnaltirish boʻyicha amaliy yordam va maslahatlar berilib kelinmoqda.
Ayni paytda Amudaryo tumanidagi mavjud tomorqa yer maydonlaridan unumli foydalanish maqsadida Fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan 2023 dehqonchilik yili uchun aniq va puxta reja ishlab chiqilib, har bir qarich yerdan unumli foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Unga koʻra, joriy 2023-yilda tumandagi mavjud 5807 gektar tomorqa yer maydonlari xatlovdan oʻtkazilib, hududlar boʻyicha ushbu yer maydonlarining sharoitlari mutaxassislar tomonidan puxta oʻrganib chiqildi va bahorgi ekish ishlari rejalashtirildi. Rejaga muvofiq 2731 gektar yerga turli xil sabzavot, 758 gektar tomorqa yerlariga poliz, 869 gektar yerga kartoshka, 422 gektar dukkakli, 160 gektar moyli va 865 gektar boshqa zarur ekinlar ekish belgilandi.
Ayniqsa, aholi tomorqasidan samarali foydalanish, yil davomida kamida 2-3-marta hosil olish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kamida 1,5 baravar koʻpaytirish maqsadida Fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan nazariy va amaliy tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xolimbeg ovulida Kengash tomonidan tashkil etilgan, yer bilan tillashib, oʻz oilasi va el-yurt farovonligiga munosib hissasini qoʻshayotgan ilgʻor, namunali tomorqa yer egalari tajribalarini ommalashtirishga bagʻishlangan tajriba almashuv seminari ishtirokchilari buning yaqqol guvohi boʻldilar. Tajriba almashuv seminari Xolimbeg ovulidagi namunali tomorqasi Erkinboy Qoʻshayevning xoʻjaligida oʻtkazildi.
“Namunali tomorqachi” koʻkrak nishoni sohibi Erkinboy Qoʻshayev asosiy tomorqa yeridan yil davomida 2-3-marta hosil yigʻib oladi. Daromadi ham shunga yarasha. Tomorqa yer atrofida saf tortgan mevali daraxtlar, uzum toklari, chorva-yu parrandasining barakasidan uy-joyini zamonaviy qiyofaga keltirdi, farzandlarini oʻqitdi, yangi avtomobil egasi boʻldi. Muhimi, butun oila aʼzolarining doimiy ish bilan bandligi taʼminlandi.
Fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi mutaxassislari, Xolimbeg ovuliga biriktirilgan hokim yordamchisi va malakali agronomlar va tomorqa yer egalari ishtirok etgan mazkur tajriba almashuv seminarida Erkinboy Qoʻshayevning 1 sotixli limonchilik issiqxonasida amalga oshirilayotgan ziroatchilik tajribasi ommalashtirildi. Xususan, qahraton qish oylarida ushbu tsitrus meva nihollarini parvarishlash, issiqxonada moʻʼtadil iqlim sharoitini yaratish, sarxil limon mevalarini yetishtirish boʻyicha Erkinboy Qoʻshayevning tajribasini tumanning boshqa hududlaridagi tomorqachilar faoliyatiga keng joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar ham belgilandi.
Shuningdek, tajriba almashuv seminari davomida ishtirokchilar ovul hududidagi “Xudoyberganov Feruz” tomorqa xoʻjaligini ham borib koʻrdilar. 3 sotixli issiqxonasida sabzavot va poliz ekinlarining koʻchatlarini yetishtirayotgan Feruz Xudoyberganov oʻz tajribasini ovuldagi boshqa tomorqachilarga ham oʻrgatib kelmoqda. Namunali tomorqachi oʻzi erishayotgan yutuqlarning barchasi oilaviy birdamlik, mehnatni toʻgʻri tashkil etishda ekanligini, ayni paytda qishloqdoshlariga oʻz tajribalarini oʻrgatayotgani, yerdan unumli foydalanish insonning jamiki ezgu niyatlarini amalga oshirishida muhim ahamiyat kasb etishi haqida tajriba almashuv seminari ishtirokchilariga batafsil maʼlumot berdi.
Boʻlib oʻtgan tajriba almashuv seminarida “Tomorqa – koni foyda”, degan xalq eʼtirofi joylarda oʻz ifodasini topib, xalqimizning yerga munosabati, mulkka egalik tuygʻusi tobora mustahkamlanib borayotgani amalda namoyon boʻldi.
Robiy YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶