YoZILMAGAN QONUNNING UMRI TUGAYaPTI!
Yaqinda xizmatchilik yuzasidan bir nufuzli idoraga borib, rahbarini ancha kutib turishimga toʻgʻri keldi. Qabulxonada oʻn chogʻli turli yoshdagi ayollar, erkaklar ham bor edi. Kimdir betoqat boʻlib qoʻl soatiga qaraydi, kimdir: “rahbar odam ish vaqtida ish oʻrnida oʻtirsa boʻlmasmikan?”, deb toʻngʻillab qoʻyadi. Kotiba qiz esa xuddi oʻzi oliy nasab-u quyi nasabdagilarga koʻzi tushganday, bepisandlik bilan tez-tez yurib, goh u yoqqa, goh bu yoqqa oʻtib-ketib turibdi. Rahbarni soʻraganlarga qisqagina qilib, “hozir kelib qoladi”, deb choʻrt kesib javob berayapti.
Oʻtiraverib zerikkan bir ayol:
– Hayy, bugunam ishim bitmaydi, shekilli. Bir haftadan beri qatnayman-ov, – dedi qiynalib.
– Bir haftadan beri navbat kutayapsizmi? – hayron boʻldim men.
– Ha, kotibasi nima yumush bilan kelganimni soʻradi. Aytdim. Unda mana bunday maʼlumotlar olib kelasiz, dedi. Shu qogʻozlarni toʻgʻrilab kelsam, goh rahbar yoʻq boʻladi, goh oldida odam boʻladi.
– Boya bir kishi bilan yarim soatdan ziyod ovozi tashqariga eshitilib, kulishib oʻtirdi. Men endi oldiga kiraman desam, tushlikka chiqib ketdi, – gapga qoʻshildi oʻrta yashar erkak.
– Eshigida odamlarning turishi hech uni bezovta qilmas ekan-da? – ajablandim men.
– Qani, davlat idoralari rahbarlarining xalqqa xizmat qilgani, xalqning muammosi bilan qiziqqani?
Yonimda turgan qiz “yoshligiga borib” jigʻibiyron boʻlayotgan edi, shu payt eshikdan hammamiz kutayotgan odamning qorasi koʻrindi. U bamaylixotir, salobat bilan odimlab kelib, boshini salgina qimirlatib (bu salomlashgani, shekilli) xonasiga kirib ketdi. Shunda bir keksaroq kishi:
– Astagʻfurulloh! Xuddi otasining oʻzi boʻlibdi-ya, – dedi.
– Kimning bolasi oʻzi, bu yigit? – yonidagi odam qiziqib soʻradi.
Haligi kishi aytdi. Keyin sal oʻtib, yana qoʻshib qoʻydi:
– Otasi tirikligida toʻrt oʻgʻlini toʻrt idoraga boshliq qilib qoʻyuvdi. Xullas, u idoradan boʻshasa, yana bir idoraga boshliq boʻlib yurishibdi hammalari. Ishida chatogʻi chiqsayam ilojini topadimi, deyman-da. Aks holda, bir idorada ishdagi xatosi uchun boʻshatilsa, nega yana bir idoraga boshliq boʻlaveradi?
Hamrohlarimning suhbati (quloq degan aʼzolar eshitib turadi-da) meni oʻylantirib qoʻydi.
Yashirishning hojati yoʻq, qaysidir tashkilotga rahbar tanlashda nomzodning ota-onasi, yaqinlari orasida “koʻzga koʻringan”, mansab-martabali kishilarning bor-yoʻqligiga eʼtibor berish, aksincha, yaqin qarindoshlari sudlangan, “tepadagi”larga yoqmagan nomzodni biror mansabga tayinlamaslik kabi hech qayerda yozilmagan qonun yaqin-yaqinlargacha amal qilib keldi.
Xayolimdan oʻzim taniydigan, biladigan tashkilotlar, taʼlim, maktabgacha taʼlim muassasalari, idora rahbarlari bir-bir oʻtdi. Chindan-da, ularning koʻpchiligining ota, aka yo bir yaqini amaldor oʻtgan. Oʻz kuchi, bilimi bilan boʻy tiklab yurganlar kam. Buni tushunish qiyin emas, menimcha. Oliygohni tugatib kelgan talaba yo bir ishdan boʻshab, boshqa ishga kirayotgan odam, albatta, buning uchun rahbarga topganini “ataydi”. Rahbarning yillar davomida yiqqaniga farzandi ertaga bir kun osongina oliygohga kirib, bitirib keladi va ishlab, bir-ikki yil “koʻzi pishgach”, rahbar boʻlib oladi. Oddiy odam farzandini oʻqitadi, ishga joylaydi, biroq koʻpchiligi farzandini rahbar qilishga intilmaydi, chunki choʻntagi koʻtarmaydi.
Ha, ha, necha-necha yillar vaqt gʻil-diragi shunday aylanganidan koʻz yumolmaymiz. Biroq oʻtgan kunlarni eslab, ezilgan vaqtlarimizda koʻnglimizni togʻday koʻtaradigan bugungi kun nafasi goʻyo malham boʻladi. Koʻngilga xush yoquvchi mujdalarni har kuni, necha bor qarshi olayapmiz.
Shukrki, Yurtboshimiz bugun hammadan barcha narsani oʻz nomi bilan atashni talab qilayapti. Oddiy xalqning ham barcha qulayliklarga ega, farovon sharoitda yashashiga intilayapti, Virtual, Xalq qabulxonalari orqali tashvishlariga quloq tutib, ijobiy hal qilayapti, joylarda xalqning rizqini oʻz choʻntagiga urib kelgan rahbarlarni insofga chaqirib, endi xalq bilan hamnafas boʻlib yashashni talab etayapti.
Shular xayolimdan oʻtdi-yu, mansab kursilarida oʻtirgan nomunosib rahbarlarni ham, barcha dilxiraliklarni ham unutib, yengil nafas oldim. Chunki bugun hayotga koʻz qarash oʻzgarayapti, zamon oʻzgarayapti. Yaqin kunlar ichida faqat oʻz gʻamini oʻylab yashaydigan, ishlaydigan rahbarlar ham oʻzgaradi. Meni aytdi dersiz, hali...
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶