KONSTITUTsIYaMIZNING 25-YILLIGI MUNOSABATI BILAN TANTANALI TADBIR OʻTKAZILDI
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga bu yil 25-yil toʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1990-yil 20-iyunda boʻlgan II sessiyasida mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinib, Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida Qonun qabul qilinganidan soʻng, 1992-yil 8-dekabrda Respublika Oliy Kengashining XII chaqiriq, 11 sessiyasida huquqiy hujjat – mustaqillik Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. 25-yil mobaynida ushbu hujjat yangi mustaqil jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi.
Joylarda boʻlgani kabi tumanimizda ham Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunga 25-yil toʻlishi munosabati bilan 5-dekabr kuni tadbir oʻtkazildi. Tuman madaniyat va aholi dam olish markazi binosida boʻlib oʻtgan tadbirda deputatlar, hokimlik va huquqni muhofaza qilish organlari raislari, taʼlim muassasalari rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari rais va maslahatchilari, korxona-tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar.
Yigʻilishda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari Sobir Xoʻjametov ishtirok etdi.
Tadbirni tuman hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedova ochib berdi va barchani Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 25-yillik bayrami bilan qutladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi madhiyalari yangradi.
Tuman hokimi S.Yoʻldashev, tuman prokurori F.Sobirov, maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi I.Shomurodovlar soʻzga chiqib, konstitutsiyamizning bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, iqtisodiyot sohalarini barqaror rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim huquqiy asosi boʻlib xizmat qilayotgani haqida soʻz yuritdilar hamda barchani bu qutlugʻ sana munosabati bilan qizgʻin qutladilar.
Tadbirda turli sohalarda mehnat qilib kelayotgan, halol xizmatlari bilan xalq nazariga tushgan bir guruh yurtdoshlarimizga Konstitutsiyamizning 25-yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25-yil” koʻkrak nishoni topshirildi.
– Mamlakatimizda erishilayotgan barcha yutuq va marralar, ulkan muvaffaqiyatlar zamirida, albatta, Asosiy qonunimizda belgilangan huquq va kafolatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Shirin Yangiboyeva. – Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 25-yillik bayrami arafasida men uchun yana bir quvonchli voqea boʻldi – kamtarona mehnatlarim yuksak eʼtirof etilib, "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25-yil” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Bu zimmamdagi masʼuliyat hissini yanada oshirib, gʻayrat va shijoat bilan ishlashga undaydi.
Tadbirda esdalik nishon sohiblari soʻzga chiqib, oʻz mehnatlariga berilgan bu eʼtibordan minnatdorliklarini bildirdilar va barchani bayram bilan tabrikladilar.
Tadbir soʻnggida
tuman Madaniyat boʻlimi sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi
namoyish etildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶