ONA YuRT GʻAMXOʻRLIGIDAN MINNATDOR AYoLLAR
Ayol. U ishchimi, talabami yoki davlat idorasi xizmatchisimi, uy bekasimi – kim boʻlishidan qatʼiy nazar, barchalari birday davlatimizning mehr va gʻamxoʻrligidan chetda qolmaydi. Tumanimizda allaqachon boshlanib ketgan mehr-oqibat, yashnash va yasharish ayyomi – Navroʻz hayotiy tasodiflar, bemavrid kasalliklar tufayli nogiron boʻlib qolgan bir guruh ayollar uchun ham katta shodiyonalar boshlab keldi.
Navroʻz kunlarida ana shunday 15 nafar ayol-qizlarga nogironlik aravachalari topshirildi.
–Alloh suygan bandasiga dard beradi deyishadi, – deydi Nazarxon ovulida yashovchi Guliston Allayarova. – Toʻgʻrisi, bundayin ogʻir dardga chalinaman, deb hech oʻylamagan edim. Balki rostdan ham xastalik Allohimning bir sinovidir. Meni yaxshilar qatorida sinab koʻrayotgandir. Bundan hech xafa emasman. Ming-ming shukur. Qolaversa, atrofimda yaxshi insonlar koʻp. Menga bu kasallik tashxisini qoʻyishganida shifokorlar tizimli davolanish muolajalari taʼsirida sogʻayib ketishimni aytishgan. Men umid qilishdan hech qachon charchamayman.
Mana, Navroʻz bayrami arafasida menga nogironlik aravachasini sovgʻa qilishdi. Yonimda umr yoʻldoshim, oʻgʻlim, kelinim va nevaram bor. Tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshevdan, Tibbiyot birlashmasi boshligʻi Endirboy Abdullayevdan, ijtimoiy taʼminot boʻyicha mutaxassis Hamid Norboyevdan, qolaversa, tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedovadan cheksiz minnatdorman. To hayot ekanman, men ona, ayol sifatida farzandlarim va nevaralarimni ona Vatanga sadoqatli insonlar qilib tarbiyalashga oʻzimning hissamni qoʻshaveraman.
Navroʻz bayrami arafasida davlatimizning bunday gʻamxoʻrligidan minnatdor boʻlgan ayollar dilidagi ona Vatanga, el-u xalqqa boʻlgan samimiy mehr-muhabbat tuygʻularini yurak-yuragimizdan his etarkanmiz, nogironlik aravachasida koʻzlari chaqnab, hayotga joʻshqin nazar bilan boqayotgan bu aziz insonlarni aslo nogironlar deb atagimiz kelmadi. Zero, ularning barchasining qalbi olam uzra oʻz sepini yoyib, chor-atrofimizni gullar chamaniga aylantirayotgan bahor kabi yaratishga, yashnatishga mushtoq. Koʻngillarida bahorday ishchanlik, fidoyilik kayfiyati barq urib turibdi. Nazarimda ularning sogʻlom qalblarida ona yurtni yanada yashnatib yuborgulik qudratli kuch hokim. Bu ayollar ana shu qudratli kuch ila oilasini va demakki, ona Vatanini asrab-avaylashga qodir.
R.YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶