Bizning davlatimizda hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi
13-dekabr kuni Prezidentimiz rahbarligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar samaradorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda joriy yilda 102 ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirilganligi, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yengilliklar yaratilayotganligi, ijtimoiy xizmat xodimlari tomonidan 95 ming muhtoj odamlarga yordam koʻrsatilganligi, 51 ming kishiga nogironlik belgilanib, ularning 26 mingi protez uskunalari bilan taʼminlanganligi, 5 ming nogironligi boʻlgan bolalarning bogʻcha-maktablarga joylashtirilganligi, davlatimizda hech bir inson davlat himoyasida ekanligi alohida taʼkidlandi.
Bu sohada joylardagi 14 ming rahbarlar 75 ming kambagʻal oilalarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilganligi yaxshi samara bergan, lekin ayrim tumanlarda bu ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Joriy yilda har bir hokimga namunaviy koʻcha tashkil qilish va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay sharoit hozirlash vazifasi topshirilgan edi, bu vazifa 2025-yilda ham alohida nazoratga olinishi va yana bir namunaviy koʻcha tashkil qilish hokimlar zimmasiga yuklatildi.
Yangi yilda 1 million 200 ming aholi kambagʻallikdan chiqarilishi, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni sarflash, Toyloq va Kosonsoy tajribalarini oʻrganish va joriy qilish taʼkidlandi. Oilaviy bogʻchalar soni koʻpaytiriladi va ulardagi 15 foiz oʻrinlar kambagʻal oila farzandlari uchun ajratiladi va bogʻcha toʻlovlari qisman qoplab beriladi. 118 ming yoshlar chet tili, IT va kasb-hunarga oʻqitiladi.
Odamlar baʼzan soatlab davlat idoralarida navbat kutishadi, bitta ijtimoiy yordam olish uchun oʻnlab hujjatlarni yigʻishadi. Ularning ogʻirini yengil qilish maqsadida “ijtimoiy karta” joriy qilinib, u bilan transportda bepul yurish, gaz, elektr va oʻqish xarajatlari uchun kompensatsiya olish mumkin boʻladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushiriladi. Bu tizim kelasi yilning 1-iyuligacha Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida sinovdan oʻtkaziladi. Yangi yildan reabilitatsiya xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi, xizmat turlari va imkoniyatlari kengaytiriladi. Koreya va Yaponiyadan ekspertlar jalb qilinib, kadrlarning malakalari oshiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarni sogʻlomlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlagan tadbirkorlarga turli imtiyozlar beriladi.
Davlatimiz har bir fuqaroning hayotiy ehtiyojlari uchun qaygʻuradi va ularning farovon hayot kechirishlari uchun harakat qiladi. Atrofimizda yashayotgan imkoniyati cheklangan matonatli insonlarning holidan xabar olish, ularning toʻlaqonli insonlar kabi hayot kechirishlariga koʻmaklashish har birimizning burchimizdir.
Sanobar Xoʻjamurotova, 32-Qilichboy saylov okrugidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶