INNOVATsION RIVOJLANISh IKTISODIYoTNI YuKSALTIRADI
Tadbirkorlik iqtisodiyotni yuksaltirishda muhim omil hisoblanadi. U aholi farovonligini taʼminlab, daromadlarni oshiribgina qolmasdan, ishsizlikni bartaraf etishda ham beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois, mamlakatimizda istiqlol yillarida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va uni kengaytirishga eʼtibor qaratilib, ishbilarmonlarga barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Hozirgi kunda yurtimizda har xil turdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanib, iqtisodiy rivojlanishga hissa qoʻshayotgan ishbilarmonlar nihoyatda koʻp. Ayniqsa, sanoat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha tashkil etilgan tadbirkorlik subʼektlarida tayyorlangan mahsulotlar bilan bozorlarimiz toʻldirilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatining tobora kengayayotgani esa jamiyatda tadbirkorlik koʻnikmasi shakllanishga ulgurganini anglatadi.
Tadbirkor oʻzi kim? Tadbirkorlik deganda nimani tushunamiz? Vaholanki, mahalliy sharoitmizda koʻpchilik tadbirkorlikni bir joydan, ikkinchi joyga narsa olib kelib sotish, sotayotgan odamni esa tadbirkor deb tushunadi. Vaholanki, tadbirkorlik – muayyan daromad topish uchun rasmiy roʻyxatdan oʻtgan holda, davlat qonunlari asosida ishbilarmonlik faoliyatini olib borishdir. Tadbirkor esa, mana shu faoliyatni tashkillashtiradi hamda rivojlantiradi.
Aql bilan mehnat qilib, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, hunarmandchilik va boshqa shu kabilarni yoʻlga qoʻyib, mahsulot yetishtirayotgan tadbirkorlarimiz yoʻq emas. Ammo shiddat bilan ilgarilayotgan davr uchun bu darajadagi faoliyat yetarli emas. Tadbirkorlikning koʻplab sohalarini yaratib, rivojlantirish kerak. Bu esa yangi gʻoyalar va texnologiyalar joriy etilishini taqozo etadi.
Iqtisodchilar tomonidan tahlil qilinganida, yurtimizning yalpi ichki mahsuloti jon boshiga yiliga taxminan 2111 dollardan toʻgʻri kelishi aniqlandi. Bir oyda esa bir kishi uchun davlat byudjetidan taxminan 110 ming soʻm ajratilishi maʼlumotlarda koʻrsatilgan. Jahon miqyosida qaraladigan boʻlsa, jahon bankining talablariga koʻra, yaʼni ichki mahsulot aholi jon boshiga 12 ming dollardan oshsa, mamlakat rivojlangan hisoblanar ekan. Bu darajaga yetib, rivojlangan davlatga aylanish, dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlish uchun barcha sohalarda tub yangilanishga qaratilgan innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtish kerakligini Prezidentmiz ham Parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida taʼkidlab oʻtdilar.
Bu yil yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash” yili deb nomlandi. Yurtboshimiz yil nomini taklif qilganlarida, faol tadbirkorlik tushunchasiga toʻxtalib oʻtdi. Faol tadbirkorlik deyilganda, kengroq faoliyat tushunilishi lozimligi, endi davr taqozosiga koʻra innovatsion, ilgʻor texnologik usullar bu sohaning asosini tashkil qilishi kerakligi haqida gapirdi. Darhaqiqat, yurtimizga oʻz mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqa oladigan, minglab ishsizlarni ish bilan taʼminlab, davlat iqtisodini yuksaltirishga hissa qoʻshadigan faol tadbirkorlar kerak. Muhtaram Prezidentimiz “Bunday tadbirkorlar safini kengaytirish, jumladan, yuqori texnologiyalar, ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlariga asoslangan texnika va asbob-uskunalarni mamlakatimizga olib kelish va joriy etish uchun ularga munosib sharoitlar yaratish bizning birinchi galdagi vazifamiz boʻlishi shart” deya ularga har tomonlama imkoniyatlar yaratilishini taʼkidlab oʻtdilar.
– Yurtboshimiz aytganlaridek, tadbirkor raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, yangi ish oʻrinlarini yaratib, faqat oilasiga emas, balki jamiyatga ham katta foyda, daromad keltira olishi kerak, – deydi tuman iqtisodiyot va hududni kompleks rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Rashid Salayev. – Faol tadbirkorlar safi koʻpaysa, iqtisodiy rivojlanish yanada ortadi. Bu yilgi tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan Davlat dasturiga muvofiq, qator loyihalarni amalga oshirish moʻljallanmoqda. Bu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi turmush darajasini oshirish, sifatli, eksportbop mahsulotlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish koʻzlanmoqda. Oldin “Amudaryo paxta tozalash” hissadorlik jamiyatiga tegishli boʻlgan eski bino va inshootlar negizida kichik sanoat zonasini tashkil qilish maqsad qilinmoqda. Tayyor binolar tadbirkorlarga innovatsion gʻoyalar asosida yangi yoʻnalishlar tashkil etish, investitsiya kiritish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berilishi rejalashtirilmoqda.
Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish va innovatsion gʻoyalarni tatbiq etish maqsadida yirik loyihalar ishlab chiqilgan. Amalga oshiriladigan shunday loyihalardan biri “Qoraqalpoq kaolin” MChJ tomonidan umumiy qiymati 12 mlrd. soʻmlik kaolinni qayta ishlash tsexini tashkil etib, 60 ta yangi ish oʻrni yaratish, “Amudaryotex” xorijiy korxonasi tomonidan 22,1 mlrd. soʻmlik loyiha asosida pnevma ip kalavasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, 30 ta yangi ish oʻrni tashkil qilish moʻljallanmoqda. Xizmat koʻrsatish sohasida ham umumiy qiymati 1,54 mlrd. soʻmlik istirohat bogʻini tashkil etish boʻyicha ishlangan loyihani amalga oshirib, 15 yangi ish oʻrni yaratishni tumandagi “Qoʻshayev Raim” xususiy korxonasi oʻz zimmasiga olgan.
Bu loyihalar tuman iqtisodini yuksaltirib, aholi turmush darajasini koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etganligi bois, ularni amalga oshirishda yangicha yondashuv, yangi uslublarni joriy etishni tanlash kerak. Izlanish, yangi yoʻnalish yaratish orqali dunyo bozoriga chiqishga erishish, eskicha faoliyatdan voz kechish bugungi kun va davr talabidir.
Bugun innovatsiya har bir soha uchun muhim. Faol tadbirkorlik ham har bir sohada amalga oshirilishi kerak. Qoʻl mehnatidan koʻra, aqliy mehnatning koʻproq samara berishini anglab yetib, ilgʻor gʻoyalar hayotga tatbiq etilsa, rivojlanish yuksaladi. Demak, innovatsiyalar hayotni yanada farovonlashtirib, iqtisodiyotimizning yuksalishiga xizmat qiladi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶