«Aldanib qolayotgan» farzandlar taqdiri uchun kim javobgar?
«Aldanib qoldim». Bu jumla soʻnggi paytlarda tez-tez quloqqa chalinyapti. Ayrim qizlar falon yigit unga bir dunyo vaʼdalar berib, keyin tashlab ketganini, ishonchini suiisteʼmol qilganini aytib, dardi hol qilishadi. Bor aybni yigitlarga toʻnkab, oʻzini panaga olishadi. Biz esa aynan mana shu ayanchli vaziyatni koʻzguga solishga qaror qildik. Xoʻsh, bunday hollarda kim aybdor? Faqat yigitlarmi?»
... «Falon yigit meni ishontirib, tuygʻularimni oyoqosti qilib, keyin tashlab ketdi», deya ayyuhannos soladiganlar bundoq oʻylab koʻrishsin, bunda oʻzining ham aybi yoʻqmi-kin? Axir nomus koʻchada yotgan choʻpmidiki, uni istalgan odam tepib ketaversa. Qiz bolaning hayosi, nomusi qayta tiklanmaydigan darajada nozik, muqaddas ekanini hamma biladi-ku! Xususan, oʻsha diydiyo qiladigan qizlar ham. Xoʻsh, shunday ekan, nega oʻz nomusini himoya qila olmadi? Yigitlar nima desa, ishonib ketaveradigan qizlarni oqlab boʻladimi? Mayli, sevgan ham deylik, lekin sevgi to oʻrtadagi munosabatlar muqaddas nikoh bilan mustahkamlanmaguncha hamma narsaga ruxsat bermaydi-ku! Yigitning niyati yomon ekan, qizning aqli joyida boʻlishi kerak emasmidi? Qolaversa, sevgi koʻcha-koʻyda qoʻl ushlashib, xiyobonlarda bilganini qilib yurish emas-ku!”
Ushbu parcha telegraf.uz saytida eʼlon qilingan "Aldanib qolayotgan” farzandlar taqdiri uchun kim javobgar?” nomli maqoladan olingan. Maqola facebook ijtimoiy tarmogʻining "Xalq bilan muloqot – /Dialog s narodom” guruhiga joylashtirilganidan keyin qizgʻin muhokamalar boshlandi.
Quyida baʼzi yurtdoshlarimizning shu mavzudagi fikrlari bilan tanishasiz (Baʼzi fikrlar mazmuni oʻzgartirilmagan holda tahrir qilingan):
Manzura Djahed: Unutmanglar, qancha yoshlarimiz ota-onasiz qarindoshlarinikida yashayaptilar, ota-onasi xorijda ishlashga ketgan. Qarindoshlari ota-onasi oldi-da yoʻq, koʻnglini yaralamay, deb indamaydilar.
Muxayyo Saidova: Hozir ayrim onalar kiyinish borasida qizlaridan oʻtishadi. Toʻylarga borsangiz eʼtibor bering, kelin qaynonasidan, onasidan faqat oq koʻylagi bilan ajralib turadi. Avvalo, qizlarga tarbiya berishda ona masʼuliyatli boʻlishi kerak, ota ham, albatta.
Moon Usmanova: ... Savdo qilgan paytlarimda otalar kelib, qizlariga shim olib berardi. Hamma tomoni yopiq turarmish. Qizlarni emas, birinchi navbatda onalarni tarbiyalash kerak. "Tonika” bilan "lasina” kiydirmaslik kerak. Boshiga roʻmol oʻratib, uzun koʻylak kiydirish kerak. Keyin qizlar oʻz-oʻzidan toʻgʻri yoʻlga tushadi. Erkaklar oʻzlarini isloh qilib olsa, hammasi zoʻr boʻladi.
Ulugbek Temirogli: Bunda ota-onaning aybi yoʻq. Bunga ishqiy film va seriallar sababchi, deb oʻylayman. Ishonmasangiz, biror bir serialni koʻring, 4-5-sinfda oʻqiydigan bolangiz yugurib kelib, televizor oldiga oʻtirib oladi. Hozirgi filmlar mavzusi sevgi, ishq, ehtiros. Natijasini koʻring!
Nodira Axmadaliyeva: Qush inida koʻrganini qiladi. Ilgari odamlarda andisha boʻlardi. Bir qiz notoʻgʻri qadam tashlasa, qoʻni-qoʻshni gapirardi, koyirdi. Qiz ham oʻshalardan tortinganidan qadamini oʻylab tashlar edi.
Rustam Toshov: Men bu yerda koʻproq ota-ona va mahallani aybdor deb bilaman. Uydan chiqishda ota-ona farzandini nazorat qilsin, koʻchaga chiqqach mahalla. Mahalla raislarini va uning maslahatchilarini halol va obroʻli, boshqalarga soʻzi oʻtadigan insonlar orasidan saylash kerak.
Nilufar Karimova: Hammasi yoshlarning kitob oʻqimasligidan, saviyasi pastligidan. Yoshligimda oʻqigan 2 ta kitobim butun umrga miyamda muhrlanib qolgan: Oʻlmas Umarbekovning "Odam boʻlish qiyin” va Oʻtkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi” romanlari. Aynan birinchi aytib oʻtgan asarimda yigitlarning qanchalik oʻlib, "oh-voh” qilishi 2 tiyinga arzimasligi koʻrsatib oʻtilgan. Bekorga aytishmagan, "gʻunajin koʻzini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi”. Qizlar aqlini yigʻishtirib, etagini yopmagunicha, shunaqa xor boʻlib yuraverishadi.
Xaydar Pulatov: Qachongacha boshqalarni ayblaymiz. Yaxshi tarbiya olib, ertaga yaxshi roʻzgʻor qilib, yaxshi pul topib yashasa, farzandim mening hurmatimni va xizmatimni qiladi, mahalla raisining emas. Shunday ekan, farzandimiz tarbiyasini mahalla raisining zimmasiga yuklamaylik! Chunki uning ham tarbiya berishi kerak boʻlgan farzandlari bor. Farzandi yutuqqa erishgan qaysi ota yoki ona mahalla raisi bilan boʻlishgan?
Gayrat Omon:Ğayrat Omon: Xuddi "voy sharmanda” deb yozayotgan katta yoshli ayollar yoshligida yigitlar bilan park aylanmagandek... Kap-katta amakilarimiz parkka umuman kirmaganday...
Xalima Malikovna: Kirgan, ammo shariatga toʻgʻri kelmagan ish qilishmagan, bir-birini aldab, kimningdir baxtiga tajovuzlik qilmagan.
Manzura Xasanova: Gap faqat kiyimda boʻlganida edi... Ustiga hijob oʻraganlarning baʼzilari nima qilganlarini koʻrsangiz, uyalgangizdan yer tagiga kirib ketganim yaxshi, deb oʻylaysiz...
Yorkin Raimberdiyeva: Hozirgi "qush”lar uyasida koʻrganini emas, koʻchada koʻrganini qilyapti, tarbiyani ota-onadan boshlash kerak. Nega nuqul oʻqituvchilarga yopishasizlar, oʻqituvchi 5 soat sizning bolangiz bilan boʻladi, bolaning qolgan vaqti ota-onalar ixtiyorida-ku?! Yoki oʻqituvchi uyiga borib, ovqat qilishni, tomorqada ishlashni, kir yuvishni, uy tutishni va hokozolarni ham oʻrgatib berishsinmi? Farzandni kim uchun va nima uchun dunyoga keltiradi ota onalar?!
Hurmatli gazetxon! Bu mavzuda Siz qanday fikrdasiz? Fikrlaringizni taraqqiyot2014@umail.uz elektron pochtamizga yoki telegramm orqali 95 605 40 28 raqamiga joʻnating!

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶