KOʻNGILLARGA YOʻL TOPIShGA INTILAYoTAGAN ShOIRA QIZLAR
Qalbim taqozosiga koʻra deyarli har kuni adabiyotga oshnoman. Oʻzim faoliyat yuritayotgan “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi mushtariylari orasida ijodga, maʼnaviyatga shaydo insonlar, ayniqsa, ijodkor yoshlar juda koʻp. Havaskor shoir-u shoiralar, oʻzlarini nasrda sinab koʻrayotgan intiluvchan yigit-qizlar ijodi bilan tanishib baʼzan quvonib ketaman. Sababi, ularning orasida ijoddek mashaqqatli yoʻlni tanlab, dadillik bilan qalam tebratayotgan haqiqiy qobiliyat sohib va sohibalari borki, ularning yozganlarini zavq bilan oʻqib, goʻzal taasurotlar olaman. Qunduzoy Yusupova, Iroda Yerdosheva ana shunday yoshlardan.
Qunduzoy ayrim tengdoshlari kabi toʻrt-besh satrning qofiyasini keltirib sheʼr bitmaydi. U har bir soʻz, satr ustida erinmay ishlaydi. Oʻzi tasvirlayotgan mavzuni chuqur oʻrgangachgina yozishga oʻtiradi. Tashqi ishlar Vazirligiga qarashli Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyi 2-bosqich oʻquvchisi boʻlgan Qunduzoy qaysi mavzuda yozishidan qatʼiy nazar, uning fikrlarida teranlik, mulohazakorlik, oʻziga xoslik aks etib turadi. Xususan, “Diplomat”, “Sheʼr yozaman”, “Yurtim qizlari”, “Kasblar”, bolajonlarga atalgan “Botir bola” , “Obod oila” kabi sheʼrlarida yoshgina Qunduzoyning bolalarcha sodda va begʻubor koʻngli, shirin orzulari aks etib turadi. Beixtiyor shoira qizimizning maʼnaviy olamiga gʻarq boʻlganingizni sezmay qolasiz. Uning “Jonajon qishloq” deb nomlangan sheʼridagi mana bu satrlarga bir eʼtibor bering-a:
Dilim gʻashlanadi, oʻylarim tarqoq,
Balki sen sogʻinding yoʻlimga mushtoq.
Azim Toshkentda ham senga talpindim,
Axir oʻzing mening onamsan , qishloq!
Ona yurt, kindik qoni tomgan tuproq sogʻinchi, Vatanga cheksiz mehr-muhabbat tuygʻulari joʻsh urgan qalb ehtiromi, talpinishlari bor bu satrlarda. Cheksiz sogʻinch tuygʻusi shoira qalbida betakror manzaralar suratini chizadi.
Saharda kuylagan qushlar esimda ,
Madhingga baralla ashʼor aytadi.
Otash bagʻringni och, borgan kezimda,
Senda ungan guling senga qaytadi!
Bu Qunduzoyning kindik qoni tomgan tuproqqa mehri, ana shu mehr ila yuragiga oʻchmas qilib yozilgan Vatanparvarlik tuygʻusi, hech qachon uzilmas rishta!
Qunduzoyning sheʼrlari mavzusi har xil boʻlgani kabi uning fikrlari ham rang-barang, sheʼrlaridagi lirik qahramonlari esa oʻzi kabi sodda, samimiy va begʻubor.
Qunduzoy sheʼriyatda oʻz uslubini yaratib, oʻz yoʻlini topishga intilayotgan zukko, bilimdon qiz. Hali oʻsmir yoshidanoq ikkita sheʼriy risola – “Dadamning tilagi – baxtim chirogʻi”, “Sogʻinaman…sogʻinchim bisyor” toʻplamlarini nashr qildirishga ulgurganini hisobga olsak, Qunduzoyning intilishlari tahsinga, tabriklashga munosib.
Sheʼr-u shuur, shoirlik – ilohiylik,deydilar. Demak, ilohiy olamga, Allohga yaqin boʻlish, odamlar koʻnglini anglab, koʻngillarga yoʻl topib, umumning koʻnglidagi soʻzni aytib yashash, ijod etish hammaga ham nasib etavermaydi…
Qunduzoy Yusupova ana shunday qobiliyat sohibasi. Uning uchinchi sheʼriy toʻplami “Kurtak” shoira qizimiz qalbida kurtak yozib, gullamoqqa shaylangan orzular har bir sheʼriyat shaydosini befarq qoldirmaydi, balki Qunduzoyning sheʼriy mushohadalari dillarga goʻzal tuygʻularni baxsh etadi.
*

Sheʼr – koʻngil mulki. Uning sehri, jozibasi koʻngil koʻshkimizga nurafshonlik baxsh etadi. Ayniqsa, yaxshi sheʼr eshitganimizda, oʻqiganimizda uning sehri ogʻushiga singib ketamiz. Qalbimiz tozaradi. Atrofga boqib, sheʼrdan olgan taassurotlarimizning hayot bilan hamohang jihatlarini his etamiz.
Umidaxon Erdosheva menga yangi sheʼriy toʻplamining xomaki nusxasini olib kelib: “ustoz, mening yozganlarim boshqalarga manzur boʻlarmikan?” – deya qoʻlimga tutqazganida dilimdan: “hozir hamma shoir boʻlib ketgan, bir-ikki satrning qofiyasini toʻgʻrilaydi-da, sheʼr yozdim”, deb tahririyatlarga yugura”di..., bu qizaloq ham shulardan biri-da”, - degan fikr oʻtdi. Vaqtim boʻlganida Umida qizning sheʼrlarini qoʻlimga olib, shunchaki varaqlay boshladim. Va bu intiluvchan, tirishqoq qizning oʻziga xos olami borligiga, ana shu fikrat olami ichra qalam tebratib, ijodda oʻz soʻzini aytmoqqa moyillik ustunligiga ishonchim ortdi. Oddiygina misol:
Bogʻ ichidagi erni,
Yumshatayotgandi dadam.
Osilib belkurakka,
Yigʻladi birdan ukam.
- Jon dadajon, bunday qilmang,
Oʻlyapti-ku chuvalchang.
Oʻldirsangiz chuvalchangni,
Yaxshi koʻrmayman sizni...
Sheʼr bolalarcha begʻuborlik, soddadillik asosiga qurilgan va davomida ota oʻz farzandiga er agʻdarishning foydasi hamda chuvalchanglar bel tobida kesilib ketishi ularning yanada koʻpayishi uchun imkon ekanligini tushuntiradi. Bolalar qalbida tabiat bilan inson oʻrtasidagi azaliy uygʻunlik tushunchasini uygʻotuvchi oʻynoqi satrlar nafaqat bolalar, balki kattalarga ham zavq bagʻishlaydi. Dillarda ona tabiatga mehr, Vatanga muhabbat tuygʻusi joʻsh uradi.
Umidaxon oʻz ijod mahsuli – kitobini “Oʻzligingdan aylanay, oʻlkam” deb nomlabdi. Kitobning nomlanishida ham shoira, qizimizning yuksak didi, ona Vatanda roʻy berayotgan ulugʻvor oʻzgarishlarga nisbatan snchkov nazari, qalb harorati aks etganday nazarimda.
Qoʻlingizdagi sheʼriy risola shoiraning ikkinchi kitobi. Umidaxonning 2014-yilda “Turon zamin ziyo” nashriyotida chop etilgan birinchi sheʼrlar toʻplami “Oydin orzular”da shoira tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar bugun oʻz orzu manzili tomon dadil intilayotgan shoiraga tolmas qanot boʻlgulik uning ilk kitobi oʻz muxlislarini allaqachon topgan.
Umidaxon hali juda yosh. U endigina 16 yoshga toʻldi. Hali oldinda zabt etiladigan manzillari bisyor. Sheʼrlaridagi ayrim qusurlar – qofiyabozlik, soʻzlarni oʻz oʻrnida qoʻllay olmaslik, sheʼriy talablarning buzilishi kabi holatlar uning hali juda koʻp oʻqib-izlanishi zarurligiga ishora. Shunday boʻlsa-da, Umidaxonning katta ijod maydoni sari qoʻyayotgan qadamlariga dadillik tilab, uning kelajagiga ishongimiz keladi.
*

Olamni tanigan – oʻz dunyoqarashini orastalaydi, – deyishadi. Iroda Yerdosheva juda koʻp oʻqib, izlanadi. Mutolaa esa unga olamni tanish sari yoʻl ochdi, dunyoqarashi maʼnan boyidi, yaʼni orasta boʻldi. Yuragini junbushga keltirgan taassurotlari, atrofni qurshab turgan joʻshqin hayotdan olgan xulosalarini goʻzal tuygʻulari ila ziynatlab, sheʼriy satrlarga joyladi. 9-10 yashar qizaloq zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ishlashda, oʻqishda va jamoat ishlarida tengdoshlaridan ancha oʻzib ketdi. Uning pishiq-puxtaligi, yoshiga nisbatan ilgʻor fikrliligi, qiziquvchanligi, har bir voqea-hodisaga shaxsiy munosabat bildira olish qobiliyati bilim va isteʼdodini namoyon etish sari yoʻl ochdi. Uning ilk sheʼriy mashqini “Isteʼdod” deb nomlashida ham oʻz dunyoqarashi aks etib turganday:
Isteʼdod – havas emas,
U tinimsiz mehnatdir.
Shunchaki fazilatmas,
Balki zoʻr mahoratdir.
Mahorat – tarbiyadan
Kuch va quvvat oladi.
Fikr esa miyadan
Hayotga yoʻl oladi.
Iroda juda koʻp yozadi, oʻta sermahsul. Uning sheʼrdan-sheʼrga fikri yanada teranlashib, ijodda oʻz uslubiga ega boʻlish sari yoʻl ochsa ne ajab!
Iroda Yerdoshevaning ilk kitobi “Ona yurt qiziman” oʻz muxlislarini topishiga ishonaman.
Robiya Yoʻldosheva, Qoraqalpogʻiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶