KOʻNGLI OBOD IJODKOR QIZ
Tangri insonlarni turli turmush qiyinchiliklari bilan toblab, mukammallikka yetishtiradi, deyishadi. Ha, hayotga bizning orzu-umidlarimiz emas, balki Yaratganning irodasi hokimdir. Bunday vaqtlarda shukur qilgan, koʻngan, Allohning inoyatidan umid qilganlar haqiqiy moʻʼmin va moʻʼminalardir...
Asli qoʻngʻirotlik Ergash Jumamurodov va tumanimizning Bobur nomli ovulida tugʻilib oʻsgan Nargiza Rajabovalar turmush qurib, toʻngʻich qizi Husnora bu dunyoga sogʻligʻida muammo bilan tugʻilganida, bir noʻnoq tibbiyot xodimi aybi bilan oyoqlarining tizzasidan pastki qismi harakatsiz boʻlib qolganida ham sabr qilishdi, tengqurlari qatori oʻynab-kulib ulgʻayishini istab malakali shifokorlarga davolatish uchun Toshkentga koʻchib ketishdi.
Husnora! Bolalarcha begʻuborlik, hayotga intilish porlab turgan koʻzlariga, masʼum chehrasiga qarab, uning hech kimdan kam emasligiga, aksincha, koʻpchilik havas qilgulik teran mushohadali, ilmga chanqoq va intiluvchan qiz ekanligiga guvoh boʻlasiz.
U Toshkent shahridagi 179-sonli maktabda yakka tartibda taʼlim oldi. Har kungi dars mashgʻulotlarini aʼlo darajada oʻzlashtirib borish barobarida ota-onasi olib bergan badiiy adabiyotlarni zavq bilan oʻqidi. Ularning taʼsirida oʻn yoshidan boshlab sheʼrlar yoza boshladi. Ilk sheʼri 4-sinfda oʻqib yurgan chogʻlarida “Gulxan” jurnalida bosilib chiqdi, “Gʻuncha”, “Bilimdon” kabi bolalar nashrlarida yorugʻlikka chiqqan qator sheʼrlari ota-onasini, ustozlarini ulkan quvonchga belar edi. Sinfdosh doʻstlari uning sheʼrlari bosilib chiqqan gazeta-jurnallarni quvonib, oshiqib olib kelishardi.
Husnora Jalgʻasheva aʼlo xulqi va bilimlar bellashuvlarida yuqori natijalarga erishgani uchun bir necha bor maktab, Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmasining «Faxriy yorliqlari» bilan taqdirlandi.
2016-yilda “Jaholatga qarshi maʼrifat” nomli ijodiy ishlar tanlovida sheʼriyat yoʻnalishi boʻyicha Toshkent shahri maktablari oʻquvchilari orasida faxrli ikkinchi oʻrinni egallab, maxsus diplom, sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Xizmatchilik yuzasidan oʻtgan yili ularning oilasi Mangʻitga koʻchib keldi. Husnora hozir 40-sonli maktabning eng iqtidorli oʻquvchilarining biri. Sheʼr mashq qilishni kanda qilmayapti.
– Bor imkoniyatidan foydalanmay, yoshlik davrini yelga sovurib yurgan oʻsmirlar koʻp. Men ularga Husnoradan oʻrnak oling, hayotda oʻz oʻrningizni topishga intiling, degim keladi. Husnoraning oʻtkir qobiliyatiga oʻzim ham qoyil qolaman, – deydi uning oʻqituvchisi Gulnora Habibullayeva.
Yaqinda “Jayxun ilhomlari” NNT raisi Ahmad Nafasov bilan ijodkor-yoshlar – Aziza Madrahimova, Feruza Yoʻldoshevalar Husnora Jalgʻasheva xonadonida boʻlib, u bilan dildan suhbatlashdilar, sheʼrxonlik avjiga chiqdi, ezgu tilaklar bildirdilar, sovgʻalar berdilar. Ijodkorlar tashrifidan Husnoraning koʻngli shodliklarga toʻldi.
Yoshlardagi ilm, qobiliyat, yuksak qadrlanayotgan, yanada rivojlanishi uchun imkoniyatlar yaratilayotgan hozirgi davrda Husnora Jalgʻashevaning kelajagiga ulkan ishonch bildirib qolamiz.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶